Jahon | 10:40 / 01.03.2020
61331
7 daqiqa o‘qiladi

AQShda ilk o‘lim holati, Janubiy Koreya armiyani safarbar qilgan. Koronavirus bo‘yicha so‘nggi ma'lumotlar

AQShda 2019-NCoV koronavirusidan ilk o‘lim holati qayd etildi. Yangi koronavirus keltirib chiqargan Covid-19 epidemiyasi ko‘plab davlatlarni favqulodda choralar ko‘rishga va yirik tadbirlarni bekor qilishga undamoqda. Fransiya Parijda 5000dan ortiq kishi qatnashishi ko‘zda tutilgan yarimmarafonni bekor qildi, Italiya shimoldagi uchta shaharda karantin muddatini uzaytirdi.

Janubiy Koreya askarlari Tegu shahrini dezinfeksiya qilmoqda / AFP

Shanba kuni Janubiy Koreyada koronavirusdan zararlanganlar soni keskin o‘sdi. Ayni vaqtda mamlakatda virus yuqtirganlar soni 3,5 mingga yetgan va bu mamlakat bemorlar soni bo‘yicha Xitoydan keyingi ikkinchi o‘rinda turibdi. Hukumat virusga qarshi kurashga armiyani safarbar qilgan.

Harbiy xizmatchilar mamlakat janubi-sharqidagi Tegu shahrini dezinfeksiya qilish ishlarini amalga oshirishmoqda, ushbu shahar mamlakatdagi virus tarqalishi o‘chog‘i bo‘lgandi. Hukumat «Sinchxonchji» diniy sektasi a'zolarini virus tarqalishi manbai deb hisoblamoqda, ular mamlakatda virus tarqala boshlaganidan keyin ham Tegu ommaviy marosimlar o‘tkazishgan.

Juma kuni Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti koronavirusning global xavfini «juda yuqori» darajaga ko‘targandi. JSST bosh direktori Tedros Gebreyyeses agar virus tarqalishi oldi olinsa, epidemiya to‘xtatilishi mumkinligini ta'kidladi. U kasallikka qarshi vaksinalarning dastlabkilari bir necha hafta ichida chiqishini ma'lum qildi. «Dunyoda 20dan ortiq vaksina ishlab chiqilmoqda va bir qator dorilarning klinik tadqiqotlari olib borilmoqda», dedi u.

Jahondagi vaziyat
Yana ko‘plab davlatlar o‘z hududida koronavirusdan zararlanishning ilk holatlari haqida ma'lum qilmoqda. Xitoyning o‘zida esa virusdan zararlanish holatlari qayd etilishi o‘sayotgani yo‘q.

Xitoydan tashqarida virus tarqalishi ko‘rsatkichi

AQShning g‘arbiy shtatlari - Kaliforniya, Oregon va Vashingtonda - virusdan zararlanishning yana to‘rt holati qayd etilgan, lekin bu bemorlar boshqa davlatlardan kelganlar bilan aloqada bo‘lmagan.

JSST ma'lumotiga ko‘ra, AQShda koronavirusdan zararlanishning jami 62 holati tasdiqlangan.

Avstraliyada ham koronavirusdan ilk o‘lim holati qayd etildi. Undan «Daymond prinsess» kemasida bo‘lgan 78 yoshli erkak vafot etgan. Erkak va uning 79 yoshli rafiqasi bir haftacha avval koronavirus tarqalishi qayd etilgan kemadan evakuatsiya qilingan. 

Ayni vaqtda «yashil qit'a»da koronavirusga chalingan 25 kishi aniqlangan.

Bu orada Armanistonda koronavirusdan kasallangan birinchi kishi aniqlandi. Mamlakat bosh vaziri Nikol Pashinyan Facebook’da ma'lum qilishicha, bemor 28 fevralda Erondan rafiqasi bilan kelgan 29 yoshli erkakdir. 

Kim Chen In xalq armiyasining o‘quv mashg‘ulotlarini kuzatmoqda. Undan boshqa barcha harbiylar niqob taqib olgan. Foto: KCNA

Shuningdek, KXDRda virusdan zararlanish holatlari aniqlangani haqida tasdiqlanmagan ma'lumotlar paydo bo‘lmoqda. KXDR rahbari Kim Chen In infeksiya mamlakatga kirib kelishi og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirgan.

AQShda nimalar bo‘lmoqda?
Vashington shtatining King-Kaunti okrugida 19-NCoV koronavirusining AQShdagi ilk qurboni qayd etildi. Marhum 50 yoshda bo‘lgan, u so‘nggi vaqtlarda mamlakat hududidan tashqariga chiqmagandi.

Shtat gubernatori Jyey Insli koronavirus tarqalishi va AQShda undan ilk o‘lim holati qayd etilgani sababli shtat hududida favqulodda holat rejimi kiritilishini e'lon qildi. Gubernator davlat muassasalari va departamentlariga koronavirus tarqalishiga qarshi davlat resurslarini qo‘llash va barcha imkoni bor chorani ko‘rishni buyurgan. Bundan tashqari, rejim virusga qarshi kurashda shtat milliy gvardiyasini jalb etishni ko‘zda tutadi.

Avvalroq shtatda o‘rta maktab o‘quvchilari virusdan zararlangani haqida xabar tarqalgandi. Ayni vaqtda AQSh hududidagi virusdan zararlanganlarning 22 nafari mamlakat hududidan chiqmasdan va virusdan chalinganlar bilan aloqada bo‘lmagan holda virus yuqtirib olgan.

Kaliforniyada himoya vositalari zudlik bilan sotilib ketmoqda / EPA

Juma kuni Kaliforniya shtatining Santa-Klara shahri hukumati virus surunkali kasallikka chalingan bemor ayolda aniqlanganini ma'lum qilgandi. Ma'lum qilinishicha, u mamlakatdan tashqariga chiqmagan va virusdan zararlanganlar bilan aloqada bo‘lmagan.

Oregon shtatida Klakamas okrugida maktab o‘qituvchisining koronavirusni aniqlash bo‘yicha topshirgan testi natijalari ijobiy chiqqan.

Juma kuni prezident Donald Tramp demokratlarni koronavirus tarqalishi haqidagi xabarlarni siyosiylashtirishda aybladi. Janubiy Kaliforniyadagi mitingda chiqish qilgan prezident demokratlar tomonidan ilgari surilgan ochiq chegara siyosati amerikaliklar hayoti uchun xavf ekanini aytib o‘tdi. Uning fikricha, gap jamoatchilikni aldash to‘g‘risida bormoqda.

Koronavirus bilan bog‘liq boshqa voqealar:

  • Ayni vaqtga kelib koronavirus tasdiqlangan davlatlar soni 60ga yaqinni tashkil qilmoqda. Jahon bo‘ylab jami qurbonlar soni deyarli 3 ming nafar.
  • Butun dunyo bo‘ylab virusdan zararlanganlar soni 85 956 ming kishi, ularning aksar qismi Xitoyda, bu mamlakatda virus bemorlari soni 79 824 nafar, qurbonlar soni - 2870 kishi. 41 625 ming kishi sog‘ayib ketgan. 29 fevral kuni butun mamlakat bo‘ylab 573ta yangi kasallanish holati qayd etilgan, 35 kishi vafot etgan.
  • Britaniyada virusdan zararlanganlar soni 23 nafarga yetgan (so‘nggi qayd etilgan bemor virusni Britaniya hududida yuqtirgan).
  • Italiyada 1128 holat qayd etilgan, 29 nafar bemor vafot etgan.
  • Fransiyada bemorlar soni 100 nafardan oshdi, 2 kishi vafot etgan.
  • Eron shanba kuni virusdan zararlanganlar soni 593 nafarga yetgani, 43 kishi halok bo‘lganini ma'lum qilgandi. Ammo norasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, haqiqiy sonlar butunlay boshqacha. Bi-bi-si nashri mamlakat sog‘liqni saqlash vazirligidagi manbaga tayanib xabar berishicha, haqiqiy ahvol yashirilmoqda va aslida bugungi kunga kelib virus qurbonlari soni kamida 210 nafarni tashkil qiladi.
  • Juma kuni koronavirusdan ilk britaniyalik o‘lim topdi - bu «Daymond prinsess» kruiz layneri yo‘lovchilaridan biri edi.
  • Tailandda ham ilk o‘lim holati ro‘y bergan, virus qurboni 35 yoshli erkak bo‘ldi. 
  • Koronavirus sababli dunyo birjalari keskin yo‘qotishlarga uchramoqda. Yakunlanayotgan haftada jahonning 100ta yetakchi kompaniyasi (FTSE indeks) aksiyalari bahosi 18 foizga pastladi.

Mavzuga oid