Jamiyat | 15:07 / 01.03.2020
10367
3 daqiqa o‘qiladi

Oqdaryoda buzilayotgan devor va uy mashmashasi: MIB tomonidan ijro harakati olib borilgani ma'lum bo‘ldi

Ijtimoiy tarmoqlarda 28 fevral kuni Samarqand viloyati Oqdaryo tumanida aholi turar joylari yaqinida qurilgan qurilmani buzayotgan rasmiylar bilan bog‘liq videotasvir tarqaldi.

Unda ichki ishlar organlari xodimlari va fuqarolik kiyimidagi rasmiylar tiklangan devorlarni buzayotgani, qaysidir oila bunga qarshilik qilayotgani va yosh bolalarning qo‘rqib chinqirayotgani tasvirlangan. Mazkur video tarmoqda muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.

Ushbu videoda tasvirlangan voqea yuzasidan Majburiy ijro byurosi Samarqand viloyat boshqarmasi matbuot xizmati rasmiy munosabat e'lon qildi.

Unda aytilishicha, fuqarolik ishlari bo‘yicha Payariq tumanlararo sudining 24.10.2019 yildagi ijro varaqasiga asosan qarzdor Fayziyev Feruz Maxmanazarovich tomonidan Oqdaryo tumani Loyish shaharchasi, Yangiobod ko‘chasidagi noqonuniy ravishda egallab olingan 0,12 gektar yer maydonidagi o‘zboshimchalik bilan qurilgan 16 kv.m.dan iborat bino va 25 metr uzunlikdagi devorni qarzdor hisobidan buzish va yer maydonini avvalgi holatida qaytarish to‘g‘risidagi ijro hujjati 2020 yil 11 yanvarda MIB Oqdaryo tuman bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan.

Qarzdor F.Fayziyev ushbu ijro hujjati bo‘yicha qurilgan noqonuniy bino va devorni o‘zining hisobidan buzish va yer maydonini avvalgi holatiga qaytarish to‘g‘risida davlat ijrochilari tomonidan bir necha marta ogohlantirish olgan bo‘lishiga qaramasdan, hujjatning ijrosini ixtiyoriy ravishda bajarmasdan kelgan.

Shu sababli 26 fevral kuni tegishli tartibda tuman hokimligi, IIB, yer resurslari va davlat kadastri bo‘limi, tibbiyot birlashmasi, yong‘in xavfsizligi bo‘limi xodimlari ishtirokida majburiy ijro harakatlarini amalga oshirish davomida qarzdor F.Fayziyevning oila a'zolari va yaqin qarindoshlari tomonidan to‘sqinlik qilingani sababli ijro harakatlari qisman amalga oshirilgan. Qarzdor F.Fayziyev tomonidan ushbu noqonuniy qurilgan binoning buzilmay qolgan qismini ixtiyoriy ravishda, o‘z hisobidan buzishini bildirgani sababli ijro harakatlari boshqa kunga qoldirilgan.

«Ijro harakati davomida davlat ijrochilariga nisbatan javobgar hamda uning qarindoshlari tomonidan noqonuniy holatlar sodir etilmagan», deyiladi MIB munosabatida.

Mavzuga oid