Jamoat fondi tuhmat va haqorat uchun jinoiy javobgarlikni yengillashtirish bo‘yicha takliflar berdi
Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi tuhmat yoki haqorat uchun jurnalistga jinoiy javobgarlikni bekor qilishni, bunday holatlarda qo‘llanadigan jarimalar miqdorini keskin kamaytirishni hamda fuqarolar davlat xizmatchisini haqorat qilgan holatlarda og‘irlashtiruvchi jinoiy javobgarlikni bekor qilishni taklif etmoqda.
Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Jinoyat kodeksidagi tuhmat va haqorat bilan bog‘liq moddalarga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida takliflar bermoqda.
«Fuqarolik jamiyatining vakili sifatida Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi tuhmat yoki haqoratning har qanday shakli uchun ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazo bekor qilinayotganini to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi.
Shuningdek, fond tomonidan tashkil etilgan ishchi guruhdagi jurnalist va blogerlarning fikrlarini inobatga olib, tuhmat yoki haqoratga oid jinoiy javobgarlikni belgilash masalasi yuzasidan yana quyidagi takliflarni bildirmoqchimiz:
Bizning fikrimizcha, eng avvalo ommaviy axborot vositalari orqali tuhmat yoki haqorat qilganlik uchun Jinoyat kodeksida belgilangan alohida og‘irlashtiruvchi qismni chiqarib tashlash lozim. Hozirgi holatda OAV orqali qilingan tuhmat yoki haqorat to‘g‘ridan-to‘g‘ri jinoiy javobgarlikka tortish uchun asos bo‘ladi. Mazkur og‘irlashtiruvchi qismni chiqarib tashlab, jurnalistlar uchun dastlab jinoiy emas, balki ma'muriy javobgarlikni belgilash maqsadga muvofiq bo‘lar edi.
Ikkinchidan, amaldagi Jinoyat kodeksida tuhmat yoki haqorat uchun belgilangan jarima jazosi miqdorlari juda katta. Jumladan, umumiy holatda 44 mln so‘mgacha, og‘irlashtiruvchi holatda esa 133 mln so‘mgacha jarima belgilangan. Shu sababli mazkur jarima miqdorlarini keskin kamaytirish maqsadga muvofiq.
Uchinchidan, amaldagi qonunchilikda haqorat qilish jabrlanuvchini o‘z xizmat yoki fuqarolik burchini bajarishi munosabati bilan bog‘liq holda sodir etilgan bo‘lsa, bu og‘irlashtiruvchi band sifatida to‘g‘ridan-to‘g‘ri jinoiy javobgarlikka tortish uchun asos bo‘ladi. Lekin aksincha o‘z xizmat burchini bajarayotgan shaxslar boshqa fuqarolarni haqorat qilsa, bu dastlab ma'muriy javobgarlikni keltirib chiqaradi. Ushbu holat ijtimoiy adolat nuqtayi nazaridan qayta ko‘rib chiqilishi va mazkur kichik bandni chiqarib tashlash taklif etiladi», deyiladi Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi xabarida.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 13 dekabrdagi PQ-4551-sonli qarori asosida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tuhmat va haqorat uchun ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lgan jinoiy jazo turini tayinlashni bekor qilish yuzasidan takliflar ishlab chiqib, jamoatchilik muhokamasi uchun e'lon qilgan edi.
Mavzuga oid
20:58 / 04.11.2024
Sport sohasida korrupsiyaning oldini olish choralari kuchaytiriladi
07:02 / 29.06.2024
Jinoyat kodeksi yana bir javobgarlik bilan to‘ldirilyapti
12:29 / 30.05.2024
Sirdaryodagi “avtoterrorchi” voqeasi: haydovchining harakatlarida odam o‘ldirishga suiqasd tarkibi bor
17:12 / 16.10.2023