Afg‘oniston: AQSh harbiylarini olib ketmoqda, mamlakatda ikki nomzod prezidentlikka qasamyod qilgan
Qo‘shma Shtatlar «Tolibon» harakati bilan tinchlik bitimi doirasida o‘z qo‘shinlarini Afg‘onistondan olib chiqishning birinchi bosqichini boshladi.
Birinchi bosqichda Vashington o‘z harbiylari miqdorini kamaytirishni rejalashtirgan. 28 fevral kuni Dohada imzolangan bitimga ko‘ra, keyingi 4,5 oy - 135 kun ichida Afg‘onistondagi amerikalik harbiylar soni 13 mingdan 8,6 ming nafarga tushiriladi.
Toliblar kelishuvga to‘liq rioya qilishsa, amerikalik harbiylar 14 oy ichida Afg‘onistonni to‘liq tark etishi lozim.
Afg‘oniston hukumati «Tolibon» harakati bilan kelishuvni imzolash jarayonida ishtirok etmagan.
Mamlakat prezidenti Ashraf G‘ani avvalroq kelishuvning bir shartini bajarmasligini aytgandi - bu «Tolibon»ning asirlikdagi a'zolari muzokaralar oldidan qo‘yib yuborilishi bilan bog‘liq shart edi. Ammo dushanba kuni Afg‘oniston prezidenti bu haftada qamoqdagi mingdan ortiq asirlarni ozod qilish to‘g‘risidagi farmoniga imzo chekishi mumkinligi haqida gapirdi.
Vosita va vakolat
O‘tgan haftada toliblar Hilmandda afg‘on armiyasiga uyushtirgan hujumga javoban AQSh aviatsiyasi havo zarbalari yo‘llashi «Tolibon» bilan kelishuv taqdirini xavf ostida qoldirgandi.
Ammo dushanba kuni «Tolibon» qarama-qarshilikni to‘xtatishga chaqirdi, shundan keyin Afg‘onistondagi Amerika qo‘shinlarining (USFOR-A) rasmiy vakili polkovnik Sonni Leggett AQSh harbiylarni olib chiqishni boshlashini e'lon qildi.
Shu bilan birgalikda, Leggett Afg‘onistonda qolayotgan amerikalik harbiylar IShID va «Al-Qoida» terrorchilik guruhlariga qarshi aksilterror amaliyotlarini davom ettirishi va Afg‘oniston xavfsizlik kuchlariga ko‘mak ko‘rsatishini aytgan.
«Vazifalarimizni bajarish uchun zarur bo‘lgan barcha harbiy vositalar va vakolatlarimiz bor», degan u.
Toliblar bilan kelishuvda quyidagilar ko‘zda tutilgan:
- Agar toliblar kelishuv shartlariga amal qilishsa, AQSh 14 oy ichida o‘z qo‘shinlarini olib ketadi
- Kelishuv imzolanganidan keyin toliblar va afg‘on hukumati o‘rtasida muzokaralar boshlanishi kerak
- «Tolibon» o‘z a'zolaridan hech kimga Afg‘oniston hududida AQSh va uning ittifoqchilari xavfsizligiga daxl qilishga yo‘l qo‘ymaydi
- 10 martga qadar AQSh va Afg‘oniston hukumati 5 ming mahbusni, «Tolibon» ham ming mahbusni qo‘yib yuboradi.
Amerikalik harbiylar Afg‘onistonni tark etayotgan vaqtda mamlakatda ikki tomonlama tinchlik muzokaralari kelajagiga ta'sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan voqealar bo‘lib o‘tdi. Dushanba kuni o‘tgan yilning sentyabrida o‘tkazilgan prezidentlik saylovlari yakuni bo‘yicha ikki nomzod ham o‘z inauguratsiya marosimini o‘tkazdi.
Ikki inauguratsiya va saylovlarning ikki «g‘olibi»
Afg‘oniston saylov komissiyasi saylovda amaldagi prezident Ashraf G‘ani kichik farq bilan g‘alaba qozonganini ma'lum qilgan, ammo uning muxolifi, mamlakat bosh vaziri Abdulla Abdulla ham o‘zini g‘olib deb e'lon qilgan hamda G‘anining tarafdorlarini saylov natijalarini soxtalashtirishda ayblagan.
Afg‘oniston Mustaqil saylov komissiyasi fevral o‘rtalarida prezidentlik saylovlaridan deyarli besh oy vaqt o‘tgach 28 sentyabrda bo‘lib o‘tgan muhim siyosiy jarayonning yakuniy natijalarini e'lon qilgan va Muhammad Ashraf G‘ani g‘olib deb topilgandi. Komissiya ma'lumotlariga ko‘ra, G‘ani 50,64 foiz ovoz to‘plagan, Abdulla Abdulla uchun esa 39,52 foiz saylovchi ovoz bergan.
9 mart kuni Ashraf G‘anining inauguratsiya marosimi o‘tayotgan Arg saroyi yaqinida portlashlar yuz berdi. Keyinroq ichki ishlar vaziri avtomobilda o‘rnatilgan minomyotdan 4ta snaryad otilgani, natijada bir nafar politsiyachi jarohatlanganini ma'lum qildi. Bu hujum uchun javobgarlikni IShID o‘z zimmasiga oldi.
Ekspertlarning ogohlantirishicha, ikki siyosatchi o‘rtasidagi ziddiyat hukumatning Afg‘oniston masalasidagi muzokaralardagi pozitsiyasiga ta'sir ko‘rsatishi mumkin.
AQSh prezidenti ma'muriyati bu bahsda Ashraf G‘anini qo‘llagan va uning muxolifini «parallel hukumat tuzishga urinish»da ayblagan.
«Mamlakat kelajagi, xususan, hududda tinchlik o‘rnatilishi uchun Afg‘onistonni birlashtirish va siyosiy jihatdan muvozanatli hukumat tuzish muhimdir», dedi AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo.
AQSh 2001 yil 11 sentabr voqealaridan bir necha hafta o‘tgach «Al-Qoida» harakatiga qarshi kurash olib borish uchun Afg‘onistonga bostirib kirgandi.
Amerikaliklar olib borgan harbiy kampaniya natijasida «Tolibon» hokimiyatdan chetlatilgan, ammo harakat mamlakat shimolida katta hududda o‘z ta'sirini saqlab qolgan, 2018 yilga kelib toliblar mamlakatning uchdan ikki qismini egallab olishgandi.
Afg‘oniston urushida 2,4 mingdan ortiq amerikalik harbiy halok bo‘lgan.
Mavzuga oid
17:13 / 25.12.2024
O‘zbekiston Afg‘oniston aholisiga insonparvarlik yordami va «Salomatlik» poyezdini jo‘natdi
17:10 / 25.12.2024
Pokiston Afg‘onistondagi nishonlarga havodan zarba berdi
18:20 / 18.12.2024
O‘zbekiston 2025 yilda ham Afg‘onistonga elektr energiyasini yetkazib beradi
17:52 / 07.12.2024