O‘zbekiston | 11:56 / 10.03.2020
12444
4 daqiqa o‘qiladi

Xususiy bandlik agentliklari faoliyati tugatilmaydi. Qonunchilikka jiddiy o‘zgartirishlar kiritilmoqda

Foto: 123RF

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga O‘zbekiston Respublikasi “Xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risida”gi Qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi Qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

Loyihaga ko‘ra amaldagi qonunning 13-moddasi (Xususiy bandlik agentliklarining O‘zbekiston Respublikasidan tashqaridagi ishni qidirayotgan shaxslarni ishga joylashtirish bo‘yicha xizmatlari) ikkinchi qismi chet elda ishni qidirayotgan shaxslarni ishga joylashtirish bo‘yicha ko‘rsatilgan xizmatlar uchun to‘lovlarni ish beruvchi yoki buyurtmachi hisobidan amalga oshirish tartibini nazarda tutuvchi yangi xatboshi bilan to‘ldirilmoqda.

Shuningdek, kiritilishi kutilayotgan normaga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasidan tashqaridagi ishni qidirayotgan shaxslarni ishga joylashtirish bo‘yicha ko‘rsatilgan xizmatlar uchun to‘lovlar undirish taqiqlanadi.

Bundan tashqari, xususiy bandlik agentliklarining Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasida shakllantiradigan zaxira mablag‘lari miqdori ellik ming AQSh dollaridan bazaviy hisoblash miqdorining sakkiz ming besh yuz baravariga almashtirilmoqda.

Qonunning 14-moddasiga kiritilayotgan qo‘shimchaga ko‘ra xususiy bandlik agentliklari ishga joylashtirish sohasida axborot va maslahat xizmatlari ko‘rsatganlik uchun mijozlardan bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravaridan oshmagan miqdorda haq olish mumkin bo‘ladi.

Qonunning 15-moddasi yangi qismi bilan to‘ldiriladi va Xususiy bandlik agentligi tomonidan xizmatlar ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnoma Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining “labor-migration” dasturiy majmuasida real vaqt rejimida ro‘yxatdan o‘tkaziladigan bo‘ladi. Ro‘yxatdan o‘tmagan shartnoma haqiqiy emas deb topilishiga sabab bo‘ladi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga yana bir vakolat taqdim etilmoqda. Unga ko‘ra vazirlik xususiy bandlik agentliklari faoliyatini tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatini tekshirishlarni muvofiqlashtirish bo‘yicha vakolatli organni keyinchalik xabardor qilgan holda (moliya-xo‘jalik faoliyatiga aralashmasdan) tekshirish vakolatiga ega bo‘ladi.

Tekshirishlar jarayonida vazirlikning vakolatli vakillari xususiy bandlik agentliklarining hududlari va binolariga moneliksiz kirish, hujjatlar bilan tanishib chiqish, ulardan ko‘chirma nusxalar hamda mas'ul xodimlardan faoliyatga doir masalalar bo‘yicha og‘zaki va yozma tushuntirishlar olish huquqiga ega bo‘ladi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan joylangan ushbu loyiha shu yilning 24 martiga qadar muhokamada bo‘ladi.

Mavzuga oid