Jamiyat | 18:59 / 11.03.2020
16654
5 daqiqa o‘qiladi

Ishtixondagi aholi ko‘payib borayotgan chekka qishloqda shifokorlar kamayib ketayotganining boisi nima?

«Yaqin-yaqingacha bu yerda kattagina shifoxona bo‘lardi. Biz og‘ir-yengil dardimizga shu yerning o‘zida davo topardik. Hov, 30-35 kilometr masofadagi tuman markaziga borib yurmasdik. Bu bizga har tomonlama qulay edi, qo‘li kaltaroq odamlarga o‘zimizning muassasada davolanish malol kelmasdi...»

Bu — Ishtixon tumani «Qo‘rli» QFY Qayirma qishlog‘ida yashovchi bir guruh fuqarolarning dardi.

Darhaqiqat, Qayirma qishlog‘i Ishtixonning shunday nuqtasida joylashganki, o‘zlarining ta'biri bilan aytganda, «o‘gay». Ishtixonlikmiz deyishsa, tumanning chekkasida, qo‘shrabotlikmiz deyishsa, geografik jihatdan mazkur tumanga mansub emas.

Qayirma qishlog‘iga borganimizda haqiqatan ham bir paytlar kattagina hududga ega bo‘lgan, ammo bugun nurab borayotgan, ta'mirga muhtoj holga kelib qolgan binoga guvoh bo‘ldik. Shu yerda tuman tibbiyot birlashmasi rahbari o‘rinbosari Hamidulla Ko‘bayev vaziyatga izoh berdi.

Uning aytishicha, ayni vaqtda tuman TTBga qarashli «So‘g‘diyona 103» shoxobchasi 1992 yilgacha qishloq uchastka shifoxonasi bo‘lgan. 2006 yildan qishloq vrachlik punktiga aylantirilgan. O‘sha vaqtlarda 24 nafar tibbiyot xodimlari aholiga xizmat qilgan.

2017 yilga kelib prezident qarori bilan QVPlar optimizatsiya qilinib, uchta qishloq vrachlik punkti o‘rniga bitta tashkil etilgan. Sodda qilib aytganda, mazkur muassasa bugungi kunda «Mustaqillik» qishloq oilaviy poliklinikasining filiali hisoblanadi. Hozirgi vaqtda «So‘g‘diyona 103» shoxobchasi 6819 nafar kishiga xizmat ko‘rsatyapti. Shuningdek, tez tibbiy yordam xizmati ham tashkil etilgan.

Tabiiyki, QVP «So‘g‘diyona 103» shoxobchasiga aylantirilgach, shtatlar ham qisqarib ketgan. Shunga monand e'tibor ham filialdan ko‘ra QVPning o‘ziga ko‘proq qaratilgan. Bir vaqtlar bundayroq shifoxona maqomida bo‘lgan muassasaga o‘rgangan odamlar buni qabul qilolmagan, albatta.

Xususan, shu mahalla faxriylaridan biri Ismat Abdurahmonov muassasaning bugungi holatidan qoniqmasligini bildirdi.

«Bir vaqtlar ushbu muassasa yetmish o‘rinli kichikroq shifoxona maqomida bo‘lgan. Barcha sharoitlar bor edi, tajribali shifokorlar xizmat qilardi. Endi o‘ylang, aholi ko‘paygani sari imkoniyatlar yaxshilanishi o‘rniga aksincha, o‘sha vaqtdagi qulayliklar ham yo‘qoldi. Endi biroz og‘irroq bemor bo‘lsa, tuman markaziga olib borishimiz kerak. Bunga hammaning ham imkoniyati yetmaydi. Yomoni, og‘irroq bemorlar tuman markaziga olib borilgunga qadar vafot etgani kabi holatlar ham bo‘ldi», deydi I.Abdurahmonov.

Muassasa ichkarisini ko‘zdan kechirdik. Xonalar qishi bilan tuzukroq isitilmagani uchun zax hidi unnab qolgan, sovuq. Sobiq shifoxona maqomida bo‘lgan butun boshli muassasa huvillab yotibdi. Katta bir obektdan mutlaqo samarasiz foydalanilyapti. Aniqrog‘i, foydalanilmayapti. Sanoqli xonalar ham qo‘lbola, elektr pechlarda isitilmoqda.

«Filialni QVPga aylantirish bo‘yicha taklif ham berganmiz. Hozircha bo‘sh turgan uchta xonani ta'mirlab kunduzgi statsionar davolanish uchun foydalanib turish mumkin», dedi tuman tibbiyot birlashmasi rahbari o‘rinbosari H.Ko‘bayev.

TTB xo‘jalik ishlari mudiri Abdurazzoq Qurbonov ham kunduzgi statsionar davolanish uchun kerakli jihozlar, karavot va yumshoq jihozlar bilan ta'minlashga birlashmaning imkoniyati yetarli ekanligini ma'lum qildi.

Savol tug‘iladi: haqiqatan ham aholi shu yer obod bo‘lib, yana avvalgidek aholiga samarali xizmat qilishini taklif va talab qilayotgan ekan, nega buning imkoni yo‘q? Vaholanki, bir necha xonalar bo‘sh va zamonaviy eshik-romlari bilan tayyor holatda turibdi. Ko‘rinib turibdiki, odamlarning maqsadi ham hech bo‘lmaganda, ushbu xonalardan ikki-uchtasini ta'mirlab, sifatli tibbiy xizmat olish.

Muassasada ayni vaqtda bir nafar umumiy amaliyot shifokori va yetti nafar patronaj hamshira faoliyat ko‘rsatmoqda. Shunisi ma'lumki, bir necha yil avval bu yerda yigirmadan ortiq tibbiyot xodimlari mehnat qilishgan. Qishloq faxriysi Ismat ota haq. Chunki aholi ko‘paygani sari imkoniyat, tibbiy xizmat sifati yaxshilanish o‘rniga, teskarisi bo‘lmoqda. Shu holatning o‘ziyoq mantiqni yo‘qqa chiqaradi.

Hududda kamida qishloq oilaviy poliklinikasiga ehtiyoj bo‘lib, mutaxassis ham bu fikrni tasdiqlab turgan ekan, tayyor QVPni yo‘qotishdan maqsad nima edi?

Umuman, Ishtixon tumanining chekka bir hududida aholi talab qilayotgan sifatli tibbiy xizmatga ehtiyoj aslida qay darajada ekanini tuman mas'ullari, sog‘liqni saqlashga doir yuqori tashkilotlardan kutib qolamiz.

Isomiddin PO‘LATOV, Kun.uz muxbiri.
Tasvirchi: Faxriddin HOTAMOV.

Mavzuga oid