O‘zbekiston | 13:48 / 11.03.2020
10091
9 daqiqa o‘qiladi

Kun.uz’da yangi loyiha: «Nimaga erishdik?»

Kun.uz sayti yurtdoshlarimizdan kelgan murojaatlar, munozaralarga sabab bo‘layotgan mavzular yuzasidan maqolalar, jurnalistik surishtiruvlarni muntazam yoritib keladi. Maqolalar saytda e'lon qilinganidan keyin odatda yanada ko‘proq muhokamalar boshlanadi, turli-tuman fikrlar bildiriladi, kerakli choralar ko‘riladi.

Ammo har doim ham ko‘zlangan natijalarga erishiladimi? Maqolalar, jurnalistik surishtiruvlarda tilga olingan muammolar o‘z yechimini topadimi? Mutasaddi tashkilotlar buning uchun nimalar qilishmoqda?

Nomi dastlab g‘alati tuyilishi mumkin bo‘lgan «Nimaga erishdik?» deb nomlangan yangi loyiha orqali aynan shu savollarga javob topish niyatidamiz.

Demak, 2020 yilning o‘tgan ikki oyidagi eng ko‘p muhokamalarga sabab bo‘lgan jurnalistik surishtiruvlarning ayrim natijalarini tahlil qilib chiqamiz.

Yodingizda bo‘lsa, 11 fevral kuni «Qonunan taqiq yo‘q. Ammo umra uchun viza ololmayapmiz». Xususiy turfirmalarning vakillari sohadagi monopoliya zararlari haqida» sarlavhasi ostida maqola e'lon qilingandi. Unda umra vizasi olishda, bunday xizmatlarni taqdim etishda nodavlat turfirmalar duch kelayotgan muammolar batafsil yoritilgandi.

Qizig‘i, bu tasodifmi, yoki saytda chiqqan maqola sababmi, Din ishlari qo‘mitasi va O‘zbekiston musulmonlar idorasi tomonidan 11 fevral kuni Haj va Umra masalalariga oid matbuot anjumani uyushtirildi. Shuningdek, qo‘mita va idora ayni shu masalada Kun.uz savollariga batafsil javob qaytardi. Balki bu javoblardan kimdir qoniqmagandir, ammo Din ishlari qo‘mitasi va O‘zbekiston musulmonlar idorasining ochiqlik sari qadamini ta'kidlamay iloj yo‘q. Chunki bu tashkilotlardan uzoq yillar davomida ma'lumot olish ancha mushkul edi, endi hammasi ijobiy tomonga o‘zgarmoqda, deyish mumkin.

«Xatolik tufayli uyidan haydalgan fuqaro adolat istamoqda. Uyni esa Oliy sud o‘ziniki qilib olgan» deya nomlangan maqolada davlat organlari bir oilaning uy-joyini g‘ayriqonuniy yo‘l bilan tortib olgani, keyinroq bu uy O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi ixtiyoriga «belgilangan tartibda» o‘zlashtirilgani va bugungi kunda ham uy jabrdiydaga qaytarilmay kelinayotgani yoritilgandi.

Afsuski, tahririyat va keng jamoatchilik fuqaroga uning uyi qaytarilishi lozimligi haqida fikr yuritgan bo‘lsa-da Oliy sud uyni o‘z ixtiyorida qoldirishni afzal ko‘rmoqda.

Vaholanki, Fuqarolik kodeksining 985-moddasiga ko‘ra, g‘ayriqonuniy harakat (harakatsizlik) tufayli fuqaroning shaxsiga yoki mol-mulkiga yetkazilgan zarar, shuningdek yuridik shaxsga yetkazilgan zarar zararni yetkazgan shaxs tomonidan to‘liq hajmda qoplanishi lozim.

Yana bir jurnalistik surishtiruv yakunlari «Xonobod hokimi olimpiya chempioni shug‘ullangan 50 yillik og‘ir atletika zalini yana yopdi» sarlavhali maqolada yoritilgan, unda Andijon viloyatining Xonobod tumanida o‘z tarixiga ega og‘ir atletikachi o‘nlab chempionlar yetishib chiqqan atletika maktabi haqida so‘z yuritilgandi.

Xonobod tumani hokimi maqola yoritilgandan so‘ng shaxsan o‘zi bosh-qosh bo‘lib, sport zalini ta'mirlatib, og‘ir atletikachilarga qaytarish bilan birga ularning balansiga ham o‘tkazib berdi.

«Muborak hokimiga Oliy suddan yuqoriroq organ qarori kerak. Yoxud Javliyev bir yil keyingi voqealarni oldindan sezgan(mi?)» deb nomlangan yana bir maqolada yoritilgan muammo juda qiziq tarzda yakun topgan. Yana ham to‘g‘rirog‘i umuman yakun topmagan, desa ham bo‘ladi.

Maqolada Muborak tumani hokimligi Oliy sud fermer foydasiga hal qilgan ish ijrosini shunchaki e'tiborsiz qoldirib kelayotgani batafsil yoritilgan. Kulgili jihati shundaki, ijro o‘rniga tuman hokimi imzolagan javob xatida quyidagi so‘zlar bitilgan: «Oliy sudning 2019 yil 11 oktyabrdagi qarori ustidan yuqori lavozimli organ rahbarlari nomiga shikoyat arizasi jo‘natilganini ma'lum qilamiz». Ya'ni tuman hokimligi Oliy sud qarorini qasddan ijro qilmaslik va fermerning yerini qaytarmaslik uchun qandaydir yuqori organni izlamoqda.

Shu kabi boshqa maqolalarning keyingi taqdiri haqida videolavha va quyida keltirilgan jadval orqali ma'lumot olishingiz mumkin.

Mazkur loyihani muntazam davom ettirish, yoritilgan maqolalardan so‘ng muammolar yechimi bo‘yicha doimiy monitoring olib borish rejalashtirilgan.

2020 yil yanvar-fevral oylarida Kun.uz nashrida e'lon qilingan ayrim tanqidiy materiallar va ular bo‘yicha bildirilgan va bildirilmagan munosabatlar yuzasidan tahliliy jadval (yashil ranglardagi so‘zlarda havola mavjud)

E'lon qilingan sana Materail nomi Natija
3 yanvar Samarqandda «yerto‘lasida baliq boqsa bo‘ladigan dom» qulab tushishi mumkin Material e'lon qilingandan so‘ng tegishli idoralar tomonidan choralar ko‘rilib, muammo bartaraf etilgan.
3 yanvar

Shahrisabz tumanidagi yangi mahallada maktab yo‘q, uylardagi isitish qozonlari isitmaydi

Biror tashkilot tomonidan munosabat bildirilmagan. Natijasi noma'lum bo‘lib qolmoqda.
6 yanvar Qarshidagi ko‘p qavatli uy yerto‘lasidagi «botqoq»: muammo bartaraf etildi, savollar esa hamon ochiq Muammo tezkorlik bilan bartaraf etilgan.
28 yanvar Qoraqalpog‘istondagi ko‘rkam namozxona buzilishi mumkin. Tadbirkor uni saqlab qolishni so‘ramoqda Biror tashkilot tomonidan munosabat bildirilmagan. Natijasi noma'lum bo‘lib qolmoqda.
29 yanvar Fuqaro va tadbirkor «yemagan somsasiga pul to‘lamoqda». Qoraqalpog‘iston jinoyat sudining ajrimi adolatlimi? Oliy sud Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay'atining 30.01.2020 yildagi ajrimi bilan shu yilning 20 fevral kuni «Kobalt» mashinasi o‘z egasiga qaytarilgan
6 fevral Hazoraspdagi savdo kompleksi qachon ishga tushiriladi? Tadbirkorlar buni 7 yildan beri kutmoqda Biror tashkilot tomonidan munosabat bildirilmagan. Natijasi noma'lum bo‘lib qolmoqda.
fevral Xatolik tufayli uyidan haydalgan fuqaro adolat istamoqda. Uyni esa Oliy sud o‘ziniki qilib olgan Oliy sud o‘z munosabatida barchasi qonun doirasida amalga oshirilganini ma'lum qilgan.
25 yanvar G‘ijduvondagi mahalla ahli kollej maktabga aylantirilmaganidan norozi: nega prezident farmoni bajarilmadi? Biror tashkilot tomonidan munosabat bildirilmagan. Natijasi noma'lum bo‘lib qolmoqda.
2 fevral Monopoliyaning yana bir zararli oqibati: Samarqandda pul to‘lagan yuzlab xaridorlar avtosalondan mashinalarini ololmayapti Tanqiddan so‘ng Samarqanddagi avtosalonda mashinalar o‘z egalariga tarqatildi.
7 fevral Narpayda 20 yil muqaddam vafot etgan kishining uyiga maishiy chiqindi uchun to‘lov talabnomasi kelmoqda Murojaat muallifining muammosiga tegishli idoralar darhol munosabat bildirib, masala ijobiy hal etilgan.
10 fevral Oddiy sharoitlardan mosuvo nilobaliklar: Sariosiyoda ularga javob yozadigan emas, eshitadigan mutasaddilar kerak Muammo bo‘yicha senator, viloyat va tuman hokimi joyga borgan va munosabat berilgan.
8 yanvar Mirishkorda «ko‘rinmas odam!» – Pomuq qishlog‘idan kelgan murojaat izidan 10.01.2020 yilda o‘g‘rilar ushlangani haqida Qashqadaryo viloyati IIBning munosabati berildi.
18 yanvar Muborak hokimiga Oliy suddan yuqoriroq organ qarori kerak. Yoxud Javliyev bir yil keyingi voqealarni oldindan sezgan(mi?) Munosabat bildirilmagan. Natijasi noma'lum bo‘lib qolmoqda.
2 fevral Termiz tumani hokimligi xalqning haqini «yig‘latib» beradimi? O‘rganish jarayonida murojaatchining kompensatsiya puli to‘lab berildi. Aynan o‘sha qaror bilan buzilishga tushgan boshqa fuqarolarning qo‘shimcha murojaati bilan maqola tayyorlangandi. So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, qolganlarga ham tovon puli to‘lab berilgan.
15 fevral Xonobod hokimi olimpiya chempioni shug‘ullangan 50 yillik og‘ir atletika zalini yana yopdi Xonobodda mashg‘ulot zali yopilgan og‘ir atletikachilar joylariga qaytdi. Ularga Sport vazirligining anjomlari topshirildi.
31 yanvar Quvada ruxsatsiz metan «zapravka» qurilmoqda. Buni hokimlik ham to‘xtata olmayapti Muammo hal etilmagan.

Abror Zohidov, jurnalist, Dilshodbek Abduqodirov, huquqshunos, tasvirchi Abdusalim Abduvohidov.