Deputatlar va avtosanoatchilar savol-javobi: umidga arzirli voqeami yoki populizm?
Kecha Oliy Majlisdagi muloqot videosidan parchalar ijtimoiy tarmoqlarda aylanyapti. Deputat-u senatorlar va «O‘zavtosanoat» hamda UzAuto Motors vakillari o‘rtasida muloqot. Hammaning og‘zida bir gap - «deputatlar yorib yuborishdimi», «savollar bilan burchakka qadab qo‘yishdi-ku», «gap yo‘q»...
Ammo…
Avvalo, shuni aytish kerakki, bozor iqtisodiyoti sharoitida, deputatning yoki umuman kim bo‘lsa ham, biror kompaniyaga qarata «nega narxni oshirding?», «nega rivojlanmading?» deb savol berishi biroz kulgili. Hamma sohada ko‘p ishlatilsa-da, biznesda «insof», «milliy g‘urur» degan tushunchalar yo‘q – har qanday kompaniya o‘zi faoliyat ko‘rsatayotgan sharoitdan imkon qadar ko‘proq foyda qilishni ko‘zlaydi.
Agar milliy avtomashinalarimiz uchun ichki bozorda raqobat bo‘lganida, narxlarning oshishi bunaqa og‘riqli bo‘lmasdi, aholida boshqa ishlab chiqaruvchining mashinalarini sotib olish tanlovi bo‘lardi.
Umuman, mana shu avto ishlab chiqaruvchi kompaniyamizning o‘zi ham istagan paytida asosli yoki asossiz narx oshira olmasdi – hammasi bozor talabi va raqobatdan, muqobil mahsulotlarning narxidan kelib chiqib belgilanardi. Majburan rivojlanardi, majburan narxni tushirardi. Zarar qilsa, yopilib ham ketardi.
Deputatlar ta'biri bilan aytganda, «yaxshi ishlamayotgan», «rivojlanmayotgan», «xarajatlarni nazorat qila olmayotgan», «korrupsiyalashgan» kompaniyalar qayerdadir yashab kelayotgan bo‘lsa, bunga bosh sabab – o‘sha mamlakatda shunga yarasha sharoitning borligidir.
Ha, endi, agar UzAuto Motors uchun bozor iqtisodiyoti, erkin raqobat shartlari mavjud emas ekan, bu endi boshqa masala. Savollar hukumatga – Vazirlar Mahkamasiga va hatto deputatlarning o‘ziga bo‘lishi kerak.
Ya'ni biz deputatlarni terib qo‘yib, «nega bunday monopolistik sharoit yaratilib berilgani» haqida savol berishimiz kerak.
O‘tgan yili bir qator deputatlar televizorda chiqib, avtomashinalarga parda yoki tonirovka uchun jarimalar juda baland ekani haqida bong urishgan, ichki ishlar xodimlarini bunda ayblashgandi.
O‘shanda bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev juda to‘g‘ri e'tiroz qilgan: «Axir bu jarimalarni belgilagan parlament, ya'ni deputatlarning o‘zi. Avvalo, o‘zlaring chiqarayotgan qonunlarga qarashlaring kerak emasmi?»
Albatta, kecha juda yaxshi va to‘g‘ri fikrlar bildirgan deputatlarga qoyil qolish kerak, zo‘r gaplar aytildi, rahmat. Ammo manzil boshqa.
Aslida, deputatlar hukumat vakillarini terib qo‘yib, «Nega bojxona siyosatimiz mana shunday ajdarholarning paydo bo‘lishiga sabab bo‘lyapti?» deya, xuddi kechagi asoslarni keltirishganida, ko‘proq olqishga, biroz umidga arzirli voqea bo‘lardi.
Ungacha, bu – populizmdan boshqa narsa emas
Qahramon Aslanov
Mavzuga oid
17:50 / 19.12.2024
Abxaziya parlamenti oldida otishma yuz berdi. Bir deputat halok bo‘ldi
11:20 / 22.11.2024
“Qani deputatlar, nega qaramayapti?” - propan narxidan haydovchilar xavotirda
17:18 / 14.11.2024
Elektromobil bozorini qisish uchun oxirgi bir yilda nimalar qilindi?
20:33 / 13.11.2024