O‘zbekiston | 22:35 / 12.03.2020
33619
5 daqiqa o‘qiladi

«O‘zavtosanoat» vakillari bergan javoblarning biri ikkinchisiga zid» – deputat Doniyor G‘aniyev

UzAuto Motors avtomobillari narxi oshishi ortidan, 11 mart kuni parlament eshituvida avtomobilsozlik sohasi rahbarlari deputatlar savollariga javob berdi.

Deputat Doniyor G‘aniyev Kun.uz muxbiri bilan suhbatda berilgan javoblardan qoniqmaganini bildirdi.

«Meni qiziqtirgan narsa – nega faqat xaridorgir mashinalarning narxi oshib, savdosi sust bo‘lgan qimmat, asosan xorijdan import qilinib, O‘zbekistonda shunchaki yig‘ilayotgan Malibu, Tracker kabi avtomobillar narxi o‘zgarishsiz qoldirilganidir.

Chunki ular tadbir avvalida dunyo bozorida xomashyo va butlovchi qismlar narxining oshgani, valuta devalvatsiyasi narxlarni ko‘tarishga sabab qilib ko‘rsatilgandi.

Ularning javobidan kelib chiqadigan bo‘lsak, arzon mashinalarda ham, qimmatlaridayam bir xil ehtiyot qismlar ishlatiladi. Buyam valutaga kirib keladi. Ya'ni bu nazariya bo‘yicha hamma avtomobillarning narxi bir xilda oshishi kerak. Lekin amalda buning teskarisini ko‘ryapmiz.

UzAuto Motors vakillari bunga javoban qimmat mashinalarning narxini 2017 yilda oshirib bo‘lgandik, shuning uchun joriy yilda narxlarni oshirmadik, deb aytishdi. Bundan kelib chiqadiki, ular 2017 yilda narxlarni asossiz oshirishgan. Ya'ni o‘sha yili rasmiylar mashinalar narxini keragidan oshiq darajada oshirib yuborgan bo‘lib chiqyapti.

Umuman olganda, mutaxassislarning savollarga bergan javoblarining biri ikkinchisiga zid bo‘lib qolyapti», deydi u.

Doniyor G‘aniyevning aytishicha, «O‘zavtosanoat» va UzAuto Motors AJ vakillarining xorijga, jumladan, Rossiya va Qozog‘istonga eksport qilinayotgan milliy avtomobillarning narxi ichki bozordagidan arzon ekani haqidagi savollarga bergan javoblari biri-ikkinchisiga to‘g‘ri kelmaganini aytib o‘tdi.

«Mutaxassislardan biri narxlar bugungi kunda deyarli bir xil deb javob bersa, ikkinchisi aytyapti: «Eksportga chiqarilayotgan avtomobillarga chet eldagi xaridorlarning talabidan kelib chiqib qimmatroq komponentlar ishlatamiz, sifatli mahsulotlar qo‘yamiz. Ichki bozorda bunday bo‘lmagani uchun mahsulot va qo‘shimcha jihozlarning arzonrog‘ini qo‘yamiz».

Bundan kelib chiqib turibdiki, eksportga chiqarilayotgan avtomobilning ishlab chiqarish tannarxi ichki bozordagidan nisbatan anchagina qimmatga tushyapti.

Shundan kelib chiqib, xorijda sotilayotgan mashinalarning narxi o‘zimizdagidan sezilarli qimmat bo‘lishi kerak.

Holbuki, bular bergan ma'lumotga ko‘ra, xorijda va O‘zbekistonning ichkarisida sotilayotgan mashinalarning narxlari deyarli farq qilmaydi.

Rasmiylar so‘zlaridan xulosa qiladigan bo‘lsak, xorijda o‘zbek avtomobillari tannarxiga nisbatan arzonroq sotilyapti. Eksport qilinayotgan mahsulotlarda foydaning ozligi yoki zarariga sotilayotgani ichki bozorda sotilayotgan mashinalar qiymatiga qo‘shvorilmayaptimi, degan gumonlarni tug‘diradi.

Ehtimol, bu taxminim noto‘g‘ri bo‘lishi mumkin, lekin ularning javoblaridan keyin menda shunday xulosa qoldi», deydi deputat.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi a'zosi bo‘lgan Doniyor G‘aniyevga ko‘ra, UzAuto Motors strategiyasini o‘zgartirmasa, bu salbiy oqibatlarga olib kelishi, odamlar hatto qasddan mashina sotib olmay qo‘yishi mumkin.

«Avtomobillarning narxi oshishda davom etaversa, iste'molchilar norozi bo‘laversa, UzAuto Motors bundan to‘g‘ri xulosa chiqarmasa, u holda o‘rta va uzoq istiqbolda ularning savdolariga salbiy ta'sir qiladigan darajada o‘zgarish bo‘ladi.

Ya'ni xalqimiz qimmat bo‘lsa ham xorij avtomobillarini sotib olishga yoki UzAuto Motors’da ishlab chiqarilgan mashinalarni qasddan sotib olmay qo‘yishga o‘tishiyam mumkin», – deydi Doniyor G‘aniyev.

Mavzuga oid