O‘zbekiston | 12:18 / 12.03.2020
7858
3 daqiqa o‘qiladi

Qonunchilik palatasida yangi amaliyot joriy qilindi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi faoliyatida yangi amaliyot qaror topdi

Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi axborot xizmati

2020 yil 11 mart kuni o‘tkazilgan navbatdagi yalpi majlisda parlament tarixida ilk bor deputatlarning 2020 yil 27-29 fevral kunlari o‘z saylov okruglarida o‘tkazilgan uchrashuvlari yakunlari to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.

Shu yil fevral oyi oxirida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari o‘zi saylangan okruglarda bo‘lib, aholi bilan uchrashuvlar o‘tkazib, odamlarni qiynayotgan masalalarni o‘rgangan edi. Majlisda ana shu tahliliy-tanqidiy o‘rganishlar yakunlari bo‘yicha tayyorlangan axborotni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi cpikeri N.Ismoilov o‘qib eshittirdi.

Axborotda qayd etilganidek, o‘rganishlar jarayonida parlament a'zolari tomonidan qator uchrashuvlar tashkil etilib, fuqarolar qabuli o‘tkazildi. Xonadonlar va ijtimoiy soha obektlarida bo‘lgan deputatlar yoshlar, tadbirkorlik sub'yektlari vakillari bilan suhbatlashdi. Xususan, xalq noiblari 649 ta xonadonda bo‘ldi, 741 ta uchrashuv o‘tkazdi. Ularda 34 mingdan ziyod fuqaro, shu jumladan, 3,5 mingdan ziyod tadbirkor bilan bevosita uchrashuv va muloqotlar tashkil etildi. 356 ta ijtimoiy soha obekti faoliyati bilan tanishildi.

Uchrashuvlarda aniqlangan muammolarning ayrimlari joyida o‘z yechimini topdi. Tuman va shahar darajasidagi 920 ta, viloyat darajasidagi 416 ta masala deputatlar tomonidan mahalliy ijro hokimiyati bilan birgalikda hal etish choralari ko‘rilmoqda.

Qayd etilganidek, quyi palatadagi siyosiy partiyalar fraksiyalari tomonidan respublika darajasidagi tizimli 309 ta masalani parlament nazoratining parlament so‘rovi, parlament eshituvi, qo‘mita eshituvi, deputat so‘rovi kabi shakllaridan foydalangan holda bartaraf etish yuzasidan zarur chora-tadbirlar belgilab olindi. 

Masalan, O‘zLiDeP partiyasi fraksiyasi a'zolari joylarda uchrayotgan dolzarb tizimli muammolardan biri — yer-joy ajratish, kadastr xizmati bilan bog‘liq masalani tezkor ravishda parlament darajasida ko‘tarib chiqdi. 2020 yil 10 mart kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida o‘tkazilgan navbatdagi “Hukumat soati”da Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi mutasaddilarini “Yer maydonlarini tanlash va tadbirkorlik sub'yektlariga yer uchastkalarini ajratish, yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar, shuningdek, qishloq xo‘jaligida foydalaniladigan yer fondining samarali ishlatilishi bo‘yicha olib borilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi masala yuzasidan eshitib, muhokama qilishga erishdi.

Deputatlarning saylov okruglaridagi uchrashuvlari samaradorligini yanada oshirish maqsadida Qonunchilik palatasidagi boshqa partiyalar fraksiyalari ham o‘z majlislarida saylov okruglaridagi uchrashuvlar natijalarini muntazam muhokama qilib, aniqlangan muammo hamda kamchiliklarni bartaraf etish chora-tadbirlarini tizimli ravishda amalga oshirishga kirishmoqda, deyiladi parlament xabarida.

Mavzuga oid