O‘zbekiston | 13:18 / 12.03.2020
13008
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent shahar bosh me’mori: bosh reja qachon tasdiqlanishi hozircha ma’lum emas

Shu paytga qadar ham bosh reja bo‘yicha bir necha konsepsiyalar e’lon qilindi. Ammo ular talabga javob bermaganligi uchun qabul qilinmadi

Foto: LiveJournal

Toshkent shahar hokimligida hokimlikning qator mutasaddilari ishtirokida shahar faollari, OAV va blogerlar uchrashuv bo‘lib o‘tdi. 

Uchrashuvda Toshkent shahrining bosh rejasi qachon qabul qilinishi va taqdim etilishi masalasi ko‘tarildi. Bunga javoban poytaxt bosh arxitektori Nuriddin Sagatov shunday dedi:

– Shu paytga qadar ham Toshkent shahrining bosh rejasi bo‘yicha bir necha konsepsiyalar e’lon qilindi. Ammo ular talabga javob bermaganligi uchun qabul qilinmadi. Aniq muddatlar bo‘yicha hozircha javob berib bo‘lmaydi, bu borada qo‘shimcha ma’lum qilamiz. Toshkent shahrining bosh rejasi yangi o‘zgarishlarni, demografik jarayonni so‘nggi yangiliklarni qamrab olishi lozim. Toshkent shahri nafaqat poytaxt, balki aholisi eng tez o‘sib borayotgan hudud hisoblanadi, biz shuni ham hisobga olishimiz kerak. 

Eslatib o‘tamiz, Toshkent shahar bosh rejasining konsepsiyasi taqdim qilinishi bo‘yicha bir necha marta ma’lumotlar berilgan, keyinchalik muddatlar uzaytirilgandi.

Xususan, qurilish vaziri o‘rinbosari Shuhratxo‘ja Hoshimov 2019 yilning iyunida bosh reja konsepsiyasining kechikayotgani Toshkent shahar hokimligining muammosi ekanini aytgan, shu bilan birga bu ish jiddiyligi va uzoq vaqt talab qilishini ta’kidlagan holda, turk va ingliz kompaniyalari bilan hamkorlikda tayyorlanayotgan poytaxt bosh reja konsepsiyasi yaqin 1,5-2 oy ichida tayyor bo‘lishini bildirgandi.

Mavzuga oid