Turk quruvchisi: «Toshkentdagi uch qavatli yo‘l o‘tkazgich qurilishida 20-30 yil avvalgi loyihalardan foydalanilyapti»
Loyihaga jalb etilgan turk tadbirkorining fikricha, «bu loyiha dunyo standartlaridan ozgina orqada».
Toshkent shahridagi uch qavatli yo‘l o‘tkazgich qurilishi yakunlanish arafasida. Ko‘prik Navro‘z bayrami oldidan ochilishi kutilyapti.
Kun.uz muxbiri Yashnobod tumanida bo‘lib, O‘zbekistondagi birinchi uch pog‘onalik transport yechimi sanaluvchi muhandislik inshooti qurilishi bilan tanishdi.
«Ko‘prikqurilishloyiha» UK ko‘prik qurilish-ta'mirlash direksiyasi muhandisi Zafarbek Ahadovning so‘zlariga ko‘ra, ko‘prik yangicha texnologiyalardan foydalanib qurilmoqda.
«Ko‘prikning o‘ziga xos xususiyatlaridan biri – yangicha uslubda, yangicha texnologiyalardan foydalanilgani, Germaniya texnologiyalaridan foydalanib asfalt yotqizilganidir.
Shuningdek, tirgak devorlari monolit uslubda qurilayotgani bu obektning mustahkamligi hamda yaroqlilik muddatini oshirishga xizmat qiladi» – deydi muhandis.
Ammo loyihaga jalb etilgan turk tadbirkori Erjan Sherikning aytishicha, bu ko‘prik dunyo standartlaridan biroz orqada.
«Bu loyiha dunyo standartlaridan ozgina orqada. Dunyoda hozirda bu turdagi ko‘priklar yo‘q, ular sal boshqacha. Bundan-da yuqori standartdagi loyihalar mavjud.
Bu ham yaxshi, lekin biroz eskiroq texnika va eskiroq loyiha asosida. Bu loyihalar yana ham yaxshiroq bo‘lishi mumkin edi. Ayni o‘sha trafik, ayni o‘sha tezlikni ta'minlaydi. Lekin ko‘prikning ustunlari 20-30 yil avvalgi texnologiyalar asosida. Dunyoda bundan yaxshi texnikalar bor.
In shaa Alloh, vaqti kelib, O‘zbekiston sharoitlariga mos ravishda ularni ham joriy etishni niyat qilganmiz», – deydi Erjan Sherik.
Ma'lumot uchun, ko‘prik respublika budjeti mablag‘lari hisobidan, 140 milliard so‘mga qurilmoqda.
Ishlarning bosh rejasini «Boshtransloyiha» AJ ishlab chiqqan.
Qurilish 2018 yilda boshlanib, loyihaning barcha inshootlarini 2019 yil oxiriga qadar to‘la qurib bitirish va foydalanishga topshirish rejalashtirilgan edi.
Mavzuga oid
07:37 / 26.10.2024
Toshkent aeroporti yaqinidagi yangi yo‘l o‘tkazgich ishga tushirildi
08:53 / 28.09.2024
Xiva vokzali yonida yerosti yo‘l o‘tkazgichi barpo etiladi
09:00 / 09.09.2024
Toshkentda kuchli ta’sir qiluvchi dorilarni sotayotgan shaxs ushlandi
08:28 / 31.08.2024