Andijonda bir hafta ichida ikki marta shifokorlarga tajovuz qilindi. Malakali mutaxassislar sohani tark etmoqda
Tibbiyot xodimlariga tajovuz qilish holatlari davom etmoqda. Andijonda olti kun ichida ikki shifokor kaltaklangan. Bu safar pichoq bilan hamla qilingan.
Bundan ikki yil oldin shifokorga kimnidir qo‘l ko‘tarishi jamoatchilik o‘rtasida katta shov-shuvlarga sabab bo‘lar edi. Hozir esa unday emas. Sababi, bu singari hodisalar soni shu qadar ko‘payib ketdiki, oxir oqibat shifokorning ish vaqtida odamlar tomonidan kaltaklanishi oddiy holga aylanib qoldi. Shu yilning 29 fevral va 4 mart kunlari Andijon viloyatining ikki kasalxonasida ikki shifokor o‘z xizmat vazifalarini bajarayotgan vaqtda fuqarolar tomonidan do‘pposlangan. Ulardan biriga pichoq bilan xujum qilingan.
29 fevral kuni Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Andijon filiali travmotologiya bo‘limi qabulxonasida bemorning qarindoshi shifokorlarga o‘tkir tig‘li buyum bilan tashlanib, so‘ng pichoqni tibbiyot xodimiga qaratib otgani haqidagi videotasvirlar ijtimoiy tarmoqlarda ham tarqalib ketdi.
4 mart kuni esa Baliqchi tumanida fuqaro tez tibbiy yordam shifokorini kaltaklab, tan jarohati yetkazgan.
Biz har ikki hodisa yuzasidan voqea ro‘y bergan muassasalarda bo‘lib shifokorlar bilan suhbatlashdik.
Tajovuzdan so‘ng boshqa bir tajribali shifokor ishdan bo‘shab ketgan
Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Andijon filialining travmotologiya qabulxonasi bir kunda 200 nafardan ziyod bemorlarga xizmat ko‘rsatadi. Muassasa xodimlari 29 fevral kuni yuz bergan ayanchli holat, umuman oxirgi paytlarda ba'zi bemor va ularning qarindoshlari tomonidan tibbiyotchilarga tajovuz qilinishi shifokorlar ruhiyati, ish unumdorligiga salbiy ta'sir o‘tkazayotganini bildirishdi.
34 yillik ish tajribasiga ega yuz jarrohi Bahromjon Haydarov, o‘rta va kichik tibbiy xodimlar bilan suhbatlashdik.
“ - Oxirgi paytlarda shifokorlarni haqorat qilish, ularga qo‘l ko‘tarish kabi holatlari bizning muassasada ham juda ko‘p yuz bermoqda. 29 fevral kunidagi voqea tafsilotlariga to‘xtalsak, ayol kishi yuzida jarohati bilan kasalxonaga keldi. U eri urganini aytdi. Xodimlarimiz bemorga yordam ko‘rsatish bilan birga hodisa yuzasidan ichki ishlarga xabar berishini aytishgan. Shunda bemorning akasi “IIBga xabar bermaysanlar!” deb, vrachga tashlanib quvlayapti. So‘ng xodimimizga pichoq otgan. Yaxshiki, pichoq kimgadir sanchilib, tan jarohati yetkazmadi. Fuqarolar tan jarohati olib shifoxonaga murojaat qilingan har qanday holatda tibbiyot xodimlari ichki ishlar organining navbatchilik qismiga xabar berishi shart, bu qonun talabi axir. Tibbiyot institutida mutaxassis vrach yetishib chiqishi uchun 10 yil, tajribali xodimga aylanishi uchun esa ko‘plab yillar kerak bo‘ladi. Kechagi voqeadan keyin hamkasbimiz, tajribali shifokor Murodjon Qobulov, “ - Bunday sharoitda, o‘zimni xavfga qo‘yib ishlamayman”, dedi-yu, ariza yozib ishdan bo‘shab ketdi. Davlat tomonidan tibbiyot xodimlari yetarli darajada himoyaga olinmas ekan, tibbiyot hali ko‘p yo‘qotishlarni ko‘rishi mumkin”, deydi biz bilan suhbatda Bahromjon Haydarov.
Xodimlarimizni yaqinlari ishga jo‘natmay qo‘ymoqda
Filialdagi o‘rta va kichik tibbiyot xodimalarining ham ko‘plab dardlari yig‘ilib qolgan ekan. Ular ham o‘zlarining muammolari haqida gapirishdi.
“Muassasamizga kelayotgan ba'zi bemor va ularning yaqinlarining tibbiyot xodimlariga mensimay muomala qilishadi. Hujjat to‘ldirish uchun savollar bersak javob berishmaydi. Shunday insonlar borki, mashinalarda kelib, o‘z ota-onasini ko‘tarib tushirishga ham yordam berishmaydi. “Vazifangmi? Bajar. Shunga oylik olyapsan”, deyishadi”, deydi katta hamshira O‘g‘iloy Abdullayeva.
“Qachongacha bunday holat davom etadi? Kichik tibbiy xodimlarimizni janjallardan bezillab qolgani uchun qabulxonaga ishga qo‘yish ham qiyin bo‘lib ketdi. Xodimlarimizning xonadonidagilar bu yerdagi g‘alvalarni bilib, xavotirlanib yaqinlarini ishga jo‘natmay ham qo‘yyapti”, deydi bo‘lim bekasi Gulnora Bakirova
Zo‘ravon hibsga olingan
Bosh prokuratura bergan ma'lumotga ko‘ra 2020 yil 29 fevral kuni fuqaro X.M. Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Andijon filiali travmatologiya qabulxonasiga kelib, shifoxonaga yotqizilgan opasiga tibbiy yordam ko‘rsatilmaganligi vaji bilan xizmat vazifasini bajarayotgan shifokorlarni uyatli so‘zlar bilan haqorat qilib, bemorga yetarli darajada tibbiy muolajalar ko‘rsatilishiga to‘sqinlik qilgan.
Shuningdek X.M. shifoxona hamshirasidan opasiga tan jarohatlari yetkazilganligi haqida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilmaslikni talab qilib, ularni uyatli so‘zlar bilan haqorat qilib, shifokorlarning qonuniy faoliyatiga faol qarshilik ko‘rsatgan.
Mazkur holat yuzasidan Andijon shahar prokuraturasi tomonidan 10.03.2020 yilda Jinoyat kodeksining 219-moddasi (Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va fuqaro X.M. protsessual tartibida ushlangan.
Baliqchi tumanida shifokorning kaltaklanishi
Hodisa yuzasidan bizga jabrlanuvchi shifokor Rustamjon O‘rmonov murojaat qildi. U, 4 mart kuni Baliqchi tuman O‘rtaqo‘rg‘on MFY hududidagi tez tibbiy yordam shoxobchasida navbatchi bo‘lgan. Shu mahallada yashovchi Sh.M. qizini shoxobchaga antibiotik ukol qildirish uchun olib chiqadi. Shifokor bu muolaja ya'ni antibiotik ukol qilish va undan oldingi “proba” (antibiotikni sinab ko‘rish) amaliyoti tez tibbiy yordam shoxobchasida qilinmasligini aytgach, Sh.M. “Qizimga bir kori-hol bo‘lsa javob berasan”, deydi. So‘ng shifokor bilan janjallashib, yoshi oltmishni qoralagan R.O‘rmonovni yotqizib, tepkilab tashlaydi. Oqibatda, shifokor tuman shoshilinch tibbiy yordam bo‘limiga olib boriladi. Jabrlanuvchi bizga yuborgan murojaatida – bosh miya chayqalishi, chap qovurg‘aning ezilishi va siydik pufagining jarohat olishi tashxisi bilan davolanayotganini aytgan.
Biz Baliqchi tumanida bo‘lib, ShTYoB bo‘limiga kirganimizda, R.O‘rmonov shifoxonadan davolanib chiqib ketgan ekan. Yoshi katta shifokordan, kameramiz oldida uni haqoratlab shikast yetkazgan Sh.M. bilan bo‘lgan voqea yuzasidan so‘zlab berishini so‘ramadik.
ShTYoB bo‘limida uning kasallik varaqasi, tuman IIB tomonidan sud-tibbiy ekspertiza tayinlangani haqidagi ma'lumotlarni oldik.
Baliqchi tuman IIB boshlig‘i o‘rinbosari U. Po‘latov ayni paytda vrach R. O‘rmonovning arizasiga ko‘ra tan jarohati yetkazgan fuqaro ustidan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilayotganini ma'lum qildi.
Ming afsuski, bu mavzu Kun.uz mushtariylariga yaxshi tanish. Aynan saytimizda e'lon qilingan shu mavzudagi sarlavhalarning o‘ziyoq kishini hayratga soladi – “Surxondaryoda hamshira bemorning buvisi tomonidan kaltaklandi”, “Namanganda bemor qarindoshining tajovuzi oqibatida shifokor ko‘rish qobiliyatini to‘liq yo‘qotdi”, “Yosh yigit katta yoshli shifokorni kaltakladi”, “Sirdaryoda shifokorlar pichoqlandi”...
Ma'lumot uchun: 2017-2019 yillarda faqatgina shoshilinch va “tez yordam” tizimi shifokorlariga bemorlar va ularning yaqinlari tomonidan 262 marta zo‘ravonlik qilish, ularga tan jarohati yetkazish kabi noqonuniy harakatlar sodir etilgan. 2020 kelib so‘nggi 3 yildagi bunday holatlar soni 400 tadan oshgan.
Vaziyat shu darajada murakkablashib ketdiki, Prezident Shavkat Mirziyoyev parlamentga murojaatnomasida ham shifokorlarga nisbatan bo‘layotgan zo‘ravonlik holatlarini qattiq qoraladi.
Kimgadir tajovuz qilishga, ayniqsa vazifasini bajarayotga shifokorga nisbatan samosud uyushtirishga hech kimning haqqi yo‘q. Fuqarolarimiz insonlar salomatligi yo‘lida arzimagan maosh evaziga kun-u tun xizmat qilayotgan tibbiyot xodimlari mehnatini qadrlashi zarur.
KUN.UZ muxbiri Elmurod Ermatov
Tasvirchi – Ahrorbek Yoqubjonov
Mavzuga oid
11:09 / 08.11.2024
Andijonda kottejlar qurish uchun yer hujjatini rasmiylashtirib berish evaziga 230 ming dollar talab qilgan shaxs ushlandi
14:41 / 06.11.2024
5 sotix yerni fuqaroga rasmiylashtirib bermoqchi bo‘lgan ekologiya bo‘limi bosh inspektori 20 ming dollar bilan ushlandi
16:17 / 02.11.2024
Andijonda ishchidan alimentdan qarzini ushlab qolmagan fermer jarimaga tortildi
11:52 / 02.11.2024