Ikki kunlik hashar: Jizzax va Surxondaryo viloyatlarida eng ko‘p daraxt ko‘chatlari ekildi
Ikki kunlik hasharda Jizzax va Surxondaryo viloyatlarida eng ko‘p manzarali va mevali daraxt ko‘chatlari ekildi. Bu ko‘chatlarning soni 10 mingdan, respublika bo‘yicha 41 ming 500 tadan ortiqni tashkil qildi.
Joriy yilning 14−15 mart kunlari mahallalar, aholi turar joylari va boshqa qator tashkilot binolari atrofida «Obod yurt» umumxalq obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish xayriya hashari o‘tkazildi.
Hashar fondi vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlarda mehnat qilayotgan xodimlar tomonidan ixtiyoriy mablag‘lar to‘plangan va “Mahalla” xayriya jamoat fondining bankdagi hisobvaraqlariga o‘z tashabbuslariga ko‘ra o‘tkazilgan. Qolgan mablag‘lar esa kam ta'minlangan, boquvchisini yo‘qotgan oilalarga, ijtimoiy himoyaga muhtoj keksalarga, nogironligi bo‘lgan shaxslarga, yolg‘iz qariyalarga, pensionerlarga moddiy va ma'naviy yordam ko‘rsatish kabi tadbirlarga sarflangan.
“Bu yilgi hasharda manzarali va mevali daraxtlarni ekishga ko‘proq e'tibor qaratdik. Chunki daraxtlar sonini qancha ko‘paytirsak, nafas olayotgan havomiz shunchalik toza va to‘yimli bo‘ladi. Buning uchun turli xil ommaviy loyihalar ishlab chiqdik. Bundan asosiy maqsadimiz daraxt ko‘chatlarini ekishdan tashqari, o‘simlik dunyosini muhofaza qilish, shaharlarimizni obod qilish va ko‘kalamzorlashtirish hamda kelgusi avlodga ona tabiatni bundan-da go‘zal yetkazishda aholi va jamoatchilikning e'tiborini jalb qilgan holda, bunday ishlarda ishtirok etishga undash hisoblanadi”, dedi Toshkent shahar ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i Nodir Yunusov.
Hashar davomida jami 41 ming 500 dan ortiq daraxt ko‘chatlari ekilgan bo‘lib, uning asosiy qismini “kashtan” daraxtini (9125 ta) tashkil qildi. Bu daraxt ko‘chatlarining mablag‘lari “Meros” jamoat fondi tomonidan moliyalashtirilgan. Hasharchilarning asosiy qismini mahalliy aholi, volontyor yoshlar, faol soha xodimlari ishtirok etishdi. Xususan, Toshkent shahri bo‘yicha 18 mingga yaqin aholi qatnashishgan. Bundan tashqari hasharchilarning kayfiyati va ishtiyoqini ko‘tarish maqsadida Sergeli tumanida katta bayram tashkil qilindi. Unda san'atkorlar ishtirok etishdi va bayram ko‘tarinki ruhda yakunlandi.
Mazkur loyihalar doirasida ko‘chatlarni ekishdan tashqari ularni parvarishlash va monitoringi amalga oshiriladi. Bu borada “Meros” jamoat fondi ish olib boradi va har uch oyda ekilgan ko‘chatlarni monitoring qiladi.