Maktab ta'tili bo‘yicha batafsil izoh berildi
16 martdan O‘zbekistondagi barcha umumta'lim maktablari o‘quvchilari uchun ta'til e'lon qilindi. Bu haqda bugun, 15 mart kuni Vazirlar Mahkamasida bo‘lib o‘tgan brifingda Bosh vazir Abdulla Aripov ma'lum qildi.
«Bu bo‘yicha ancha oldin ish boshlangan. Bu ikki xil ko‘rinishda bo‘ladi. Hozir ta'til. Hisob-kitob qildik. Har bitta sinf uchun, masalan 5-sinf deylik, har bitta maktab uchun 55ta elektron ko‘rinishdagi o‘quv bloki kerak bo‘larkan.
Hozir tayyorgarlik boshlangan. Raqamli telekanallarimiz ko‘p. Bunday o‘quvlar kerak bo‘lsa, televideniyening kanallari orqali onlayn rejimda amalga oshiriladi» – deya hukumat rahbarining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Aripovga ko‘ra, o‘quv muassasalaridagi ta'til 2 hafta davom etishi rejalashtirilgan.
Onlayn darslar
Xalq ta'limi vazirligidan ma'lum qilishlaricha, o‘quvchilar ta'til paytida bilim olishlari uchun O‘zMTRK tarkibidagi telekompaniyalar bilan birga o‘quv dasturlarida rejalashtirilgan dars mashg‘ulotlarini televizion efirga uzatish uchun videodarslar tasvirga olinadi hamda efir vaqtlari ajratiladi.
Televizion videodars mashg‘ulotlarini tayyorlash va uni tasvirga olish bo‘yicha soha xodimlaridan iborat tashkiliy-ijodiy guruh tuziladi.
Videodarslar Xalq ta'limi vazirligining ijtimoiy tarmoqlaridagi kanallar va rasmiy veb-saytlarida, elektron axborot portallari (onlayn maktab) orqali ham namoyish etib boriladi.
Shuningdek, komissiyaning topshirig‘iga ko‘ra, maktablarda tozalik va dezinfeksiya tadbirlari kuchaytiriladi, ta'lim muassasalaridagi tibbiyot xonalarini zaruriy tibbiy asbob-uskunalar, zararsizlantiruvchi vositalar hamda dori-darmonlar bilan ta'minlanadi.
O‘qituvchilar faoliyatini davom ettiradi
XTV bergan ma'lumotga ko‘ra, tashkilotlar va ularning xodimlari ish tartibiga hech qanday o‘zgarishlar kiritilmagan.
«Shundan kelib chiqib, o‘qituvchilar o‘quvchilar uchun e'lon qilingan ta'til davrida o‘z faoliyatlarini davom ettiradilar. Bunda o‘qituvchilar bahorgi ta'til kunlariga rejalashtirgan ishlarini amalga oshirib, pedagogik yuklamalar doirasida faoliyat (misol uchun, metodologik va tayyorgarlik ishlari) yuritishadi, xodimlarning oilaviy sharoitidan kelib chiqib, zaruriyatga ko‘ra pedagogik yuklamalarini masofaviy tarzda bajarilishiga imkon beriladi.
E'lon qilingan ta'til davri uchun belgilangan yuqoridagi tartib mehnatiga soatbay haq to‘lanadigan xodimlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Shu bilan birga, ta'lim muassasalarining asosiy xodimlari O‘zbekiston Respublikasi Mehnat qonunchiligi doirasida xohish-istaklariga ko‘ra, belgilangan mehnat ta'tilining bir qismini olishlari mumkin», – deb ma'lum qildi vazirlik.
Ta'tilni o‘quvchilar qanday o‘tkazishi kerak?
Xalq ta'limi vazirligi huzuridagi Respublika ta'lim markazi ta'tilni mazmunli o‘tkazish bo‘yicha ota-onalar, o‘quvchi va o‘qituvchilarga tavsiyalar bilan chiqdi.
O‘qituvchilar har bir sinfda o‘tiladigan fanlar bo‘yicha o‘zlarining taqvim mavzu rejalarini ko‘rib chiqadi va ta'tilga qadar o‘tilishi kerak bo‘lgan yangi mavzular qolgan bo‘lsa, ularni o‘quvchilar uylarida darsliklardan mustaqil ravishda o‘rganib olishlari bo‘yicha tushuntirish beriladi.
O‘quvchilarga ta'til vaqtida:
- matematika, fizika, kimyo kabi asosiy fanlardan mustaqil ravishda misol va masalalar yechish;
- o‘qish, odobnoma, adabiyot va tarix fanlaridan mavzularni mustaqil ravishda va ota-onalari bilan birgalikda o‘qish, mavzular haqida oilada o‘zaro suhbatlashish va fikr almashish;
- xorijiy tillardan mustaqil ravishda lug‘atlar yodlash;
- qo‘shimcha ravishda badiiy kitoblar o‘qish;
- 10-11-sinf o‘quvchilariga kelgusida kirmoqchi bo‘lgan oliy o‘quv yurtining yo‘nalishiga qarab tegishli fanlardan qo‘shimcha tayyorlanish, ayniqsa barcha OTMlarga kirishda majburiy bo‘lgan O‘zbekiston tarixi, matematika va ona tili fanlarini takrorlash;
- ta'limiy elektron resurslardan (Khan Academy, Edu Market kabi resurslar) ko‘proq o‘rganish tavsiya etiladi.
Sinf rahbarlari va fan o‘qituvchilariga qo‘shimcha ta'til vaqtida o‘quvchilar va ularning ota-onalari bilan telefon orqali yoki messenjerlar yordamida bog‘lanish, ularga qo‘shimcha tavsiyalar berib turish vazifasi yuklatiladi.
O‘quvchilarni qo‘shimcha ta'tilga kuzatishda ularga doimo sog‘lom turmush tarziga va sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qilishi, qo‘llarni tez-tez sovunlab yuvib turishi, imkon darajasida odamlar ko‘p to‘plangan joylarga bormaslik haqida tushuntirish ishlari olib borilishi tavsiya etiladi.
Mavzuga oid
12:08 / 21.12.2024
Zagrebdagi maktabda pichoqli hujum: bir bola halok bo‘ldi, yaralanganlar bor
19:39 / 19.12.2024
Namanganda maktab direktori xizmat xonasini qimorxonaga aylantirdi
16:40 / 18.12.2024
Qishki ta’til vaqtida Toshkentdan Samarqand va Urganchga qo‘shimcha poyezdlar qatnovi yo‘lga qo‘yiladi
16:56 / 13.12.2024