O‘zbekiston | 10:55 / 17.03.2020
16595
4 daqiqa o‘qiladi

Oltinsoy tumani bo‘yicha hukumat qarori qabul qilindi

2020-2022 yillarda Surxondaryo viloyatining Oltinsoy tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari qabul qilindi

Foto: KUN.UZ

Vazirlar Mahkamasining “2020-2022 yillarda Surxondaryo viloyatining Oltinsoy tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Quyidagilarni o‘z ichiga oluvchi 2020-2022 yillarda Surxondaryo viloyatining Oltinsoy tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi tasdiqlandi:

Oltinsoy tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturining maqsadli parametrlari va moliyalashtirish manbalari;

sanoat, qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatish sohalarini rivojlantirish bo‘yicha investitsiya loyihalarining manzilli ro‘yxati;

yo‘l infratuzilmasini takomillashtirish, ichimlik va oqova suv, elektr energiyasi, tabiiy gaz hamda aloqa tarmoqlarini rekonstruksiya va modernizatsiya qilish bo‘yicha manzilli dastur;

ijtimoiy soha obektlarini yangidan qurish, infratuzilmani rivojlantirish, rekonstruksiya qilish va ta'mirlash bo‘yicha manzilli dastur;

irrigatsiya va melioratsiya tizimlarini yaxshilash bo‘yicha amalga oshiriladigan ishlar ro‘yxati;

ko‘p qavatli uy-joylarni ta'mirlash va atrofini obodonlashtirish bo‘yicha amalga oshiriladigan ishlar ro‘yxati;

samarasiz eskirgan uzumzorlar o‘rniga intensiv uzumzorlar tashkil etish dasturi;

samarasiz eskirgan bog‘lar o‘rniga yangi intensiv bog‘lar tashkil etish dasturi.

Quyidagilar Dasturni amalga oshirishning asosiy ustuvor yo‘nalishlari etib belgilandi:

tumanni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan yanada rivojlantirish, aholini, xususan, xotin-qizlar, yoshlar va kam ta'minlangan oilalarning bandligini ta'minlash orqali ularning daromadlari va turmush darajasini oshirish;

meva va sabzavot ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, samarasiz, eskirgan bog‘ va uzumzorlarni yangilash, agroklasterlar tashkil etish orqali qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash va ularning eksport hajmlarini oshirish;

yangi ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish, mavjud ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish orqali sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmlarini ko‘paytirish;

aholini tadbirkorlikka keng jalb qilish va oilaviy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish;

muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish, shu jumladan, ichki yo‘llarni va ijtimoiy soha obektlarini rekonstruksiya qilish va qayta ta'mirlash, aholining toza ichimlik suvi, tabiiy gaz hamda elektr energiyasi bilan ta'minlanganligi darajasini oshirish;

sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishni ko‘paytirish va ularni qayta ishlash darajasini oshirish ishlarini jadal rivojlantirish.

Suv xo‘jaligi vazirligi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi, Surxondaryo viloyati hokimligi bilan birgalikda Oltinsoy tumanining “Xidirsho” va “Obshir” mahalla fuqarolar yig‘inlari markaziga “Hazarbog‘” kanalidan 250-300 l/sek suv chiqarish quvvatiga ega yangi nasos stansiyasi qurish ishlarini xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobiga moliyalashtirish masalasini joyida o‘rganib chiqib, natijasi bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga asoslangan taklif kiritadi.

Surxondaryo viloyati hokimligi “Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki” aksiyadorlik jamiyati, “Asaka” va “Mikrokreditbank” aksiyadorlik tijorat banklari bilan birgalikda Oltinsoy tumanida tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish istagini bildirgan fuqarolar, shu jumladan, bog‘dorchilik va uzumchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklari hamda tadbirkorlik sub'yektlarining samarali faoliyat yuritishlari uchun bank va konsalting xizmatlarini ko‘rsatadigan bank xizmatlari ofislarini tashkil etish choralarini ko‘radi.

Mavzuga oid