Jamiyat | 18:05 / 17.03.2020
25695
8 daqiqa o‘qiladi

Sariq qishloqni kezib. Muborakdagi «qil ko‘prik» haqida

Muborakda ajoyib bir qishloq bor. Nomi ham ajoyib: Sariq qishloq. U yerda qishloqning o‘zi kabi ajoyib ko‘prik bor. Ko‘prik-ku ajoyib, ammo uning narigi tomoniga o‘tish jinday qiyinroq. Quyidagi hikoyamiz ana shu «qilko‘prik» haqida.

Foto: KUN.UZ

Bugun har sohada muammo yetarli. Yillar davomida yig‘ilib qolgan muammolarni esa qisqa muddatda hal qilishning iloji yo‘q. Shu sabab muammolarni yechishda avvalo ularning dolzarbligiga qarash kerakmikin... Masalan, 10 ta muammoni «joyiga chiqib o‘rganib» keyin tashlab ketgandan bitta katta muammoni hal qilgan tuzuk, bizningcha. Ana shunday yechimi dolzarb bo‘lgan muammolardan biriga Qashqadaryo viloyati Muborak tumanidagi Sariq qishloq aholisi duch kelgan.

Sariq qishloqda bugun 350ta xo‘jalikda 1 700 nafar aholi yashaydi. Qishloqning o‘rtasidan 50 yil avval kovlab ishga tushirilgan Qarshi magistral kanali o‘tgan. Bugun sariqliklar kanalning ikki tomonida yashaydi. Muammo shundaki, ushbu qishloq ikkiga ajralib qolgan bo‘lsa ham, uni o‘zaro bog‘laydigan avtomobillar uchun yo‘l o‘tkazgich yo‘q. Mashina o‘tib qaytadigan eng yaqin ko‘prik qishloqdan 4-5 kilometr uzoqda.

Qishloqdagi maktab, bog‘cha, savdo do‘koni kanalning bir tarafida joylashib qolgan. Qishloq aholisi har ikki tarafga o‘tib qaytishda kanal ustida hashar yo‘li bilan qurilgan eski osma ko‘prikdan foydalanayapti.

«Bu ko‘prik mutlaqo yaroqsiz, lekin narigi tomonga o‘tish uchun undan yurishga majburmiz. Bahorda kanal to‘lib oqqanida bolalarni maktabga yoki nimadir yumush bilan qishloqning narigi tomoniga jo‘natsak, yurak hovuchlab o‘tiramiz», deydi odamlar.

Mahallasi raisi Hamro Choriyevning aytishicha, ko‘prik o‘tgan asrning 70-yillarida sariqliklar tomonidan hashar yo‘li bilan qurilgan. 2019 yil bahorda kanalda suv ko‘payib «qilko‘prik»dan o‘tish imkonsiz bo‘lib qolgach, uning narigi tomonida yashaydigan o‘quvchilarga maktabdan bir hafta ta'til berishga majbur bo‘lishgan.

Ko‘prikning yog‘ochlari allaqachon yaroqsiz holga kelib bo‘lgan. Ikki yil oldin qishloq ahli chirigan yog‘ochlar ustiga eski shinalarning rezinasini qoplab, ko‘prikni qo‘lbola «kapital rekonstruksiya» qilishadi.

O‘ziga xos «rekonstruksiya» ham vaziyatni yaxshilamagan, ko‘prikning ahvoli juda xarob. Yetmaganiga juda xavfli ham. Uning ikki chetiga himoya sifatida simto‘siq tortilgan. Bugun ana shu sim to‘siqlarning aksariyat joyi sitilib, simlarning uchi chiqib turibdi. Ko‘prikdan yurganda u qimirlab odam muvozanatni yo‘qotishi va himoya to‘sig‘idan chiqib qolgan simlarga o‘ralashib qolishi hech gap emas.

Ota-onalarning aytishicha, bolalari ko‘prikdan o‘tayotib tez-tez qo‘li tilinib keladi. Bundan tashqari, suv to‘lib oqqan paytlarda ko‘prikni ushlab turgan ustunlar joylashgan yerning tuproq qatlamini yuvib ketgan, ko‘prik ustunlari omonat turibdi.

«Ushbu ko‘prik masalasini Muborak tuman kengashining 2-chaqiriq sessiyasida kun tartibiga qo‘ydik, ammo tuman budjetida ushbu ko‘prikni yangitdan qurib berish uchun mablag‘ yetarli emasligi ma'lum bo‘ldi.

Shundan so‘ng, Muborak tuman hokimligi, tuman xalq deputatlari kengashi bilan birgalikda viloyat hokimi Zoir Mirzayev nomiga ko‘prikni yangidan qurib berish uchun viloyatdan mablag‘ ajratishda yordam berishini so‘rab xat yozdik. Endi o‘sha xatimizga ijobiy javob kutyapmiz»,— deydi shu hududdan tuman xalq kengashiga deputat etib saylangan Abram Davronov.

Sariq qishlog‘idan qaytar ekanmiz bir holat e'tiborimizni tortdi: qishloqning bir nechta ko‘chalariga yangitdan qum to‘kilgan, so‘ng ko‘cha chetidan chuqur kovlanib tuprog‘i ko‘chaga chiqarib tashlangan. Oqibatda ko‘chaga to‘kilgan qum ustini tuproq qoplab ko‘cha loyga botgan.

Sariq qishloq fuqarosi Obid Xudoyberdiyevning aytishicha, qishloq 2019 yilda «Obod qishloq» dasturiga tushgan va o‘sha dastur bo‘yicha ko‘chalar tekislanib qum to‘kib berilgan. Ammo yilning oxiriga kelib qishloqni toza ichimlik suvi bilan ta'minlash uchun qum to‘kilgan ko‘chalarning cheti kovlanib, tuproq ko‘chaga tashlangan, buning oqibatida epaqaga kelib qolgan ko‘cha yana loyga botgan.

Qishloq aholisini toza ichimlik suvi bilan ta'minlash o‘tgan yil «Obod qishloq» dasturida bo‘lgan. Mablag‘ yetishmovchiligi tufayli bu ish qolib ketgan. Pul masalasi dekabr oyiga kelib hal bo‘lib ishlar boshlangan va suv quvurlari yotqizish uchun chuqur kovlangan. Ammo pulning hammasi o‘tkazib berilmagani uchun ishlar to‘xtab qolgan. Qishloqliklar loyga botib yurishga, chuqurlar ustidan sakrab o‘tishga majbur. Chuqurni ko‘may deyishsa, unga hali quvur yotqizilmagan. Odamlarning aytishicha, 2019 yil «Obod qishloq» dasturiga ko‘ra jami 2,5 kilometr yo‘l asfalt qilinishi belgilangan, ammo bu ish bajarilmagan.

Sariq qishlog‘idagi «Obod qishloq» dasturi bo‘yicha chala ishlar haqida izoh olish uchun Muborak tuman hokimining qurilish ishlari bo‘yicha o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Sherzod Mehmonov bilan bog‘langanimizda u Sariq qishlog‘ida o‘tgan yil «Obod qishloq» dasturi bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirilganini, chala qolgan ishlar joriy yilda bitirilishini aytdi.

Mehmonov ham ko‘chalar qazib tashlanganiga sabab qilib o‘tgan yil qishloqqa ichimlik suvi olib kelish reja qilinganini, ammo mablag‘ yetishmay ish to‘xtab qolganini keltirdi.

Sariq qishloq yo‘llarining asfalt qilinmaganiga ham izoh bergan hokim o‘rinbosarining aytishicha, «Sariq» MFY tarkibida to‘rtta qishloq bor va «Obod qishloq» dasturi birgina Sariq qishlog‘ini emas, balki «Sariq» MFY tarkibidagi barcha to‘rtta qishloqni qamragan. Shu sababli asfalt yo‘l ham Sariq qishlog‘ida emas, «Sariq» MFYdagi boshqa qishloqlar ko‘chasiga yotqizilgan.

Ammo hokimlik bizga taqdim etgan ma'lumotda asfalt yo‘l «Sariq» MFY dagi boshqa qishloqqa emas, balki aynan Sariq qishloq ko‘chalariga yotqizilgani ko‘rsatilgan. Hujjatda ham «Sariq» MFY emas, balki «Sariq qishloqda amalga oshirilgan ishlar» deb ko‘rsatilgan.

Umid qilamiz, Sariq qishlog‘i aholisi duch kelayotgan ko‘prik muammosi, shuningdek, o‘tgan 2019 yildagi «Obod qishloq» dasturidan chala qolib ketgan ishlarga tuman mutasaddilari o‘z e'tiborini qaratib aholini qiynayotgan muammolarni hal qilish choralarini ko‘rishadi.

G‘ayrat Yo‘ldosh

Mavzuga oid