Fuqarolardan karantinda uyda qolishga bo‘lgan chaqiriqlarni masxara qilmaslik so‘raldi
Butun dunyo shifokorlari koronavirus epidemiyasi sababli ijtimoiy tarmoqlarda odamlarni karantin vaqtida uyda qolishga chorlovchi fleshmob e'lon qilishgan, o‘zbekistonlik shifokorlar ham ushbu fleshmobga qo‘shilishgan edi. Keyinchalik ichki ishlar organlari va Milliy gvardiya xodimlari, boshqa sohalarning vakillari ham fuqarolarni karantin talablariga rioya etishga chaqirgani aks etgan suratlar tarqalgan edi.
Toshkent shahar IIBB bergan ma'lumotga ko‘ra, o‘zbekistonliklar orasida mazkur xayrli ishni masxara qilayotgan, hazil qilaman deb boshqalarning huquqlarini poymol qilayotganlar ham uchrab turibdi. Toshkent shahar IIBB axborot xizmati rahbari Irina Sayfuddinovaning aytishicha, o‘z burchini ado etayotgan shifokorlar, karantin davrida o‘zbekistonliklarni uyda bo‘lishga chaqirgan fleshmob suratlari fotoshop orqali o‘zgartirilib, ijtimoiy tarmoqlarda, Telegram’dagi turli kanallarida tarqatilmoqda.
“Afsuski, ayrim fuqarolarimiz bu harakatlarning oqibatini anglab yetishmayapti. Rasmiy manbalardan shifokor yoki xodimning fotosuratlarini olgandan so‘ng, mas'uliyatsiz fuqarolar suratdagi yozuvni o‘zgartiradilar va Internetga joylashtiradilar. Agar suratlardagi so‘zlar mazmuni masxaraomuz tarzda o‘zgartirilmaganda, buning oqibatida surat mualliflari ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining ta'na-dashnomlari, haqoratlariga duchor bo‘lishmas edi. Internetda tarqatilayotgan bunday postlar odamlarning g‘azabini qo‘zg‘atmoqda, salbiy sharhlar uchun zamin yaratmoqda, suratlarda aks etgan shaxslarning sha'ni va qadr-qimmati tahqirlanishiga sabab bo‘lmoqda.
Ayrim fuqarolar shifokorlarga taqlidan suratga tushib, uyda qolishga chorlashni o‘zlaricha hazilomuz tarzda ifodalashga va bundan kulgi chiqarishga harakat qilishmoqda. Bu esa oxir-oqibat hukumat zo‘r berib targ‘ib qilayotgan karantin qoidalariga fuqarolarimiz bee'tibor bo‘lishiga olib kelishi mumkin”, deydi Irina Sayfuddinova.
Toshkent shahar IIBB xodimlari Farg‘ona viloyati IIBdagi hamkasblari bilan birgalikda ana shunday masxaraomuz suratlarni tarqatgan shaxslarni aniqladilar. Ma'lum bo‘lishicha, 26 yoshli T.B. 20 mart kuni Farg‘ona shahridagi korxonada ishlayotgan paytda tahqiromuz mazmundagi yozuv bilan suratga tushgan, uni 30 yashdagi hamkasbi Z.V. suratga olgan, so‘ngra ular ushbu fotosuratni 30 nafar odam a'zo bo‘lgan ishchi guruhga joylashtirishgan. Oxir-oqibat fotosurat Toshkentning Shayxontohur tumanida yashovchi 32 yashar fuqaroning qo‘liga kelib tushadi, o‘z navbatida u suratni Telegram’dagi 223 ming nafar obunachisi bor guruhlarga joylashtiradi. Shundan so‘ng surat qo‘lma-qul bo‘lib tarqalib ketadi.
“Hozirgi paytda mazkur fuqarolarning harakatlariga huquqiy baho berish masalasi hal qilinmoqda. Hurmatli toshkentliklar va shahrimiz mehmonlari! Barchamiz uchun ushbu og‘ir kunlarda sizga murojaat qilamiz: xavfsizligimiz, oilamiz va do‘stlarimiz xavfsizligi uchun shifokorlarning tavsiyalariga amal qiling. Uyda qoling”, deya Irina Sayfuddinovaning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Mavzuga oid
21:59 / 27.11.2022
Xitoyda koronavirus cheklovlariga qarshi namoyishlar bo‘lib o‘tmoqda
00:22 / 26.11.2022
Pekinda koronavirus avj olgani tufayli yangi cheklovlar kiritilmoqda
22:24 / 07.11.2022
Angliyada uy parrandalariga lokdaun e’lon qilindi
12:45 / 19.07.2022