Putin shifoxonani ziyorat qildi, dunyoda virusga chalinganlar soni 400 mingdan oshdi. So‘nggi ma'lumotlar
Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin koronavirus yuqtirgan yoki kasallanishda gumon qilinganlar joylashtirilgan Kommunarkadagi shifoxonaga keldi.
Vladimir Putin kunning birinchi yarmida Moskva meri Sergey Sobyanin bilan koronavirusdan zararlanganlar yotgan «Kommunarka» shifoxonasiga tashrif buyurdi.
Kasalxona bosh shifokori Denis Protsenko Putin bilan uchrashuvda vaziyat og‘irlashishiga - «italyancha» ssenariyga ham tayyor turish kerakligini aytib o‘tgan.
«Tibbiy nuqtayi nazardan qaraganda, hozirda asosan ikki ssenariy kuzatilmoqda, Osiyo ssenariysida virus tarqalishi tezda so‘nmoqda. Italiya ssenariysida esa tarqalish avj olishi davom etmoqda. Men shifokor sifatida, nafaqat bosh shifokor, balki anesteziolog-reanimatolog sifatida bu nimaligini yaxshi tushunaman. Italiya ssenariysi ro‘y berishiga ham tayyor turish kerak», deya uning so‘zlarini keltirgan «Interfaks» agentligi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Moskva kasallar soni oshishiga tayyor. «Bemorlar soni oshib ketsa, shifoxonamiz qayta jihozlanadi. Biz 606 xonadan 190tasini reanimatsiya bo‘limlariga aylantirishga tayyormiz. Ombordan kerakli qurilmalarni olib chiqamiz», degan u.
Hukumat qoshidagi koronavirus bo‘yicha muvofiqlik kengashi rahbari o‘rinbosari hisoblanadigan Sergey Sobyanin ham Rossiya «murakkab muammolarga, og‘ir chorlovlarga tayyor turishi» lozimligini qayd etgan.
Putinni shifoxonadagi sharoitlar qanoatlantirgan.
«Barchasi harbiychasiga. Hamma ishlamoqda, xuddi soat kabi, xuddi yaxshi qo‘yilgan mexanizmdek. Odamlar o‘z ishini bilib qilishi ko‘rinib turibdi», degan u.
24 mart holatiga ko‘ra, Rossiyada koronavirusdan zararlanganlar soni 500 nafarga yaqinlashdi - yana 57 kishida virus aniqlandi va jami bemorlar soni 495 nafarga yetdi.
24 mart kuni Davlat dumasi raisi Vyacheslav Volodin va davlat qurilishi va qonunchilik bo‘yicha qo‘mitasi rahbari Pavel Krasheninnikov karantin qoidalarini buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishni taklif qilishdi.
Xususan, ular Jinoyat kodeksining 236-moddasiga o‘zgartirish kiritishni taklif qilgan. Hozirda sanitar-epidemiologik qoidalar buzilishi inson o‘limiga olib kelishi uchun 5 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi ko‘zda tutilgan. Deputatlar bunday holatlar uchun 7 yillik qamoq jazosi berishni so‘rashmoqda.
Bundan tashqari, karantin rejimini buzish ommaviy kasallanishga olib kelgan taqdirda jarima miqdorini 80 ming rubldan 2 million rublga ko‘tarishni taklif qilishmoqda.
BBC muxbiri xabar qilishicha, hukumat Moskvada maksimal darajada test o‘tkazishni yo‘lga qo‘ymoqchi. Ma'lumotlarga ko‘ra, keyingi hafta oxirigacha Rossiya poytaxtida har kuni 10 mingtagacha test o‘tkazish rejalashtirilgan.
Buning uchun shaharda 9ta yangi laboratoriya ochilgan. Bu boradagi rejalar haqida Moskva meri 20 mart kuni ma'lum qilgandi. Davlat Dumasi bu masala bo‘yicha tahrirni 31 mart kuni ko‘rib chiqmoqchi.
26 martdan 14 aprelga qadar shahardagi katta yoshli kishilar o‘zini ihotalashi kerak. Karantin rejimiga rioya qilganlar uchun mukofot pullari va'da qilingan.
Yevropadagi vaziyat
G‘arb davlatlarida koronavirusdan zararlanish bilan bog‘liq holatlar o‘sishi davom etmoqda. Ispaniya, Germaniya va Italiya kasallanganlar soni va o‘limlar soni bo‘yicha yetakchilik qilmoqda.
- So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, butun dunyoda Covid-19 yuqtirib olganlar soni 407 mingdan ortiqni tashkil qilmoqda, 18250 kishi vafot etgan, 104 mingdan ortiq kishi sog‘ayib ketgan.
Ispaniyada ham virus yuqtirganlar orasida o‘limlar soni keskin oshib ketdi - bu mamlakatda 23 mart kuni 514 o‘lim holati qayd etildi, 24 mart kuni yana 489 kishi virus qurboniga aylandi. Endilikda Piriney yarimorolida Covid-19 tufayli halok bo‘lganlar soni 2800 nafarni tashkil qilmoqda; qariyb 40 ming kishi zararlangan, shundan 4,4 ming nafari tibbiyot xodimlari.
Kasallarning eng ko‘p qismi - poytaxt Madridda, shuningdek Kataloniya va Basklar o‘lkasida ham bemorlar soni oshgan.
Robert Kox nomidagi institut ma'lumotiga ko‘ra, Germaniyada ayni vaqtda 31 mingdan ortiq kishi Covid-19 bilan kasallangan. So‘nggi bir kunda mamlakatda 2935 kishida virus aniqlandi (bir kun oldin bemorlar qatoriga 4,8 mingdan ortiq kishi qo‘shilgandi). Yangi bemorlarning ko‘p qismi Baden-Vyurtemberg yeriga to‘g‘ri kelmoqda.
Jon Hopkins instituti ma'lumotiga ko‘ra, Italiyada bugun yana 5,2 ming kishida virus aniqlandi va 743 kishi vafot etdi. Endilikda mamlakatda virus yuqtirganlar soni qariyb 70 ming, qurbonlar soni 7 mingga yaqinlashgan (6820). Ammo Italiya fuqarolik mudofaasi departamenti rahbari Anjyelo Borellining ma'lum qilishicha, virusdan zararlanganlarning haqiqiy soni 600 mingga yaqinni tashkil qilishi mumkin.
Italiya bosh vaziri Juzeppe Konte mamlakatda karantin qoidalarini buzganlar uchun jarima miqdori 3 ming yevrogacha oshirilganini ma'lum qildi.
Bu vaqtda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti infeksiyaning dunyo bo‘ylab tarqalishi tezlashganini ma'lum qildi.
Tashkilot bosh direktori Tedros Gebreyyesus koronavirusdan zararlanish bilan bog‘liq dastlabki 100 mingta holat 67 kun ichida qayd etilgan bo‘lsa, keyingi 100 mingta holat uchun 11 kun kerak bo‘lgani, uchinchi 100 mingtalik holat esa to‘rt kun ichida qayd etilganini qayd etib o‘tdi.
Shu bilan birgalikda, u pandemiya tarqalishiga ta'sir ko‘rsatish mumkin deb hisoblaydi.
Buning uchun odamlarni tekshirish hajmini ko‘paytirish va virus yuqtirganlar bilan aloqada bo‘lganlarni tezroq aniqlash strategiyasini yaxshilash talab etiladi.
Koronavirus tarqalishi tempiga ta'sir ko‘rsatish uchun ko‘plab davlatlar qat'iy karantin choralarini qo‘llamoqda. Dushanba kuni bu davlatlar safiga Britaniya ham qo‘shildi, bu yerda ham odamlar harakatiga cheklovlar o‘rnatildi.
Britaniyadagi cheklovlar
Bosh vazir Boris Jonson bundan keyin britaniyaliklar uyida o‘tirishi kerakligi, ko‘chaga faqat zarur hollardagina chiqish mumkinligi (oziq-ovqat va boshqa hayot uchun birlamchi mahsulotlar xarid qilish yoki shifokorga murojaat qilish uchun) haqida ma'lum qildi. Bundan tashqari, mamlakat aholisi bir kunda bir marta ochiq havoda badantarbiya mashqlari o‘tkazishiga ruxsat berilgan.
Faqatgina faoliyati mamlakat hayoti uchun zarur bo‘lgan tashkilotlar va kompaniyalar xodimlari ishga chiqishi mumkin.
Yevropada harakatlanishda mavjud cheklovlarga qaramay, mamlakatlar bir-biriga tibbiy yordam bo‘yicha ko‘mak ko‘rsatishmoqda. Fransiyaning Elzas viloyatidagi og‘ir ahvoldagi bemorlar qo‘shni Shveytsariya va Germaniyadagi shifoxonalarga olib borilmoqda.
Bunday tashabbus ko‘plab siyosatchilar tomonidan qo‘llab-quvvatlangan, ammo bunga qarshilar ham topiladi, ularning prognozlariga ko‘ra, bu mamlakatlarda ham yaqin vaqtlarda bemorlar soni haddan ziyod oshib ketadi va o‘shanda ularni joylashtirishga joy qolmasligi mumkin.
Trampning rejalari
AQSh prezidenti Donald Tramp koronavirus sabab joriy etilgan cheklovlarni bekor qilish rejasi haqida gapirdi.
«Amerika yana tez orada biznes uchun ochiladi. Juda oz fursatda, uch yoki to‘rt oydan ham ertaroq», dedi u Oq uyda o‘tkazilgan brifingda.
Trampning so‘zlariga ko‘ra, AQSh administratsiyasi 30 mart kuni mamlakat endilikda qanday yo‘ldan ketishi to‘g‘risidagi qarorni qabul qiladi. «Gap mamlakatimizning ochilishi haqida ketmoqda, chunki biz ko‘rinmas dushmandan qochish yo‘lida iqtisodiy jihatdan deyarli to‘xtab qoldik. Bizning mamlakatimiz yopiq bo‘lish uchun yaratilmagan», deydi Tramp.
Uning bayonoti koronavirusga chalingan amerikaliklar orasida o‘lim holatlari ortishi fonida yangradi. Ayni vaqtga kelib AQShda 50 mingga yaqin kishida virus aniqlangan, 622 kishi vafot etgan.
AQShda Milliy gvardiyaning 9 mingdan ortiq harbiysi koronavirusga qarshi safarbar etilishi kutilmoqda.
Boshqa davlatlardagi vaziyat
Indoneziyada so‘nggi bir kunda yana 107 kishida virus aniqlandi va bu mamlakat uchun eng yuqori ko‘rsatkich. Mamlakatda jami 686 kishi virusdan zararlangan, ularning 55 nafari vafot etgan.
Finlyandiyaning sobiq prezidenti Martti Axtisaari va uning rafiqasi Eeva ham virus yuqtirib olgan. Oila vakillarining aytishicha, ular o‘zlarini yaxshi his qilishmoqda. Sobiq prezident 82 yoshda. U Finlyandiyani 1990-yillarda boshqargan. Axtisaari xalqaro ziddiyatlar hal qilinishidagi sa'y-harakatlari uchun Nobel mukofotini olgan.
Turkiya oziq-ovqat do‘konlari faoliyatida ham vaqt cheklovlari o‘rnatdi. Endi do‘konlar ertalabki 9dan kechki 9gacha ishlashi mumkin. Hukumat xaridorlar bo‘yicha ham cheklovlar joriy qilgan. Unga ko‘ra, xaridorlar bir-biridan masofa saqlashi kerak.
Turkiyada maktablar, kafelar, barlar allaqachon yopilgan, masjiddagi ibodatlar va sport tadbirlari to‘xtatilgan. Bundan tashqari, ko‘plab davlatlar bilan aviaqatnovlar to‘xtagan. So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, mamlakatda virusdan zararlanganlar soni 1529 nafarni tashkil qilmoqda, 293 kishi olamdan o‘tgan.
Hindiston 25 martdan to‘liq karantinga o‘tadi - aholisi soniga ko‘ra ikkinchi o‘rinda turuvchi mamlakatdagi 1,3 milliard kishi uch hafta davomida uyidan chiqishi taqiqlanadi. Mamlakatda o‘tgan haftada jamoat transporti faoliyati to‘xtatilgandi. Dushanba kuni hukumat ichki aviareyslarni ham to‘xtatdi. Mamlakatda hozircha 519 kishi koronavirusdan zararlangan, 10 kishi vafot etgan.
Qo‘shni Pokistonda virusdan zararlanganlar soni ikki barobar ko‘proq - 958 holat, 7 o‘lim. Bu mamlakatda ham ko‘plab cheklovlar o‘rnatilgan, ayrim provinsiyalarda total karantin joriy etilgan.
827 kishida virus qayd etilgan Tailand hukumati , favqulodda holat e'lon qildi. Mamlakat bosh vaziri Prayut Chan-Ocha bu holat bir oy davom etishini bildirdi. Bu hukumatga qo‘shimcha vakolatlar taqdim etadi. Bu choralarga ko‘ra, yo‘llarda nazorat postlari o‘rnatiladi, shaharlarda komendantlik soati joriy etiladi.
Ayni vaqtga kelib Germaniyaning ayrim hududlarida, Gretsiyada, Serbiyada, Fransiyada, Kot-d'Ivuarda, Senegalda, JARda, AQShning ayrim shtatlarida, Argentinada, Ekvadorda, Misrda, Iordaniyada, Iroqda, Kuvaytda, Falastinda, Saudiya Arabistonida, Qirg‘izistonda, Mavritaniyada, Tunisda, Filippinda, Shri-Lankada va Hindistonda koronavirus tufayli komendantlik soati joriy etilgan.
O‘zbekistondagi vaziyat
O‘zbekistonda koronavirus bemorlari soni 50 kishiga yetdi. Ulardan 5 nafari deyarli sog‘aygan, 11 nafarining ahvoli o‘rtacha og‘ir darajada. Sog‘liqni saqlash vazirligi ma'lumotiga ko‘ra, 10 kishining yoshi 50dan yuqori. 4 nafari hali 9 yoshga to‘lmagan.
Davlat Bosh sanitariya vrachi Bahrom Almatovning ma'lum qilishicha, Fransiyadan kelgan ilk bemor o‘z xonadonida 35 kishilik bayram qilgan, hozircha u jami 14 kishiga virus yuqtirgani aniqlangan.
So‘nggi karantin choralari doirasida respublika bo‘ylab 14 mingga yaqin umumiy ovqatlanish korxonasi faoliyati vaqtincha to‘xtatildi, Qamchiq dovonida transport harakati cheklandi - poytaxt Toshkent shahri boshqa viloyatlardan kirib kelish uchun yopib qo‘yilgan.
Toshkent shahri va viloyatlar markazlarida tashkilotlar xodimlari masofadan ishlashni boshlagan, 25 mart kunidan mamlakatda niqobsiz ko‘chada yurganlik uchun jarima qo‘llanadi.
Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Aziz Ikromovning ogohlantirishicha, bu talabni bajarmaydiganlar ma'muriy javobgarlikka tortiladi, takroriy holatda esa jinoiy javobgarlik ham qo‘llanishi mumkin.
Mavzuga oid
22:34 / 24.12.2024
Rossiya–Ukraina urushi tugaydimi? Putin nimani xohlaydi?
07:50 / 24.12.2024
Anapa aholisi mazut to‘kilishi sababli Putinga murojaat bilan chiqdi
14:14 / 23.12.2024
Kremlda Putin va Slovakiya bosh vaziri o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi
10:43 / 23.12.2024