O‘zbekiston | 19:37 / 25.03.2020
15201
2 daqiqa o‘qiladi

Karantindan o‘z manfaati yo‘lida foydalanganlarning mahsulotlari olib qo‘yildi – Soliq qo‘mitasi

Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Fazliddin Umarov koronavirus pandemiyasi tufayli e'lon qilingan karantin vaqtida qo‘mitaga yuklatilgan vazifalarning bajarilishi yuzasidan axborot berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Davlat soliq qo‘mitasi va uning hududiy tuzilmalarida tashkil qilingan shtablarga narx-navo asossiz ravishda o‘sishining oldini olish vazifasi yuklatilgan. Ana shu yo‘nalishdagi ishlarni amalga oshirish uchun soliq organlaridan 2400 nafar xodim safarbar qilingan.

«O‘tgan 10 kunda har bir savdo obekti, ya'ni 379ta bozor va savdo komplekslari, 8058ta dorixonalar, 27 ming 640ta chakana savdo obektlariga mas'ul xodimlar biriktirildi va ularda narx-navolarni asossiz oshirmaslik haqida ogohlantirildi», dedi Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari.

Ma'lum qilinishicha, karantin e'lon qilingan dastlabki kunlardanoq qo‘mita tomonidan fuqarolar murojaatlari uchun e'lon qilingan telefon raqamlari (71 244 98 98, 1198 qisqa raqami)ga 25 mart ertalabki holatiga 7688ta murojaat bo‘lgan.

Kelib tushayotgan murojaatlarning 80 foizidan ortig‘i tezkorlik bilan bartaraf qilingan. Ya'ni ular kamchilikka yo‘l qo‘yilgan holatlari bo‘yicha ogohlantirish orqali kamchilik bartaraf qilinmoqda.

«Lekin bugungi kunda hozirgi holatdan o‘z manfaati uchun foydalanilayotgan, mamlakatimizda yaratilayotgan imkoniyatlar suiiste'mol qilinayotgan holatlar ham yo‘q emas.

Fuqarolarimiz murojaatlari asosida 17-24 mart kunlari nazorat tadbirlari o‘tkazilganda 531ta holatda qonun buzilish holatlari aniqlandi. Bular hujjati bo‘lmay turib tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish yoki mahsulotlarni hozirgi sharoitda nisbatan qimmat sotishga harakat qilingan holatlar. Ushbu holatlarning barchasi belgilangan tartibda rasmiylashtirilib, ulardan 1 mlrd 542 ming so‘mlik mahsulotlar vaqtinchalik davlat foydasiga olib qo‘yildi», dedi Fazliddin Umarov.

Mavzuga oid