O‘zbekiston | 16:16 / 26.03.2020
122365
2 daqiqa o‘qiladi

Koronavirus bilan og‘riganlarning 13 nafarida zotiljam paydo bo‘lgan - Bosh sanitariya inspektori

Davlat bosh sanitariya inspektori Nurmat Otabekov koronavirus tashxisi bilan davolanayotgan bemorlarning ayni vaqtdagi holati haqida ma'lumot berdi.

«Koronavirus bilan og‘riganlarning aksari Virusologiya ilmiy-tekshirish institutida davolanmoqda. Ularning salomatlik bo‘yicha ko‘rsatkichlari doimiy nazoratga olingan.

Hozirgi paytda bemorlarning 13 nafarida koronavirus infeksiyasi tufayli yuzaga kelgan pnevmoniya (zotiljam — o‘pka yallig‘lanishi)belgilari paydo bo‘lgan, tashxis rentgen tekshiruvi yordamida tasdiqlangan. Mana shu bemorlardan 4 nafarining ahvoli davolovchi mutaxassislar tomonidan og‘ir deb baholanmoqda. Ammo unutmasligimiz kerakki, tibbiyotda og‘ir va o‘ta og‘ir holat keskin farq qiladi», deya Nurmat Otabekovning so‘zlarini keltirmoqda  Kun.uz muxbiri.

Mutaxassis buyrak transplantatsiyasi qilingan bemorlarning koronavirusga chalinish ehtimoli qay darajada bo‘lishi to‘g‘risidagi savolga ham javob qaytardi.

«Nafaqat buyrak transplantatsiyasi jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgan shaxslar, balki boshqa surunkali somatik kasalliklarga chalingan aholi ham xavfli guruhga kiradi. Demak, biz ularni kasallanib qolishdan himoya qilishimiz kerak. Har qanday holatda ham kasallikka erta tashxis qo‘yilib, asoratlar yuzaga kelmasdan turib davolash muolajalari boshlansa, jiddiy asoratlarsiz davolab yuborish imkoniyati saqlanib qoladi va mavjud», dedi u AOKAda tashkil etilgan shtabda o‘tkazilgan brifing chog‘ida.

Nurmat Otabekov kasallikning onadan homilaga o‘tishi haqidagi ma'lumotlar tasdiqlanmaganini bildirgan.

«Mavjud tibbiyot adabiyotlarda koronavirus infeksiyasini onadan homilaga o‘tganini tasdiqlovchi ma'lumotlar yo‘q», dedi u.

Mavzuga oid