O‘zbekiston | 15:02 / 27.03.2020
183224
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistondagi koronavirus bemorlari haqida yangi ma'lumotlar berildi

Sog‘liqni saqlash vazirligi koronavirusga chalingan bemorlar bo‘yicha qo‘shimcha ma'lumot berdi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi rahbari Furqat Sanayev telegram kanalida ma'lum qilishicha, O‘zbekistonda koronavirusga chalingan bemorlardan 23 nafari xorijda bo‘lgan, 60 kishi O‘zbekistonda xorijdan kelgan bemorlar bilan muloqotda virus yuqtirib olgan.

O‘zbekistonga virus 6 davlatdan turli reyslar orqali turli kunlarda kirib kelgan. Ayni vaqtda 82 bemorning 7 nafarining yoshi 60dan yuqori.

Toshkent shahridan tashqari Namangan (5 nafar), Farg‘ona (6 nafar), Andijon (3 nafar) va Buxoro viloyatlarida (3) bemorlar shifoxonaga joylashtirilgan.

«Ayni paytda O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilishi holatlari 83tani tashkil etmoqda. Ulardan 35 nafari erkak, 48 nafari esa ayollar. Shundan 5 nafari voyaga yetmagan bolalardir.

Yosh jihatdan qaraydigan bo‘lsak,

0-9 yoshgacha – 5 nafar
10-19 yoshgacha – 2 nafar
20-29 yoshgacha – 24 nafar
30-39 yoshgacha – 17 nafar
40-49 yoshgacha – 16 nafar
50-59 yoshgacha – 11 nafar
60-69 yoshgacha – 7 nafar

70 – 79 yoshgacha bo‘lganlar ham 1 nafarni (miokard infarktdan vafot etgan bemor) tashkil etmoqda.

Hozirga qadar Fransiya, Turkiya, BAA, Rossiya, Saudiya Arabistoni hamda Shveytsariya davlatlarida bo‘lib qaytgan 23 nafar fuqaroda koronavirus infeksiyasi aniqlangan bo‘lib, 60 nafar fuqaro esa ular bilan yaqin  muloqotda bo‘lgani uchun yuqtirib olishgan.

Ayni paytda koronavirus infeksiyasi bilan kasallanganlarning 6 nafari Farg‘ona, 5 nafari Namangan va 3 nafari esa Andijon viloyatlaridagi yuqumli kasalliklar shifoxonasida davolanmoqda.

Shu yilning 22 mart kuni Istanbul–Buxoro charter reysida yurtimizga olib kelinib, karantinga olingan fuqarolar orasidan Toshkent shahri, Toshkent va Andijon viloyatlaridan bo‘lgan 3 kishida ham koronavirus infeksiyasi aniqlangandi. Ayni paytda ushbu bemorlar Buxoro viloyatidagi yuqumli kasalliklarga ixtisoslashgan shifoxonada davolanishmoqda. Qolgan bemorlar esa poytaxtimizdagi Virusologiya ilmiy tekshirish instituti klinikasiga yotqizilgan.

Shifokorlar tomonidan barcha bemorlarga standartlar asosida davolash muolajalari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Sog‘liqni saqlash vazirligi mutasaddi vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda epidemiologik surishtiruv hamda koronavirus infeksiyasining tarqalib ketmasligi uchun barcha zarur profilaktik chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda», deyiladi xabarda.

  • 27 mart kuni Namangan shahrida koronavirusdan ilk o‘lim holati qayd etildi. 12 mart kuni Turkiyaning Istanbul shahridan kelgan va uy karantiniga olingan ayolning 72 yoshli onasi koronavirus tashxisi qo‘yilganidan keyin miokarddan vafot etgan. Ushbu oilada yana 3 kishi virusdan zararlangan.

Mavzuga oid