«O‘zi shifokor bo‘la turib, kasalligini yashirgan». SSV koronavirusdan vafot etgan bemor haqida qo‘shimcha ma'lumot berdi
O‘zbekistonda koronavirusdan vafot etgan ikkinchi bemor 39 yoshli erkak bo‘lgan, u virusni Parijdan qaytgan birinchi bemordan yuqtirgan.
Sog‘liqni saqlash vazirligi O‘zbekistonda koronavirus tashxisidan keyin vafot etgan ikkinchi bemor haqida qo‘shimcha ma'lumot berdi.
Ma'lum qilinishicha, 28 mart kuni vafot etgani e'lon qilingan bemor 39 yoshli erkak bo‘lgan. U 11 mart kuni Fransiyadan kelgan va 15 mart kuni O‘zbekistonda ilk bor koronavirus tashxisi qo‘yilgan bemor bilan muloqotda bo‘lgan shifokor edi.
«U o‘z kasalligini dastlab bilgan bo‘lsa-da, o‘zi vrach bo‘la turib, yurtimizda olib borilayotgan shuncha targ‘ibot ishlariga qaramay, shifokorlarga murojaat etmay, uyida yashirincha o‘zicha davolanishga uringani ma'lum bo‘lgan.
U kasallikning og‘ir davri boshlangandan so‘nggina 26 mart kuni Toshkent shahridagi Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy tekshirish instituti klinikasiga tez yordam xizmati orqali yotqizilgan. 27 mart kuni esa Virusologiya ilmiy tekshirish institutiga o‘tkazilgan.
Shu o‘rinda barchani tashvishga soladigan bir jihat bor: bu bemor uyida bo‘lgan paytda qancha odamlar u bilan muloqot qilgan, muloqotda bo‘lib kasallikni yuqtirib olganlar o‘z navbatida yana qancha insonlarga tarqatgan. Nahotki, kishi o‘z sog‘lig‘i va yaqinlari xavfsizligi uchun shunchalik sovuqqon, befarq, xudbin bo‘lsa. Axir bu o‘z ota-onasiga, farzandlari, nevaralari, qo‘ni-qo‘shnilari, qarindosh-urug‘lari, xalqi, umuman Vataniga xiyonat emasmi? Nega haligacha odamlarimiz bu kasallik qanday dahshatli oqibatlarga olib kelishini anglab yetmayaptilar?!
Mamlakatimizda koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish bo‘yicha Prezidentimiz rahbarligida barcha resurslar ishga solinib, zaruriy va qat'iy chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Buning zamirida eng avvalo xalqimiz, yurtdoshlarimiz, har bir fuqaromiz nobud bo‘lishining oldini olishdek muhim maqsad yotganligini bugun barchamiz qalbdan tushunib, o‘zimiz, oilamiz, yaqinlarimiz hayotini o‘ylab ish tutmog‘imiz kerak emasmi?
Ogohlik va uyda o‘tirish hamda shifokorlarning bergan tavsiyalariga to‘liq amal qilish barchamiz uchun bosh masala bo‘lmog‘i lozim!», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.
- 28 mart holatiga ko‘ra O‘zbekistonda koronavirus iinfeksiyasi bilan zararlanish holatlari 16taga oshib, 104tani tashkil etmoqda.
- 27 mart kuni Namanganda koronavirus infeksiyasi tashxisi qo‘yilgan 72 yoshli o‘tkir miokard infarktidan vafot etgandi. U 26 mart kuni koronavirus infeksiyasi tashxisi bilan Namangan viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgandi.
Mavzuga oid
18:53 / 30.07.2024
Maktab o‘quvchilari va bog‘cha tarbiyalanuvchilarining to‘rtdan bir qismida turli kasalliklar aniqlandi
11:28 / 22.07.2024
Nikohlanuvchilar qanday tibbiy ko‘riklardan o‘tishi kerak?
17:25 / 20.07.2024
Dunyo bo‘ylab vabo tarqalish xavfi juda yuqori baholanmoqda
19:59 / 09.07.2024