O‘zbekiston | 12:52 / 01.04.2020
26829
5 daqiqa o‘qiladi

Qoraqalpog‘istonda qozog‘istonlik mehmonlar bilan ko‘rishganlar karantinga olindi

Qoraqalpog‘istondagi to‘yda qatnashgan qozog‘istonlik ayolda koronavirus aniqlangach To‘rtko‘l va Ellikqal'a tumanlarida Qozog‘istondan kelgan mehmonlar bilan ko‘rishgan fuqarolar karantinga olindi.

Qoraqalpog‘iston Sog‘liqni saqlash vazirligi To‘rtko‘l tumanida to‘y marosimida qatnashib, Qozog‘istonga qaytgan ayolda koronavirus aniqlangani haqidagi xabarlar yuzasidan izoh berdi. 

Ma'lum qilinishicha, Qozog‘istondan 14 mart kuni kelgan mehmonlar 18 mart kuni to‘y marosimida qatnashgan, jami 20 nafar qozog‘istonlik 25 mart kuni O‘zbekiston hududini tark etgan. To‘rtko‘l va Ellikqal'a tumanlarida ushbu shaxslar bilan ko‘rishgan fuqarolar aniqlanib, karantinga olingan.

Bayonotda qayd etilishicha, O‘zbekistonda bo‘lib qaytganidan keyin koronavirus tashxisi qo‘yilgan qozog‘istonlik ayol haqida OAVda tarqalgan xabarlar yuzasidan Qozog‘istonning tegishli idoralari tomonidan O‘zbekistonga rasmiy ma'lumot kelib tushmagan. 

Lekin mamlakatdagi epidemiologik vaziyat tufayli ommaviy axborot vositalarida tarqalgan xabarga asoslanib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi tomonidan guruh tashkil etilib, chuqurlashtirilgan profilaktik chora-tadbirlar (epidemiologik surishtiruv) o‘tkazilmoqda.

Tadbirlar davomida quyidagilar aniqlangan:

2020 yil 14 mart kuni Qozog‘iston Respublikasida doimiy yashovchi 20 nafar fuqaro (shularning 3 nafari voyaga yetmagan) mikroavtobusda Qoraqalpog‘iston Respublikasiga mehmonga kelib, shularning Yesik shahridan bo‘lgan 16 nafar fuqaro (2 nafari voyaga yetmagan) To‘rtko‘l tumani «Tozabog‘yop» OFYda yashovchi fuqaroning uyida mehmon bo‘lib qolgan.

Taroz shahridan bo‘lgan 4 nafar fuqaro (1 nafari voyaga yetmagan) Ellikqal'a tumani «Ellikqal'a» OFYda yashovchi fuqaroning uyiga mehmonga ketgan.

Qozog‘istonlik fuqarolarning O‘zbekistonga kelishdan maqsadi to‘y marosimlarida ishtirok etish bo‘lgan.

14-25 mart kunlari oralig‘ida To‘rtko‘l tumanida bo‘lgan fuqarolar 3 xonadonda mehmonda bo‘lib, 2020 yil 18 mart kuni nikoh to‘yda qatnashgan.

Ellikqal'a tumanida bo‘lgan fuqarolar 2 xonadonda mehmonda bo‘lgan.

Qozog‘iston Respublikasidan mehmonga kelgan 20 nafar fuqaro 2020 yil 25 mart kuni To‘rtko‘l tumanidan Toshkent viloyatining «G‘ishtko‘prik» chegara posti orqali Qozog‘iston Respublikasiga chiqib ketgan. Yo‘lda ketayotib hech qayerda to‘xtamagan, boshqalar bilan muloqot qilmagan, o‘zlarining yonida bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlarini iste'mol qilgan.

Qozog‘iston fuqarolarining barchasi 26 mart kuni o‘z manzillariga yetib borgan va ular tegishli tartibda karantinga olingan. Ularning ichida 60 yoshli ayolda laboratoriya tekshiruvlari natijasi bo‘yicha koronavirus kasalligiga gumon qilinib, yuqumli kasalliklar kasalxonasiga joylashtirilgan.

«Kasallik bilan gumon qilingan fuqaroning yaqinlari bergan ma'lumoti bo‘yicha, ayolning laboratoriya tekshiruv natijasi koronavirusni ko‘rsatgan bo‘lsa ham, ayolda va u bilan muloqotda bo‘lgan fuqarolarda kasallik belgilari yo‘q ekani, ularning ahvoli yaxshi ekani ma'lum bo‘ldi.

Hozirgi kunda To‘rtko‘l va Ellikqal'a tumanlarida qozog‘istonlik fuqarolar bilan muloqotda bo‘lgan odamlar aniqlanib, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi, tegishli laboratoriya tahlillari olindi. Ularning tana harorati nazoratga olinib, 14 kunlik uy sharoitidagi karantinga olindi. Shu kunga qadar bu fuqarolarning hech birida koronavirus kasalligining belgilari aniqlanmadi.

Bu holat bo‘yicha tekshiruv ishlari davom etmoqda. Ularning natijasi bo‘yicha qo‘shimcha ma'lumot beriladi.

Shuni ham alohida ta'kidlash joiz, To‘rtko‘l va Ellikqal'a tumanlarida profilaktik tadbirlarning o‘tkazilayotgani aholi orasida bu tumanlarda koronavirus infeksiyasi aniqlangan degan noto‘g‘ri ma'lumotlar, turli mish-mishlarning tarqalishiga sabab bo‘lmoqda. Biroq bu profilaktik tadbirlar aynan infeksiya tarqalishining oldini olish uchun o‘tkazilayotganini ma'lum qilamiz», deyiladi Qoraqalpog‘iston Sog‘liqni saqlash vazirligi bayonotida.

31 mart holatiga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasida koronavirusga chalingan biror bemor aniqlanmagan.

Mavzuga oid