O‘zbekiston | 13:00 / 06.04.2020
61554
2 daqiqa o‘qiladi

Qoraqalpog‘istonda ham virus aniqlangan. Avvalroq To‘rtko‘ldagi to‘yda qatnashgan qozog‘istonlik ayol kasallangani ma'lum bo‘lgandi

Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida ham koronavirusdan zararlanish holatlari qayd etilgan. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar bermoqda.

Ayni vaqtda bemorlarning aksar qismi Toshkent shahri va Toshkent viloyati hududida aniqlangan. Farg‘ona viloyati esa koronavirusga chalinganlar soni bo‘yicha Toshkentdan so‘ng birinchi hududga aylangan.

«Ayni paytda Toshkent shahrida 170 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan bemor davolanmoqda. Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 2, Andijon viloyatida 61, Buxoro viloyatida 19, Namangan viloyatida 48, Farg‘ona viloyatida 64, Xorazm viloyatida 18, Qashqadaryo viloyatida 6 hamda Navoiy viloyatida 2 nafar bemor hududdagi yuqumli kasalliklarga ixtisoslashgan shifoxonalarda davolanishmoqda. Bemorlarga tibbiyot xodimlari tomonidan xalqaro standartlar asosida davo muolajalari olib borilmoqda», deyiladi vazirlik xabarida.

6 aprel holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilgan holatlar soni 390 nafarni tashkil etmoqda. Bemorlarning 188 nafari erkak, 202 nafari ayollardir.

Eslatib o‘tamiz, mart oyi oxirida O‘zbekistondagi to‘yda qatnashgan qozog‘istonlik ayolda koronavirus aniqlangani haqida xabarlar paydo bo‘lgandi.

Keyinroq Qoraqalpog‘iston Sog‘liqni saqlash vazirligi Qozog‘istondan 14 mart kuni kelgan mehmonlar 18 mart kuni to‘y marosimida qatnashgani, jami 20 nafar qozog‘istonlik 25 mart kuni O‘zbekiston hududini tark etgani, To‘rtko‘l va Ellikqal'a tumanlarida ushbu shaxslar bilan ko‘rishgan fuqarolar aniqlanib, karantinga olingani haqida ma'lumot bergandi.

Mavzuga oid