Iqtisodiyot | 01:16 / 11.04.2020
83573
7 daqiqa o‘qiladi

«Hozirgi inqiroz davrida kompaniyalarga emas, aholiga pul tarqatish samaraliroq» – Behzod Hoshimov

Inqirozdan chiqish uchun odamlarga hukumat tomonidan pul tarqatilishi – iqtisodiy zanjir qayta jonlanishiga olib keladi, deb hisoblaydi iqtisodchi Behzod Hoshimov.

AQShning Viskonsin universiteti doktoranti, iqtisodchi Behzod Hoshimov «MFactor» loyihasi mehmoni bo‘lib, koronavirus pandemiyasi va karantin choralarining iqtisodiyotga ta'siri haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

Inqiroz qancha vaqt davom etadi?

Kuzatilayotgan iqtisodiy inqiroz qancha muddatga cho‘zilishi mumkinligi haqidagi savolga Hoshimov quyidagicha javob berdi.

«Birinchidan, kasallik tez tugasa, inqiroz ham tez tugashi ehtimoli baland. Ikkinchidan, bu hukumatlar va jamiyatlarning xatti-harakatlariga bog‘liq. Inqirozdan tezroq chiqib ketishga yo‘naltirilgan iqtisodiy siyosat to‘g‘ri bo‘lsa, inqirozdan tezroq chiqiladi. Agar [iqtisodiy siyosat] noto‘g‘ri bo‘lsa, pul noto‘g‘ri yo‘naltirilsa, bu jarayon albatta sekinroq bo‘ladi.

Bu insonlar va hukumatlarning xatti-harakatlariga bog‘liq. Shuning uchun 3 oy, 6 oy yoki 1 yilda o‘tarkan, deyish g‘alati. Chunki men ular qanday harakat qilishlarini bilmayman. Bu xuddi karta o‘yiniga o‘xshaydi», – dedi Behzod Hoshimov.

«Bu inqiroz juda noyob»

Uning ta'kidicha, hozirgidek iqtisodiy inqirozlar tarixda ko‘p ham kuzatilmagan.

«Iqtisodiy inqirozlar [odatda] talab yoki taklif masalalaridan boshlanadi. Masalan, 2008 yil dunyo moliyaviy inqirozining sabablari AQShdagi invest banklar noto‘g‘ri qog‘ozlarni sotib, uy va ko‘chmas mulk bozorini qulatgan. Undan keyin domino effektiga qolgan bozorlar ham qulashni boshlagan. Umumiy talab pasaygan. Kompaniyalar inqiroz tufayli investitsiya qilishni to‘xtatgan, shu sababli hamma narsa to‘xtagan. Insonlar pullarini jamg‘arishni boshlagan. Bu esa inqirozga olib kelgan», – dedi Hoshimov.

Iqtisodchining tushuntirishicha, koronavirus tufayli yuzaga kelgan joriy inqiroz murakkab inqiroz hisoblanadi.

«Hozir bizda ham talab, ham taklif qisqaryapti. Biz ongli ravishda iqtisodni ishlab chiqarishdan «o‘chirib qo‘yyapmiz». Ham talab, ham taklifning birga tushishi insoniyat tarixida juda kamdan kam bo‘lgan narsa.

Masalan, urushlarda ham talab ko‘p bo‘lgan. Chunki hukumat harbiy soha uchun ishlab chiqarishni davom ettirgan. Shuning uchun ham urush vaqtida [bir vaqtning o‘zida] ham talab, ham taklif tushib ketmagan», – deydi u.

Krizis paytida iqtisodiy siyosat qanday bo‘lishi kerak?

Olimning hisoblashicha, joriy iqtisodiy inqirozdagi to‘g‘ri iqtisodiy siyosat ikki maqsadga ega bo‘lishi kerak.

«Birinchisi, hozirgi iqtisodiy inqirozda qiynalib qolgan insonlarning chiqib ketishiga yordam beradigan, ya'ni to‘g‘ridan to‘g‘ri moddiy yordam berish, oddiy qilib aytganda naqd pul tarqatish. Insonlar o‘lib ketmasligi yoki moliyaviy qiyin ahvolga tushib ketmasligini ta'minlashimiz kerak.

Ikkinchisi – jami iqtisodiyot o‘sib ketishi ta'minlanishi kerak.

Ko‘p mamlakatlar qo‘llayotgan metodlardan biri – o‘z xalqiga, insonlarga pul tarqatish. Agar hukumat odamlarga pul tarqatsa, ular olgan pulini xarajat qiladi. Ular xarajat qilgani natijasida iqtisodiyot ham o‘z o‘rniga tushib ketadi.

Oddiy qilib aytsak: karantin tugagan ham, odamlarda jamg‘arma, pul yo‘q. Odamlarda pul bo‘lmasa, ular hech narsa sotib olisholmaydi. Bu degani sotuvchilar ham kamayadi», – deydi Hoshimov.

Uning ta'kidicha, odamlarga davlat tomonidan pul tarqatilsa, ular pulni ishlab chiqarilgan mahsulot va xizmatlar uchun sarflaydi. Natijada jamiyatdagi iqtisodiy zanjir qaytadan «yoqiladi». Agar hech kimda pul bo‘lmasa, hech kim daromad ololmaydi, oilasini boqa olmaydi.

«Davlatning aholiga pul berishi cho‘g‘ni yoqib yuborishdek gap. Biroz kutilsa, cho‘g‘ yonib ketishi mumkin, tezroq yoqish uchun naqd pul tashlab uni yoqishning iloji bor», – dedi Hoshimov.

«Kompaniyalarga pul tarqatish to‘g‘ri emas»

U joriy inqirozdan chiqishda davlat tomonidan kompaniyalarga to‘g‘ridan to‘g‘ri pul berishni to‘g‘ri bo‘lmagan siyosat, deb hisoblaydi.

«AQShda ham bu aytilyapti. Kompaniyalarga to‘g‘ridan to‘g‘ri pul berish ikkita sababga ko‘ra noto‘g‘ri bo‘lishi mumkin.

Birinchisi, agar hukumat pulni o‘zi tarqatsa, bu korrupsiya va yomon illatlarga olib kelishi mumkin. Chunki qaysi kompaniyalar ko‘proq pulga da'vogar? O‘n million so‘m yo‘qotgan kompaniyami yoki yuz million so‘m yo‘qotgan kompaniyami? Hukumat buni adolatli tarqatishi juda qiyin. Chunki yuz minglab kompaniyalar bor.

Ikkinchisi, qarzlari bor davlat kompaniyalari bor. Ular chet eldan qarz olishgan. Uni qaytarish kerak. Agar pullar ularga yo‘naltiriladigan bo‘lsa, u qarzini to‘lab yuboradi, lekin iqtisodiyot oyoqqa turib olishi uchun unchalik samarador pul bo‘lmaydi.

Xuddi shu pulni aholiga bersak, o‘sha cho‘g‘ zanjiri tezroq o‘z joyiga tushib ketadi. Shuning uchun to‘g‘rirog‘i insonlarning qo‘liga pul berish bo‘ladi», – dedi Behzod Hoshimov.

To‘liq suhbatni «MFaktor» loyihasining YouTube'dagi kanalida tomosha qilishingiz mumkin.

Ma'lumot uchun, AQSh, Yaponiya, Singapur kabi mamlakatlarda inqiroz tufayli aholi qo‘liga ma'lum miqdorda pul berilmoqda.

Avvalroq Jahon banki 2020 yil O‘zbekiston iqtisodiyotida so‘nggi 25 yillikdagi eng past o‘sish sur'ati qayd etilishini prognoz qilgandi.

Mavzuga oid