O‘zbekiston | 12:27 / 12.04.2020
178699
2 daqiqa o‘qiladi

Kattaqo‘rg‘ondagi hodisa qurbonlari soni oshdi

Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on shahrida ro‘y bergan chaqnash hodisasi oqibatlari bo‘yicha qo‘shimcha ma'lumot berdi.

Foto: Favqulodda vaziyatlar vazirligi

12 aprel kuni tongda Kattaqo‘rg‘on shahri Go‘zalkent mahallasidagi ikki qavatli uylardan birida havo gaz aralashmasi chaqnashi oqibatida binoning bir qismi o‘pirilib, uyda yashovchilar xarobalar ostida qolgan. 

FVV matbuot xizmati xabar berishicha, hodisa oqibatida halok bo‘lganlar soni 3 nafarni tashkil etmoqda, yana 4 kishi turli darajada tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan.

Hodisadan jabrlanganlarning barchasi ushbu uyda yashovchilar bo‘lgan.

Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, hodisaga uyning birinchi qavatidagi kvartirada is gazi sizib chiqishi sabab bo‘lgan.

Foto: Favqulodda vaziyatlar vazirligi

Viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi va boshqa tuzilmalar xodimlari hududda qutqaruv ishlarini olib borishmoqda.

Kattaqo‘rg‘on shahar hokimligi axborot xizmatining ma'lum qilishicha, viloyat hokimi Erkinjon Turdimov voqea joyiga yetib borgan. Portlashdan zarar ko‘rgan xonadonlar evakuatsiya qilingan.

Bundan avvalroq Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati Kattaqo‘rg‘onda ikki qavatli uydagi portlash oqibatida 2 kishi halok bo‘lib, 5 kishi jarohatlangani haqida xabar bergandi.

Mavzuga oid