«Bu koronavirusga bog‘liq emas» – Iqtisodchi qishloq xo‘jaligi sohasida investitsiya yo‘qligi haqida
Iqtisodiy rivojlanishga ko‘maklashish markazi direktori Yuliy Yusupov Ground Zero tomonidan tashkil qilingan vebinar doirasida «Koronavirusgacha va undan keyingi jahon iqtisodiyoti va O‘zbekiston» mavzusida ma'ruza qildi hamda savollarga javob berdi.
Vebinarni kuzatgan Kun.uz muxbiri taniqli iqtisodchining fikrlarini o‘zbek tilida keltirib o‘tadi.
– Oziq-ovqat inqirozi yuzaga kelish ehtimoli bormi?
– Qishloq xo‘jaligidagi yuqori mehnat unumdorligi sababli oziq-ovqat inqirozi bo‘lmaydi. Yuqori texnologiyalar ochlikdan o‘lishimizga yo‘l qo‘ymaydi.
Ehtimol, ayrim oziq-ovqat mahsulotlari, muayyan kategoriyadagi mahsulotlar peshtaxtalardan yo‘qolib qolishi mumkin. Hukumat chegaralarni yopib, sun'iy ochlikni yaratmasa, oziq-ovqat inqirozi bo‘lmaydi, bozorlar bizni tovarlar bilan ta'minlashda davom etadi. To‘g‘ri, ayrim tovarlarning narxi oshishi mumkin, lekin hozirgi bozor iqtisodiyotida tovarlar mavjud emasligi holati bo‘lmaydi.
– Inqiroz oziq-ovqat ishlab chiqaruvchilariga qanday ta'sir ko‘rsatadi?
– O‘ylaymanki, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari inqirozdan zarar ko‘rmaydi. Agar siz ishlab chiqarish uchun xomashyoni xorijdan keltiradigan bo‘lsangiz va chegaralar yopiq bo‘lsa, ana shu holatda muammolar yozaga keladi. Inqiroz davrida nafaqat mamlakat ichkarisida, balki xorijda ham oziq-ovqat mahsulotlariga talab yuqori bo‘ladi.
– Mamlakatda oziq-ovqat xavfsizligi masalasi dolzarb tus olyapti. Bunday sharoitda qishloq xo‘jaligiga investitsiyalar ortishi kutiladimi?
– Qishloq xo‘jaligiga investitsiyalarning ortishi joriy inqirozga emas, agrar islohot o‘tkazishimizga bog‘liq. Bizda ayrim choralar belgilangan, agar ularni amalga oshirsak, nihoyat fermerlarni haqiqiy tadbirkorlarga aylantirsak, qishloq xo‘jaligida mahsulotlar va resurslarning normal bozorini yaratsak, investitsiya albatta keladi.
Bu bilan hech qanday muammo bo‘lmaydi. Hozir esa investitsiya yagona sabab tufayli kelmayapti: yerning egasi yo‘q. Fermer yer egasi hisoblanmaydi, istalgan vaqtda undan yerni tortib olishlari mumkin. Istalgan vaqtda tortib olinishi mumkinligini bilib, kim unga investitsiya kiritadi?
Iqtisodiyotning bu tarmog‘ida sivilizatsiyalashgan o‘yin qoidalarini yaratmas ekanmiz, hech qanday investitsiya bo‘lmaydi. Bu koronavirus yoki boshqa narsaga bog‘liq emas. U yerda hali ham feodal munosabatlar hukmron.
Mavzuga oid
07:35 / 20.12.2024
Qishloq xo‘jaligi vaziriga yangi o‘rinbosar tayinlandi
14:06 / 12.12.2024
O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish hajmi 16 foizga oshdi
15:43 / 05.12.2024
O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida XMI ishtirokida 2 mlrd dollarlik loyihalar amalga oshirilmoqda
15:09 / 03.12.2024