Jamiyat | 22:20 / 13.04.2020
203421
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda Ramazon oyini o‘tkazish bo‘yicha fatvo e'lon qilindi

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov Ramazon oyini o‘tkazish bo‘yicha qabul qilingan fatvoni e'lon qildi.

«Yurtimizda vaziyat barqarorlashgungacha jamoaviy namozlar vaqtincha to‘xtatilib, musulmonlarimizga namozlarini uyda ado etishlari lozim ekanligi yetkazildi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan Ramazon oyini o‘tkazish bo‘yicha qo‘shni va xorijiy mamlakatlardagi holat o‘rganildi. Jumladan, Misr Arab respublikasi, Saudiya Arabistoni, Turkiya, Rossiya Federatsiyasining Tatariston respublikasi musulmonlari diniy idoralari tomonidan Ramazon oyida masjidlarda tarovih namozlari ado etilmasligi va ommaviy iftorliklar uyushtirmasligi haqida bayonotlar e'lon qilindi.

Shuningdek, qo‘shni Qozog‘iston va Qirg‘iziston musulmonlari diniy idoralari bilan mazkur masala muhokama qilindi va yagona to‘xtamga kelish haqida qaror qilindi», deyiladi muftiy Usmonxon Alimov tomonidan «O‘zbekiston 24» telekanali orqali o‘qib eshittirilgan bayonotda.

Ramazon oyida ko‘zda tutilgan diniy marosimlar sababli karantin talablari buzilishining oldini olish maqsadida O‘zbekiston musulmonlari diniy idorasi Ulamolar kengashi mamlakatdagi barcha musulmonlarni bir qator ko‘rsatmalarga qat'iy rioya etishga chaqirgan. Jumladan, Ramazon oyida mo‘min-musulmonlarimiz taroveh namozlarini, Xatmi Qur'onlarni o‘z oila a'zolari bilan xonadonlarida o‘tkazish tavsiya qilingan.

Shu bilan birga, qo‘ni-qo‘shni va yaqin qarindoshlarni to‘plagan holda iftorlik uyushtirishlari karantin talablariga zidligi sababli bunday marosimlarni o‘tkazish taqiqlangan, iftorlik savobidan umidvor bo‘lgan saxovatpesha musulmonlar bunday marosimlari uchun mo‘ljallagan mablag‘larini Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazlari orqali muhtoj oilalarga yetkazishga chaqirilgan.

Mavzuga oid