Iqtisodiyot | 12:32 / 14.04.2020
22415
4 daqiqa o‘qiladi

Yuliy Yusupov: «Tezroq JSTga kirish, keyin esa YeOII haqida o‘ylash kerak»

Iqtisodiy rivojlanishga ko‘maklashish markazi direktori Yuliy Yusupov Ground Zero tomonidan tashkil qilingan vebinar doirasida «Koronavirusgacha va undan keyingi jahon iqtisodiyoti va O‘zbekiston» mavzusida ma'ruza qildi hamda savollarga javob berdi.

Foto: Global Look Press

Vebinarni kuzatgan Kun.uz muxbiri taniqli iqtisodchining fikrlarini o‘zbek tilida keltirib o‘tadi.

Jahon savdo tashkiloti (JST) va Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII)ga kirish istiqbollari haqida

– JSTga iloji boricha tezroq kirish kerak. Bu JST hozirda muammolarimizni hal qilishda yordam bera oladigan kuchli tashkilot ekani uchungina muhim emas, balki avvalo tashkilotga kirish jarayoni muhim.

JSTga kirish uchun tashqi savdo tarmog‘i faoliyat yurtadigan o‘yin qoidalarini o‘zgartirish kerak. O‘yin qoidalarimiz juda yomon: bojxona to‘lovlari yuqori, erkin savdo uchun sun'iy to‘siqlar juda ko‘p, jumladan notarif to‘siqlar. Shuning uchun JSTga kirish jarayonining o‘zi tartib-taomillar, qoidalar va savdo siyosatini takomillashtirishga yordam beradi. Bu iqtisodiyotimiz uchun muhim va juda foydali. Shuning uchun tashkilotga qanchalik tez kirsak, JSTga kirishni qanchalik faollashtirsak, iqtisodiyotimizga shunchalik yaxshi bo‘ladi.

JSTga kirishning yana bir muhim jihati – deyarli barcha mamlakatlar bu tashkilotga kirib bo‘lgan. Unga kirmagan tashkilotlar - 20tadan ortiq dunyoning ilg‘or bo‘lmagan iqtisodiyotlari. JSTga kirish ishlab chiqaruvchilarimiz uchun mahsulotni eksport qilishda yanada ko‘proq imkoniyatlarni beradi. U yerda hozir mavjud bo‘lgan to‘siqlar JSTga a'zo bo‘lmaganligimiz bilan bog‘liq. O‘z-o‘zidan, ana shu to‘siqlar ham bo‘lmaydi.

JSTga kirish amaldorlarimizning «importni o‘ldirish» borasidagi harakatlarini cheklaydi. JSTga kirsak, amaldorlarimiz bojxona to‘lovlarini oshirolmaydi, yangi notarif to‘siqlarni erkin kirita olmaydi.

YeOIIga keladigan bo‘lsak, men har qanday to‘siqlarni kamaytirishga yordam beradigan istalgan integratsiya tarafdoriman. YeOIIga kirish tashqi savdo uchun ko‘plab to‘siqlarni kamaytirishga yordam beradi. U ehtimol migrantlarimiz bilan bog‘liq vaziyatni yaxshilash imkonini berishi mumkin, biroq bu yerda ayrim bahsli masalalar ham bor. Iqtisodiy jihatdan, YeOIIga kirish unga kirmaslikdan ko‘ra yaxshiroq. Biroq u yerda siyosiy muammolar bor.

YeOIIga kirsak, Rossiya tashqi siyosatining, u bilan yuzaga keladigan barcha mojarolarning asiriga aylanamiz. YeOII teng huquqli a'zolar hamjamiyati hisoblanmaydi. U yerda yagona mamlakat hukmronlik qiladi. Ko‘p qarorlar ana shu mamlakat istagiga ko‘ra, ko‘pincha siyosiy qarashlardan kelib chiqqan holda qabul qilinadi. Buni hisobga olish kerak. YeOIIga kirishning strategik xavfi ana shunda.

Shuning uchun ham men iloji boricha tezroq JSTga kirish, keyin esa YeOIIga kirish haqida o‘ylash kerak deb hisoblayman. Koronavirus bu jarayonlarga qanday ta'sir qilishini bilmayman. Ideal ko‘rinishda u kirish jarayonlarini tezlashtiradi. Umid qilamanki, u JSTga kirishga xalaqit qilmaydi. Bu jarayonni tezlashtirish va u bilan shug‘ullanish kerak.

To‘liq suhbatni «Ground Zero» ning YouTube'dagi kanalida tomosha qilishingiz mumkin.

Mavzuga oid