O‘zbekiston | 10:17 / 17.04.2020
27126
2 daqiqa o‘qiladi

«Ishchilarning himoyasi borasida qo‘shimcha kafolatlar zarur» – Cotton Campaign O‘zbekistonning paxta uchun boykotni bekor qilish so‘roviga javob qaytardi

Sotton Campaign xalqaro koalitsiyasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanovning mamlakatda ishlab chiqarilgan paxtadan foydalanish uchun boykotni olib tashlash haqidagi murojaatiga rad javobini berdi.

Javob xatida aytilishicha, Cotton Campaign koalitsiyasi «2019 yilda 100 mingdan ortiq kishi majburiy mehnat bilan band bo‘lgani va brendlarga ishchilarning himoyasi borasida qo‘shimcha kafolatlar zarur» ekanini ma'lum qildi.

Cotton Campaign koalitsiyasi O‘zbekiston tomonidan majburiy mehnatga barham berish borasidagi yutuqlarni tan olishi va ulardan ilhomlanishini qayd etgan. Biroq boykotni olib tashlash uchun zaruriy shartlardan bo‘lgan fuqarolik jamiyati huquq va erkinliklarini kengaytirish, jumladan, mustaqil NNTni ro‘yxatdan o‘tkazish va ishchilarning mustaqil tashkiloti uchun imkoniyatlar yaratish borasida ortda qolinayotgani bildirilgan.

Xatda aytilishicha, yanvar oyi oxirida Toshkent shahrida vazir Husanov va boshqa yuqori martabali davlat amaldorlari bilan uchrashuvlarda koalitsiya majburiy mehnatga barham berilmaguncha O‘zbekistondan paxta sotib olmaslik haqidagi 305ta jahon brendlari va chakana savdogarlar tomonidan qo‘llab-quvvatlangan majburiyatini qayta ko‘rib chiqishini tasdiqlagan.

Cotton Campaign majburiy mehnatga barham berish borasida O‘zbekiston hukumati bilan konstruktiv hamkorlik davom etishini kutib qolishini ta'kidlagan.

Avvalroq O‘zbekiston tomoni koronavirus oqibatlarini yumshatish uchun tekstil mahsulotlariga boykotni olib tashlashni so‘ragani haqida xabar berilgandi

Mavzuga oid