2020 yilda 2,1 mln gektar maydonda g‘alla va paxta yetishtirilmoqda - vazir o‘rinbosari
Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Saidkamol Xo‘jayevning ma'lum qilishicha, 2020 yilda respublika bo‘yicha 1 mln 78 ming gektar sug‘oriladigan maydonga g‘alla, 1 mln 33 ming 629 gektar maydonda paxta yetishtirilmoqda.
“Karantin davrida joylarda g‘alla va paxta yetishtirish ishlari kechikkani yo‘q, barcha agrotexnik tadbirlar belgilangan reja asosida amalga oshirilmoqda. Joriy yil hosili uchun respublika bo‘yicha 1 mln 78 ming gektar sug‘oriladigan maydonlarga kuzgi boshoqli don ekinlari ekilib parvarishlanmoqda. Rejaga ko‘ra, 7 million 640 ming tonna yoki har gektardan o‘rtacha 71 sentnerdan g‘alla yetishtirish ko‘zda tutilgan.
2020 yilda qo‘shimcha mineral o‘g‘itlar ajratilishi hisobiga g‘alladan qo‘shimcha 20 sentnerdan hosil olishga zamin yaratilmoqda. G‘alla maydonlarining 216 ming gektari boshoqlash, 862 ming gektari naychalash fazasida rivojlanmoqda”, deya Saidkamol Xo‘jayevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Vazir o‘rinbosarining aytishicha, hozirgacha respublika bo‘yicha 697 ming gektar yoki 67foiz maydonga chigit ekilgan.
“Ayni paytda 2020 yil paxta hosili uchun chigit ekish mavsumi qizg‘in pallaga kirgan. 2020 yil hosili uchun 136 ta tumanda 26 ming 952 ta fermer xo‘jaligi, 96 ta klaster va 22 ta kooperatsiyada 1 mln 33 ming 629 gektar maydonda chigit ekish belgilangan.
Hukumatimiz tomonidan chigit ekish ishlarini uyushqoqlik bilan tashkil etishga zarur barcha moddiy resurslar zaxirasi yaratib berilgan, texnika ta'minoti va xizmati yo‘lga qo‘yilgan hamda zarur kredit mablag‘lari bilan uzluksiz ta'minlanmoqda.
Barcha viloyat, tuman va fermer xo‘jaliklari va klasterlarida bo‘lib o‘tgan yog‘ingarchiliklardan keyin chigit ekish ishlari yana boshlanib ketdi. Chigit ekish mavsumida qatnashadigan barcha mexanizatorlar va ishchilar karantin tartiblariga rioya qilgan holda jalb qilingan va ishlar grafik asosida tashkil etilgan”, dedi Saidkamol Xo‘jayev.
Mavzuga oid
18:02 / 10.10.2024
Shahrisabzda aholini paxta terishga majburlagan mahalla raisi salkam 19 mln so‘m jarimaga tortildi
19:45 / 09.10.2024
O‘qituvchilarning paxta terimiga jalb etilishi noqonuniy - MMTV
15:43 / 28.09.2024
Birjada paxta narxi 11 ming so‘mgacha ko‘tarildi. Bu nimadan darak?
12:38 / 27.09.2024