Iqtisodiyot | 15:30 / 20.04.2020
88185
7 daqiqa o‘qiladi

Aholiga moliyaviy ko‘mak berish: Uch bosqichli tizim haqida tavsiya

Ommaviy karantin muddati qanchalik ko‘p uzaytirilar ekan, karantin sababli daromadsiz qolgan aholining moddiy holati shunchalik og‘irlashib boraveradi. Bunday sharoitda davlatning asosiy vazifasi iloji boricha tezroq moliyaviy ko‘makni yetkazish bo‘ladi.

Foto: KUN.UZ

Moliya vazirligining axborotiga ko‘ra, Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasidan 756 mlrd so‘mlik umumiy xarajatdan ijtimoiy himoya uchun 117 mlrd so‘m belgilanib, unda doimiy daromadidan chetlashtirilgan kishilarni moddiy qo‘llash nafaqalari ajratib ko‘rsatilmagan.

Jamg‘armaning daromad qismiga e'tibor bersak, uning 1 596 mlrd so‘mni tashkil etilishini ko‘ramiz. Undan tashqari, prezidentning maxsus farmoniga ko‘ra, jamg‘armaning umumiy hajmi 10 000 mlrd so‘mni tashkil qilishi kerak. Ehtimol, e'lon qilingan xarajatlardan ortganining ma'lum miqdori karantin sababli maosh ola olmayotgan aholi turiga moddiy ko‘mak tayinlanar va hozirgi vaqtda raqamlarni aniqlashtirish jarayoni ketayotgandir. Nima bo‘lganda ham bu vazifani uzoq kechiktirib bo‘lmaydi.

Moliyaviy ko‘mak miqdorini belgilash uchun uch omilga qaraladi:

– mazkur maqsad uchun ajratilgan jamg‘arma miqdori;

– nafaqa olishga haqli har bir kishiga ko‘rsatiladigan minimal moliyaviy ko‘mak miqdori;

– moliyaviy nafaqa olishga haqli aholining umumiy soni.

Bosh vazir o‘rinbosari, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov Kun.uz'ga bergan intervyusida nafaqaga muxtoj kishilarni aniqlash oson kechmasligi, buning sababi – mehnat qilib kelgan shaxslarning katta qismi norasmiy sektorda band ekanini aytib o‘tdi.

Qimmatli vaqt yo‘qotmaslik maqsadida ko‘mak transhlarini bir necha bosqich – eshelonlar bilan tashkil qilinishini tavsiya etamiz. Bunday mexanizm ikki oqimli tizim bilan ishlaydi: axborot va mablag‘ oqimlari. Maxsus komissiya qoshida markaziy moliyaviy ko‘mak xizmati tashkil qilinib, unga nafaqa transhlari bo‘yicha banklarga topshiriq berish vakolati beriladi.

Birinchi eshelon: Banklar o‘z mijozlari bo‘lmish vazirliklar, uyushmalar, tashkilotlar, mahalliy budjetlar va xususiy korxonalardan (umumiy qilib «tashkilotlar» deb ataymiz) karantin muddatiga maoshidan chetlashtirilgan xodimlar umumiy soni haqida axborot yig‘adi va olingan axborotni Maxsus komissiyaga yuboradi.

Maxsus komissiya moliyaviy ko‘mak umumiy raqamida har bir bankka talab qilingan miqdorda mablag‘larni o‘tkazadi, bank esa o‘z navbatida tashkilotlar so‘ragan mablag‘ni ularning hisob raqamlariga o‘tkazadi.

Tashkilotlar bu jarayonda avvalgi yuborgan umumiy miqdorga ilova qilib nafaqa oladigan xodimlar ro‘yxatini ism-familiya va pasport raqamlari bilan Maxsus komissiyaga oddiy shaklda bir andozali ma'lumotnoma topshiradilar. Tashkilotlar hisob raqamlariga tushgan ko‘mak pulini oylik sxemalari orqali xodimlar plastik kartalariga o‘tkazib beradilar. Maxsus komissiya axborot tizimiga birinchi eshelon ro‘yxatlari har bir nafaqa oluvchining ism-familiyasi, pasport raqami, tashkilot nomi va ro‘yxatga olinish sanasi kiritiladi.

Ikkinchi eshelon: mahalliy hokimliklarning Maxsus komissiyasi («mahalliy komissiya») mehnatga layoqatli, ammo ishsiz, bandligi rasmiylashtirilmagan, yakka tartibdagi tadbirkorlar va umuman birinchi eshelon ko‘lamiga kirmagan karantin nafaqasiga loyiq kishilarning ism-familiyalari va pasport raqamlari ko‘rsatilgan ro‘yxat tuzadilar.

Ro‘yxat aholining murojaatlari asosida tuziladi va unda so‘rovchi hech bir joyda rasman ishlamayotganini aytib o‘tgan bo‘lishi kerak. Ushbu mahalliy komissiya ma'lumotni Maxsus komissiyaning markaziy moliyaviy ko‘mak xizmatiga va biriktirilgan bankka uzatadi. Maxsus komissiya banklarga mahalliy komissiyaga taalluqli hisob raqamlariga so‘ralgan mablag‘ni o‘tkazishga topshiriq beradi.

Uchinchi eshelon: nafaqaga loyiq, ammo yuqoridagi birinchi va ikkinchi eshelonlarga kirmagan aholini aniqlashtirish maqsadida mahalla qo‘mitalari, volontyorlar va maxsus ishonch telefoni xizmatlariga topshiriq beriladi. Har bir ma'lumot yig‘uvchi taraf uchinchi eshelon aholining ro‘yxatlarini tuzib, o‘z hududining maxalliy Maxsus komissiyaga topshiradilar va u o‘z navbatida Maxsus komissiyaning moliyaviy ko‘mak xizmatiga axborotni yetkazadi. Moliyaviy ko‘mak xizmati banklarga aniqlangan pul miqdorini o‘tkazishga topshiriq beradi.

Bir necha eshelon ro‘yxatlarda bir kishi qaytadan kirib qolish xatari mavjud. Mazkur xato axborot tizimidagi qayta kirib qolgan kishilarning ismi-familiyasi va pasport raqami orqali chiqadi va «konflikt» statusi bilan alohida ro‘yxatga o‘tkaziladi. «Konflikt» ro‘yxatidagi har bir kishi haqida ma'lumot aniqlashtiriladi, u qaysi eshelon ro‘yxatiga birinchi kiritilgan bo‘lsa, o‘sha yo‘l bilan unga mablag‘ yetkaziladi.

Boshqa masalalar

1. Tavsiya qilinayotgan uch-eshelonlik tizimning har bir pog‘onasida insoniy xato va suiiste'molning oldini oluvchi va aniqlashtiruvi nazorat mexanizmlari o‘rnatilishi kerak. Lekin nazorat pul va axborot oqimlarini sekinlashtiradigan rasmiyatchilikka aylanmasligi lozim. Inqiroz vaziyatida mutasaddilardan ortiqcha rasmiyatchilik qilmaslik uchun ma'lum jur'at va o‘zaro ishonch talab qilinadi.

Qolaversa, bu jarayonda yo‘l qo‘yilgan qonunbuzarlikni aniqlashtirish va aybdorlarni jinoiy javobgarlikka tortish qiyin emas, bu haqda jiddiy ogohlantirish berish firibgarlik tahlikasini kamaytiradi, deb ishonamiz.

2. Maxsus komissiya qoshidagi moliyaviy ko‘mak xizmatlari poytaxtda joylashgan bir markaz emas, balki bir necha shahar va viloyatlar mahalliy markazlari ko‘rinishida bo‘lishi mumkin. Asosiy e'tibor, birinchidan, umumiy mexanizmning tez ishlay olishiga, ikkinchidan, yagona axborot tizimi mavjud bo‘lishiga qaratilishi kerak.

3. Yana bir muammo – bu naqd pulni nafaqa oluvchilarga yetkazib berishni tashkil qilish. Bunda birinchi o‘ringa aholining plastik kartasidagi hisob raqamlari bilan ta'minlangani chiqadi. Aholi tushgan pulni zaruriy xarajatlariga ishlata olishi uchun savdo shoxobchalari ekvayring tizimlari, onlayn savdo va bozor sharoitlarida kishidan kishiga pul o‘tkazish tizimlarini ishlashini osonlashtirish zarur.

Bu muhim vazifa bilan bog‘liq bo‘lgan texnik muammolarni bartaraf qilish uchun fintex mutaxassislarga buyurtmalar berishni tezlatish kerak. Naqd pullarni bank hisob raqamlari, plastik kartalari bo‘lmagan, ayniqsa olis joylardagi nafaqa oluvchiga yetkazib berishni maxsus jihozlangan inkassator xizmatlari va, agar zarur bo‘lsa, huquqni muxofaza qiluvchi organlar xizmatlaridan foydalanish mumkin.

Shuningdek eng katta xatar – to‘rachilik va ortiqcha rasmiyatchilik keskin ravishda to‘xtatilishi va kerak bo‘lsa, ma'muriy jazolanishi lozim.

Jamshid Muslimov

Mavzuga oid