Jahon | 07:59 / 20.04.2020
2915
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh hukumati kichik biznesni qo‘llab-quvvatlashga qo‘shimcha 300 mlrd dollar ajratmoqchi

AQSh hukumati pandemiya sharoitida kichik biznes korxonalarini qo‘llab-quvvatlash uchun yaqin kunlarda qo‘shimcha 300 mlrd dollar ajratishni rejalashtirmoqda.  

Bunday bayonot bilan 19 aprelda AQSh moliya vaziri Stiven Mnuchin chiqish qildi.

“Biz AQSh kongressi yaqin orada qo‘shimcha mablag‘lar ajratishni ma'qullashiga umid qilmoqdamiz. Hisob-kitoblarimizga ko‘ra, 300 mlrd dollar zaymlarni deyarli hamma olishi uchun yetishi kerak”, deb aytgan Mnuchin. 

“O‘ylashimcha, biz bu borada kelishuvga erishamiz, Senat esa uni ertaga, vakillar palatasi esa seshanba kuni ma'qullaydi. Chorshanbadan esa biz kichik biznes korxonalariga zaymlar berishni davom ettiramiz”, deb qo‘shimcha qilgan moliya vaziri.  

AQSh prezidenti Donald Tramp 27 mart kuni pandemiya oqibatlarini yengishga va iqtisodiyotni rag‘batlantirishga qaratilgan 2 trln dollardan oshiqroq qiymatdagi choralar haqidagi qonunni imzolagandi. Qonun ishsizlik bo‘yicha nafaqalar to‘lanishi, shifoxonalarga yordam berilishi, biznesga va butun tarmoqlarga ko‘mak ko‘rsatilishini ko‘zda tutadi. 350 mlrd dollardan ko‘proq mablag‘ kichik biznesga kreditlar ajratishga yo‘naltirilgan. Agar bu mablag‘lar xodimlarga maosh berishga yoki ipoteka kreditlari va ijara haqi to‘lashga sarflansa, davlatga qaytarilmaydi. 16 aprelda bu mablag‘larning barchasi sarflab bo‘lingan. 

Mavzuga oid