Jamiyat | 20:47 / 21.04.2020
30052
4 daqiqa o‘qiladi

Sel xavfida yashayotgan qishloq. Himoya zonasi qurilib, muammoning oldi olinishi mumkin

Surxondaryo viloyatining Boysun tumanidagi Kofrun qishlog‘i «Ko‘lqamish» mahallasi hududidan oqib o‘tuvchi Xongaronsoy yildan yilga qo‘rqinchli tus olmoqda. Yog‘ingarchilik mavsumida asosiy sel yo‘liga aylanadigan soyning o‘zani o‘zgarib, aholi yashash joylariga xavf solyapti.

Mahalliy aholi vakillari har yili sug‘oriladigan yerlarning katta qismini sel yuvib ketayotganini aytmoqda. Natijada unumdor ekin maydonlari foydalanishga yaroqsiz yerlarga aylanmoqda. Selni to‘sish uchun soy o‘zanida barpo etilgan himoya-to‘siqlar hech qanday ish bermayapti.

«Bundan ikki-uch yil oldin soyning eni 50 metrni tashkil qilardi. Tinimsiz sel kelishi tufayli hozirga kelib soyning eni 150 metrgacha kengayib ketdi. Suv soy bo‘yidagi hamma narsani yuvib borayotir. Odamlarning uylariga ham xavf solmoqda. Soy bo‘yidagi bir necha oilaning uyi suv ostida qolish arafasida turibdi. Sel odamlarning ekin maydonlari, tomorqalarini ham yuvib ketyapti.

Yaqinda Favqulodda vaziyatlar vazirligining Boysun tuman bo‘limi vakillari kelib holatni o‘rganib ketishdi. Uyini suv yuvib ketish arafasida turgan xonadon egalariga bu yerdan ko‘chish kerakligini aytishgan. Odamlar ko‘chishga imkoniyati bo‘lmagani sababli hayotlari xavf ostida qolayotgan bo‘lsa-da, ular haligacha uylarida yashab yurishibdi.

Hukumatimizdan soy bo‘yidagi aholi uylarini asrab qolishni, sel xavfini bartaraf etish uchun kanal qurib berilishini iltimos qilamiz», deydi ko‘lqamishlik Eson bobo To‘rayev.

Shu qishloqda yashovchilardan yana biri muammoni olish uchun ikki kilometrlik himoya zonasi barpo etilishi kerakligini aytadi.

«Sel oqibatida soy kengayib ketgani uchun qishloq aholisi tuman markazidan uzilib qolgan. Bahor-yoz paytida darada suv ko‘p bo‘ladi. Soyning boshqa qishloqlardan o‘tgan qismidagi qirg‘oqlari ancha mustahkam, «Ko‘lqamish» mahallasi hududidan o‘tgan soyning qirg‘oqlari yuvilib ketayotgani uchun yashash juda xavfli bo‘lib bormoqda. Ikki kilometrlik himoya zonasi qurib berilsa, muammoning oldi olingan bo‘lardi», deydi Tojimurod Xudoyshukurov.

Shu qishloqlik Nuriddin Amirov esa soy o‘zanida suv ombori qurilayotgani, lekin u yog‘ingarchilik kuchaygan mahalda suvni tutib tura olmasligini bildirdi.

«Yillar davomida bahor va yoz oylari soyga kuchli sel kelishi oqibatida soy o‘zanini kengaytirgan va tarixiy o‘zanini o‘zgartirgan. Buning oqibatida o‘rtacha 25-30 gektar sug‘oriladigan unumdor ekin maydonlarini sel yuvib ketgan va foydalanishga yaroqsiz yerlarga aylantirgan.

Ayni paytda Xongaronsoy o‘zanida sel suvlarini to‘plash uchun suv ombori qurilmoqda. Biroq ushbu suv ombori yog‘incharchilik kuchaygan vaqtlarda selni tutib qola olmayapti. Aksincha, suv omborida to‘plangan suv sel oqimini kuchaytirib yubormoqda. Buning oqibatida vaziyat borgan sari xavfli tus olayotir. Bu holat bundan keyin ham davom etishidan xavotirdamiz», deydi Nuriddin Amirov.

Xongaronsoyning ikki qirg‘og‘ida jami 30ta xo‘jalik yashaydi. Sel mavsumida soy bo‘yida yashaydigan odamlar yuragini hovuchlab o‘tirishadi. Soydan oqib keluvchi sel tobora aholi yashab turgan uylar tomon yaqinlashib kelmoqda.

Agar mazkur masalaga Favqulodda vaziyatlar vazirligi va Surxondaryo viloyat hokimligi tomonidan jiddiy e'tibor qaratilib, muammoning oldi olinmasa, tez orada soy bo‘yidagi uylarni ham sel olib ketishi mumkin.

Jamshid Niyozov
Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid