O‘zbekiston | 22:38 / 22.04.2020
31351
5 daqiqa o‘qiladi

O‘rta va kichik biznes sub'yektlari uchun ham maxsus ruxsatnomalar berilishi rejalashtirilgan – Abdulla Azizov

Davlat soliq qo‘mitasi karantin davrida yirik soliq to‘lovchilarning transport vositalariga maxsus ruxsat beruvchi stikerlar berishni yo‘lga qo‘ydi. Bunday stikerlar keyingi bosqichda o‘rta va kichik bizneslarga ham berilishi kutilmoqda. Bu haqda Davlat soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Abdulla Azizov Kun.uz’ga bergan intervyusida ma'lum qildi.

«Yirik soliq to‘lovchilar toifasiga kiruvchi korxonalarning uzluksiz faoliyat yuritishi uchun maqbul sharoitlar yaratish maqsadida ushbu korxonalarga tegishli xizmat avtomobillari va bu yerda ishlovchi xodimlarning shaxsiy mashinalari uchun maxsus QR-kodli ruxsatnomalar berishni yo‘lga qo‘ydik. Ushbu hujjatni olish uchun qayergadir borish shart emas. Buning uchun yirik korxonalar soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali elektron soliq xizmatlari portalida maxsus anketani to‘ldirib ariza berish mumkin. Ya'ni barchasi onlayn tarzda amalga oshiriladi. Ariza yuborilgan kundan boshlab bir ish kuni ichida shakllantiriladi.

Maxsus ruxsatnomani printer orqali chiqarib olish kifoya. Uni soxtalashtirishning imkoni yo‘q. Maxsus QR-kod orqali buni tezda aniqlash mumkin. Masalaning bu tomoni ham inobatga olingan », deydi Abdulla Azizov.

Qo‘mita rasmiysining aytishicha, yirik soliq to‘lovchilar uchun cheksiz miqdorda ruxsatnoma berilmaydi. Hududlararo inspeksiya tomonidan bu borada kvota belgilangan bo‘lib, ana shu kvota doirasida maxsus ruxsatnomalar ajratiladi.

«Bugungi kunda respublika bo‘yicha yirik soliq to‘lovchilar soni 790tani tashkil etadi. Qo‘mitamizning ular bilan ishlovchi hududlararo inspeksiyasi tomonida har bir yirik korxona uchun kvota belgilangan. Masalan, ba'zi bir korxonalarga 10ta, boshqa biriga 30ta, kimgadir 5ta avtomobil uchun maxsus ruxsatnomalar beriladi. Kvotalar miqdori korxonadagi xodimlar soni, bu avtomobillar korxona faoliyati uchun qanchalik kerakligi kabi omillarga qarab belgilanadi.

Yirik soliq to‘lovchilar soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali elektron soliq xizmatlari portalida maxsus anketani to‘ldirish jarayonida nechta mashinaga ruxsatnoma kerakligini ro‘yxat ko‘rinishida mashinalarning raqamlarigacha ko‘rsatib o‘tishadi. Keyinchalik bir oy davomida ushbu ro‘yxatga o‘zgartirish kiritib yoki qaysidir mashinani o‘chirib, o‘rniga boshqasini tiqishtirib bo‘lmaydi. Ruxsat beruvchi stiker 30 kun mobaynida amal qiladi. Ushbu muddat o‘tganidan so‘ng qayta ariza berish jarayonida boshqa avtomobillar uchun ruxsatnoma so‘rash mumkin bo‘ladi», deydi Abdulla Azizov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, korxonalar istalgan vaqtda qo‘shimcha kvota so‘rab murojaat qilishi mumkin.

«Stikerlar berilgan korxonalarning xizmat avtomobillari va u yerda ishlovchilarning shaxsiy transport vositalari uchun beriladi. Ruxsatnoma berilgan mashinalardan faqat xizmat maqsadida va belgilangan yo‘nalish bo‘yicha foydalanishga ruxsat etiladi. Deylik, u avtomobildan shaxsiy maqsadlarda foydalansa, ya'ni unga taqdim etilgan ishonchni suiiste'mol qilsa, bugun barcha aholi punktlari va serqatnov ko‘chalarda joriy etilgan vaqtinchalik to‘siq postlarda navbatchilikda turgan YPX xodimlari tomonidan to‘xtatilishi va haydovchi belgilangan yo‘nalish bo‘yicha harakatlanmayotgani aniqlansa, ruxsatnoma bekor bo‘lishi ham mumkin.

Yana bir jihatni eslatib o‘tishni xohlardim. DSQ tomonidan maxsus stiker beriladigan avtomobillar ertalab soat 7:00dan kechki 20:00ga qadar harakatlanishi mumkin. Undan oldin yoki undan keyin harakatlanish javobgarlikka sabab bo‘ladi. Shuning uchun ruxsatnomani qo‘lga kiritgach, «bo‘ldi, endi xohlaganimni qilaman », deydiganlar qattiq adashadi. Chunki bu – yengillik kimlarningdir mashina ko‘chada sayr qilib yurishi uchun emas, balki ish uchun, korxona faoliyati to‘xtab qolmasligini o‘ylab qilinayotgan tadbir.

Bundan tashqari, transport vositasini boshqarish jarayoni va korxonadagi ish vaqtida sanitariya qoidalari va karantin talablariga e'tibor berish juda muhim.

Ruxsat beruvchi stikerlar uchun hech qanday to‘lov undirilmaydi. Boshlanishiga faqat yirik soliq to‘lovchi korxonalar uchungina bunday imkoniyat taqdim etilayotgan bo‘lsa, keyingi bosqichda o‘rta va kichik bizneslarga ham berilishi rejalashtirilgan », deydi u.

Avvalroq Davlat soliq qo‘mitasi qanday korxonalar yirik soliq to‘lovchilar toifasiga kiritilishini ma'lum qilgandi.

Mavzuga oid