Jamiyat | 16:12 / 22.04.2020
20103
14 daqiqa o‘qiladi

Shifokorlar va tabiblar o‘rtasida sog‘lom raqobat bo‘lishi lozim – Xalq tabobati assotsiatsiyasi raisi

O‘zbekiston xalq tabobati ming yillik an'analarga ega. Vatanimiz hududida azal-azaldan dunyoga mashhur tabiblar yashab ijod qilgan, ko‘plab kasalliklarga shifo topgan, aholi dardiga malham bo‘lgan. Xo‘sh, bugungi vaziyat qanaqa? Soha qanday istiqbollarga ega?

Shu va boshqa savollarga oydinlik kiritish uchun Xalq tabobati assotsiatsiyasi raisi Ro‘zimuhammad Xonnazarov bilan suhbat uyushtirdik.

– Ro‘zimuhammad Abduqahhorovich, bizga ma'lumki, siz Xalq tabobati assotsiatsiyasi raisi bo‘lish bilan birga shu sohada doktorlik darajasiga ega O‘zbekistondagi yagona olimsiz. Ayting-chi, sohaning kechasi, buguni va ertasiga qanday baho berasiz?

Ro‘zimuhammad Xonnazarov

– Xalq tabobati sohasining o‘tmishi haqida gapiradigan bo‘lsak, uning o‘tmishi qorong‘i edi, ya'ni xurofot sifatida qaralar, xalqimizning ming yillar davomida shakllangan va avloddan avlodga o‘tib kelayotgan tabobatga oid bilim, tajriba va ko‘nikmalari e'tibordan chetda qolgandi. Qisqacha aytganda, tabiblarning egasi yo‘q, ular qayerga murojaat qilishni bilmas, qonunchilikda esa bo‘shliq bor edi.

 Sohaning buguni prezidentning 2018 yil 12 oktyabrdagi «O‘zbekiston Respublikasida xalq tabobati sohasini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori bilan bog‘liq bo‘ldi. Chunki bu qaror O‘zbekiston tarixida sohani tartibga solishga qaratilgan birinchi normativ-huquqiy hujjat edi.

Shu bilan birga, joriy yilning 10 aprelida davlatimiz rahbarining «O‘zbekiston Respublikasida xalq tabobatini rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» ikkinchi qarori qabul qilindi. Bu qaror xalq tabobatining huquqiy maqomini yangi bosqichga olib chiqdi. Chunki bugun xalq tabobati mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimida rasmiy maqomga ega bo‘ldi. Sodda qilib aytganda, tabiblar qonuniy faoliyat yuritishi mumkin bo‘ldi.

Istiqbollariga kelsak, bugun dunyo mamlakatlari aholisi, asosan rivojlangan davlatlar aholisining tabiiy, arzon, zarari kam va xavfsiz xalq tabobati usullari va dori vositalariga qiziqishi ortib bormoqda. Bizning diyorimizda buyuk tabiblar o‘tganini va ulardan ulkan ma'naviy meros qolganini hech kim inkor eta olmaydi. Ayni paytda mamlakatimizning bu sohada imkoniyatlari juda katta. Masalan, respublikamizda o‘n mingdan ortiq mahalla fuqarolar yig‘ini bo‘lsa, o‘rtacha olganda har bir mahallada bir nafardan tabib faoliyat yuritayotgan bo‘lsa, ularning soni 10 mingdan ortadi. Bu tibbiyot sohasida katta kuch va imkoniyat demakdir. Faqat biz bundan to‘g‘ri va samarali foydalanishimiz kerak.

To‘rt mo‘'tadil iqlimga ega mamlakatimiz hududida noyob tabiiy holda o‘sadigan dorivor giyohlar bor, tabiblar ulardan samarali foydalanib kelmoqda. Bugun xorijdan kelayotgan mehmonlar kasalxonalardagi zamonaviy tibbiy uskunalar va jihozlar uchun emas, balki noyob dorivor giyohlar va buyuk Ibn Sinoning merosxo‘rlari bo‘lgan tabiblarni qidirib kelayotganiga ko‘p guvohi bo‘lyapmiz. Ular nafaqat tabibga, balki mamlakatimiz iqtisodiyotiga ham sezilarli foyda keltirishi mumkin.

– Ming afsuski, so‘nggi yillarda xalq tabobati deganda ko‘proq ommani aldab pulini olish payida bo‘lganlar tushuniladi. Bunga sabab nima deb o‘ylaysiz?

– Bunga sabab – uzoq yillar davomida xalq tabobati sohasi o‘z holiga tashlab qo‘yilgani, ijtimoiy fanlar doirasida ushbu hodisaning ilmiy jihatdan tadqiq qilinmagani va qonunchilikdagi bo‘shliq mamlakatimizda tabib niqobi ostidagi firibgarlar, ya'ni «soxta tabib»lar ko‘payishiga sharoit yaratdi.

Qonunchilikda biror bir talablar o‘rnatilmagani sababli xohlagan soha vakillari tabiblikka da'vogarlik qila boshladi. Traktorchi ham, folbin, kinnachi, veterinar ham tabib bo‘ldi.

Natijada haqiqiy tabib bilan soxta tabibni ajratib olishning imkoni bo‘lmay qoldi. Bunday holatlar tarixda ham bo‘lgan. Shu o‘rinda o‘zbek xalqining buyuk mutafakkiri Alisher Navoiyning quyidagi fikrlarini keltirib o‘tish o‘rinli, deb hisoblayman: «Nodon tabib – jallodning shogirdidur; jallod tig‘i bilan, tabib esa zahri bilan o‘ldirur, u zolim va zulm qiluvchidur. Jallod nodon tabibdan afzaldur. U hukm etilganlarni o‘ldirur, tabib esa aybsiz, gunohsizlarni o‘ldirur».

Yana bir jihat, hozirgi kunda ko‘pchilik shifokorlar dori-darmon firmalarining dilerlariga aylanib qolgan. Ba'zan ular kasalni tuzatishdan ko‘ra, o‘zi hamkorlik qilayotgan firma dorilarini ko‘proq sotilishidan manfaatdor va bemorga kimyoviy dorilarni keragidan ortiq tayin qiladi.

Xalq iborasi bilan aytganda, kimyoviy dorilarga ruju qo‘ygan bemor «burga»ni o‘ldiraman deb, «ko‘rpa»sini ham yoqib yuboradi. Nopok shifokor va sun'iy doridan «og‘zi kuygan» bemor yo o‘zini o‘zi davolashga o‘tadi yoki tabib niqobi ostidagi soxtakorning ostonasiga yotib oladi. Ya'ni aholining tibbiy madaniyati ham bu o‘rinda katta rol o‘ynaydi.

So‘nggi yillarda sohada xizmat ko‘rsatuvchi shaxslarga mijozlar sog‘lig‘iga zarar yetkazganlik uchun javobgarlik belgilanishi soxta tabiblar faoliyatiga chek qo‘yilib, aholining xalq tabobatiga nisbatan ishonchining yanada ortishiga xizmat qiladi, albatta.

Koronavirus pandemiyasi chog‘ida eng ko‘p bahslar yuritilgan mavzulardan biri – isiriqning bunday vaziyatda foyda berish-bermasligi to‘g‘risida bo‘ldi. Bu bo‘yicha sizning pozitsiyangiz qanday?

– Isiriq qadim zamonlardan beri an'anaviy xalq tabobatida keng qo‘llanib kelingan. Hozir ham har bir xonadonda isiriqdan foydalaniladi, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Uning ming xil dardga davoligi xalq orasida ma'lum va mashhur. Ayniqsa, yuqumli kasalliklarga qarshi profilaktikaning eng ishonchli an'anaviy usuli hisoblanadi.

Abu Bakr ar-Roziyning «Chechak va qizamiq haqida kitob» nomli asarida isiriq tutatish qizamiq, bezgak kabi yuqumli kasalliklarning oldini olish va davolashda ijobiy ta'sirga egaligi bayon qilingan.

Garchi koronavirusga qarshi isiriq tutunining samarasini tasdiqlovchi ilmiy isbot bo‘lmasa-da, u har qanday yuqumli kasalliklarni oldini olishda foydalanish ijobiy samara beradi. Chunki isiriq tutuni inson organizmiga turli viruslarning kirishiga yo‘l qo‘ymaydi.

Sohada so‘nggi yillarda qanday muhim kashfiyotlar qilindi va qaysi kasalliklarni davolashda sezilarli ijobiy natijalarga erishildi?

– Bu borada hali katta kashfiyotlar qilindi, deb aytolmayman. Lekin bugun har bir tabibning zamonaviy tibbiyot oldida murakkab bo‘lib ko‘rinayotgan surunkali kasalliklarni, diabet, yurak qon-tomir, allergik kasalliklarni, inson a'zolaridagi tosh va qumlarni tig‘siz tushirish, o‘smalar, teri kasalliklari va boshqa kasalliklarni davolayotganining o‘zi katta kashfiyot.

Zamonaviy tibbiyot bilan xalq tabobati alohida yo‘lda ketayotgandek va bir-birini inkor etayotgandek tasavvur uyg‘onadi. Aslida holat qanaqa?

– Aslida ham holat qoniqarli emas. Bundan 2400 yil muqaddam Suqrotning shogirdi Aflotun shunday degan ekan: «Juda katta xato ro‘y beryapti: vujud va ruhiyat kasalliklarini alohida-alohida shifokorlar davolayaptilar. Axir ular bir-birlaridan ajralgan holda emas-ku?»

Shu kunlarda shifokorlar odamni «taqsimlab» davolamoqdalar. Natijada, kasallik juda katta ruhiy va jismoniy kuch sarflangan holda juda sekin, imillab davolanyapti.

Zamonaviy tibbiyot va xalq tabobati o‘rtasida katta tafovut bor. Buning asosiy sabablaridan biri – mazkur soha mutaxassislarini tayyorlash bilan bog‘liq. Tibbiyot oliy o‘quv yurtlarida xalq tabobati bilan bog‘liq ta'lim berilmaydi. Shu bois bo‘lg‘usi shifokorlar xalq tabobatining davolash usullari bo‘yicha yuzaki bo‘lsa ham tasavvurga ega emaslar.

Yana bir muammo – xalq tabobatida muayyan bir kasallikni davolashda turli xil usul va vositalardan foydalaniladi, shuningdek, har bir tabib davolashga individual asosda erkin va ijodiy yondashadi. Zamonaviy tibbiyotda esa davolash tegishli tartibda tasdiqlangan qat'iy standartlar va protokollar asosida amalga oshiriladi, bunda shifokor mustaqil harakat qilish imkoniyatiga ega bo‘lmaydi. Standartni buzsa, javobgarlik muqarrar. Lekin, hamma bemorlarga bir xil standartni qo‘llash ham ijobiy samara bermaydi. Chunki har bir inson tanasi har xil mizojga ega bo‘lishi mumkin.

Ayni paytda zamonaviy shifokorlar tabiblarni tibbiy ma'lumotga ega bo‘lmagani uchun savodsizlikda ayblashadi. Tabiblarning ham tibbiy ma'lumotga ega bo‘lishlari shartligi yuzasidan bildirilgan mulohazalar ham mavjud voqelikni e'tiborga olmasdan aytib o‘tilganini qayd etish joiz. Chunki tabiblik qobiliyati, bilim va ko‘nikmalari odatda avloddan avlodga, ustozdan shogirdga, ayrim holatlarda esa zamonaviy fan ilmiy jihatdan izohlab bera olmaydigan holatlarda o‘tadi. Masalan, Ibn Sinoning tibbiy ma'lumot to‘g‘risida diplomi bo‘lmagan...

Bugungi kunda xalq tabobati zamonaviy tibbiyotga qo‘shimcha sifatida rasmiy maqomga ega bo‘ldi. Bu katta yutuq, lekin fikrimcha, xalq tabobati bu zamonaviy tibbiyotga qo‘shimcha emas, balki kasalliklarning oldini olish, profilaktika qilish, tashxis qo‘yish va davolashning muqobil (alternativ) tizimi sifatida rasmiy maqomga ega bo‘lishi lozim. Shundagina har ikkala tizim o‘rtasida sog‘lom raqobat bo‘lishi mumkin.

Bu pandemiya inson immuniteti, organizmning umumiy holati naqadar muhimligini ko‘rsatdi. Fursatdan foydalanib, sohangizdan kelib chiqib, sog‘liqni mustahkamlashda qanday oddiy va xalqona tavsiyalar bergan bo‘lardingiz?

– Tabobatda ruh birlamchidir. «Vujud ruhning amriga moyil», deydi Ibn Sino. Hakimlarning fikricha, kasallik – bu eng avvalo idrok qilish, hissiyotli sezgi yo‘llari orqali kelib tushadigan axbordir.

Masalan, gripp yoki o‘tkir respirator virusli infeksiyalarni olaylik. Bu kasalliklarga asosiy sabab: havo-tomchi yo‘llari orqali o‘tadigan viruslar, deb bilamiz. Ammo faqat bugina emas. Vujudga tushgan virusning o‘zi hech narsa qilolmaydi. Vujudiga virus tushganini shu odamning o‘zi ham hali bilmaydi. Tushgan viruslar yo‘lida vujudning himoya kuchlari o‘tib bo‘lmas to‘siq bo‘lib, ko‘ndalang turib qoladi. Ammo hamma joyda virus tarqalgani haqidagi vahimani eshitgan va virusning asoratlari og‘irligidan hayajonga tushgan odamlar bu kasallikka uchrashdan qo‘rqib qoladilar. Ana shunda, qo‘rquvdan zaiflashgan vujudning himoya kuchlari bo‘shashadi.

Shu o‘rinda savol tug‘iladi, xo‘sh inson ruhiyatini qanday oziqlantirsa bo‘ladi? Ilohiy tabobatda «Davoning eng yaxshisi Qur'ondir» deyiladi.

«Yeydigan ovqatingiz dori, doringiz ovqat bo‘lsin» deb, Shayx ur-rais bejiz aytmaganlar. Insonning salomatligi va tirikchiligi tabiiy oziq-ovqat mahsulotlari bilan. Asaldan tortib sabzi murabbosi-yu, anjir murabbosigacha koni shifodir.

Doimiy harakatda bo‘ling, negaki hayotning har qanday ko‘rinishlarida harakat zaruriy omil hisoblanadi. Buyuk hakim Ibn Sinoning «Doimiy harakatda bo‘lgan odam tabibga muhtoj bo‘lmaydi» degan gaplari – isbot talab qilmas haqiqat. Ayni paytda, harakat bemaqsad bo‘lmasligi shart. Salomatlikning muhim omili bo‘lgan doimiy harakatning noyob ko‘rinishlari namoz o‘qiyotgan odamda mujassam.

Abror Zohidov suhbatlashdi.

Ro‘zimuhammad Xonnazarov – Yakkabog‘ tumani tog‘li Muchin qishlog‘ida, tabib Abduqahhor hoji oilasida tug‘ilgan. Huquqshunoslik bo‘yicha oliy ma'lumotga ega. Xalq tabobati bo‘yicha 130dan ortiq mamlakatlar tajribasini o‘rgangan. 2019 yilda Prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida «Xalq tabobati sohasini davlat tomonidan huquqiy tartibga solish va boshqarish» mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qilib, yuridik fanlar doktori ilmiy darajasini olgan.

Ayni paytda, davlat rahbarining 2018 yil 12 oktyabrdagi «O‘zbekiston Respublikasida xalq tabobati sohasini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori asosida tashkil qilingan Xalq tabobati assotsiatsiyasining raisi sifatida faoliyat olib bormoqda.

Mavzuga oid