O‘zbekiston | 23:32 / 23.04.2020
52853
11 daqiqa o‘qiladi

Chorva mollari orasida oqsil kasalligi tarqalmoqda. Emlash yetarli bo‘lmagani qanchalik haqiqat? – Mutaxassis bilan suhbat

Shu kunlarda tahririyatimizga chorva mollari orasida oqsil (oqsim) kasalligi boshlangani va u tez sur'atlarda ko‘payayotgani borasida murojaatlar yetib kelmoqda.

Biz bunday murojaatlarni Samarqand va Andijon viloyatida yashovchi fuqarolardan bir necha marta qabul qildik. Murojaatchilarning aytishicha, kasallik tufayli chorva hayvonlari tez-tez nobud bo‘lmoqda. Kasallik ayniqsa yosh buzoqlarda juda og‘ir kechyapti.

O‘zbekistonda chorvachilikni rivojlantirish uchun Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi ma'sul hisoblanadi. Biz qo‘mitaning bu ma'lumotlardan qanchalik xabardor ekani va virusga qarshi qanday ishlar qilayotgani bilan qiziqdik.

Savollarimizga qo‘mitaning Chorva hayvonlar sog‘ligini himoya qilish boshqarmasi boshlig‘i Habibula Hamdamov javob berdi.

— Habibulla aka, bizga hududlarda chorva hayvonlari orasida oqsil kasalligi tezkorlik bilan tarqalayotgani borasida tashvishli xabarlar yetib kelmoqda.

Dastlab oqsil kasalligi qanday kasallik ekani borasida ma'lumot bera olasizmi?

­— Savolingiz uchun rahmat. Intervyumiz juda vaqtida bo‘ldi. Chunki hozir bahorning o‘rta vaqti va bu vaqtda ayniqsa qishdan chiqqan hayvonlarimiz ko‘pincha A vitaminoz holatida, yetarli miqdorda boqilmagani, ozuqa moddalari yetarli bo‘lmaganidan turli xil kasalliklarga moyil bo‘lib qoladi.

Va shu davrda ularning turli xil infeksion kasalliklarining oldin olish masalasi dolzarb bo‘lib qoladi. Aynan shu bahor oylarida turli infeksion kasalliklarning ko‘payishi tez-tez uchrab turadi. Lekin bir narsani ta'kidlab o‘tish joiz, oqsil kasalligi bu juda o‘tkir kechuvchi va o‘ta tez tarqaluvchi infeksion virus kasalligi bo‘lib, juft tuyoqli qishloq xo‘jaligi hayvonlari, undan tashqari yovvoyi hayvonlarni ham zararlaydi.

Butun dunyoda bu kasallik juda qattiq nazoratda. O‘zbekistonda o‘ta yuqumli va katta talafot keltiradigan yuqumli kasalliklarni davlat budjetidan emlash (vaksinatsiya o‘tkazish) hamda profilaktik va diagnostik tadbirlarni olib borish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining alohida qarori bor.

Oqsil kasalligiga kelsak, ushbu vaksinatsiya tadbirlar bir yilda ikki marta olib boriladi. Asosiy maqsad – qoramollar va mayda shoxli mollarning kamida 70-80 foizini vaksinatsiya qilib chiqish. Chorva mollari 70-80 foiz vaksinatsiya qilingan taqdirda ushbu kasallikning kelib chiqishini  va juda kuchli tarzda tarqalishining oldini olishimiz mumkin.

— Virus, kasallik haqida ma'lumot berdingiz. Odamlarda shunday e'tiroz bo‘lyaptiki, avvallari chorva hayvonlari yoppasiga emlanardi, shu tufayli kasallik yengil o‘tardi, lekin hozir bunday emlashlar soni juda ham qisqarib ketgan. Odamlar mollarini o‘z yonidan pul to‘lab emlasa emlaydi, bo‘lmasa emlanmay qolib ketaveradi. Kasallikning ko‘payayotgani, chorva mollarining nobud bo‘layotganiga sabab – mana shu deyishmoqda. Siz ma'lumotingizda aytyapsizki, davlat budjetidan bunga juda katta mablag‘ sarflanadi, bepul emlash kerak deb. Nimaga joylarda emlash bepul o‘tkazilmayapti, yoki emlashsiz qolib ketyapti?

— O‘zbekiston hududi juda katta va turli holatlar kelib chiqishi mumkin. Bu yerda inson omilini ham inobatga olishimiz kerak. Chunki O‘zbekistonda 13 millionga yaqin qoramollar mavjud bo‘lsa, ularning 90 foizdan ortiqrog‘i mayda dehqon xo‘jaligi sharoitida boqib kelinmoqda.

O‘zingiz ko‘rib turibsiz, o‘rta miqdorda 2,5-3 bosh qoramol saqlanadigan har bir xo‘jalikka tashrif buyurib, vaksina qilish – juda qiyin jarayon va har bir veterinariya mutaxassisga bu  har oyda 2,5-3 mingta yuklama degani.

— Ularning aytishi bo‘yicha, emlanishsiz qolib ketish holatlari muttasil yillar davomida davom etib kelayotgan ekan.

— Bunday bo‘lishi mumkin emas. Chunki har bir hudud o‘zining veterinariya uchastkasi qaramog‘iga kiritilgan. Bitta veterinariya uchastkasiga o‘rtacha 3-4 mingta qoramol kirsa, 3-4 mingta qoramolga o‘rtacha miqdorda 2-3 ta veterinariya mutaxassisi doimiy ravishda faoliyat olib boradi va ushbu veterinariya uchastkalarida muntazam ravishda viloyat veterinariya boshqarmalari tomonidan vaksinalar yetkaziladi.

Oqsil kasalligiga to‘xtasak, bu yerda bir narsani e'tiborga olish kerak, oqsil kasalligiga immunitet organizmda olti oygacha ushlanib turadi. Shu sababli davlat veterinariya tizimi har yili ikki marotaba vaksinatsiya tadbirlarini olib borishga majbur.

Ko‘rib turibsiz, bu har bir veterinariya mutaxassisiga juda katta yuklama to‘g‘ri keladi. Ko‘pchilik hollarda veterinariya vrachi aholi punktiga tashrif buyurganda 50 foiz qoramollarni vaksinatsiya qilsa, qolgan 50 foizi dashtda, podada bo‘lib turadi. Yana qaytib kelishi uchun veterinariya mutaxassisi katta masofani bosib kelishi kerak.

— Oqsilni juda xavfli dedingiz. Bu sharoitda shifokorlar yetishmayotgani muammosi sizlarda yillar davomida bor ekan, nega xodimlar talabga qarab ko‘paytirilmaydi? Axir, xodimlarimiz kam deb muammoni aytavergan bilan unga yechim izlanmasa ham bo‘lmaydi.

— Bu yerda biz bir narsani aniq qilishimiz kerak. O‘zbekiston hududida oqsil kasalligini uchrashini o‘zi hali isbotlangan emas. Chunki oqsilga o‘xshash kasalliklar uchragani bilan laboratoriyada tashxisida o‘zining tasdig‘ini topmadi. Ko‘pincha ushbu kasallik qoramollarning kamida 4-5 xil kasalligi bilan o‘xshash holatda o‘tadi. Ularning ichida bisfulyar stomatit, gerpesga o‘xshash kasalliklar, rinotraxit kasalligi bor. Shuning uchun hozirda olib boriladigan laboratoriya tashxisida oqsil kasalligi deb o‘z tasdig‘ini topmagan. Yana bir narsani aytish kerak: oqsil kasalligining qachondir odamga o‘tgani to‘g‘risida shunday ma'lumotlar bor, lekin odamga o‘tishi juda kamdan kam holatda. Ayniqsa Markaziy Osiyoda ushbu holat adabiyotlarda hech qachon qayd etilmagan. Yana bir marta aytmoqchiman: muntazam ravishda vaksinatsiya olib borilgani sababli, har yili 70-80 foiz hayvonlar vaksinatsiya qamrovi bilan olingani tufayli O‘zbekistonda ushbu kasallik xavfi juda kam.

— Hozir bizga murojaat qilayotgan, suhbatimizni ko‘rayotgan yurtdoshlarimiz o‘zining chorva molida mana shu kasallik alomatlarini sezsa, kimga murojaat qilishi kerak va davolash qanday bo‘ladi? Demak vrach kelib, uni bepul davolab berishi, siz aytganingiz bo‘yicha, bepul emlashi kerak, to‘g‘rimi?

— Ushbu kasallikka emlash ishlari, emlamaning o‘zi davlat budjeti tomonidan xarid qilinib, aholiga tekin tarzda yetkaziladi va vaksinatsiya jarayonlari olib boriladi. Kasallikka qarshi emlangandan keyin aytib o‘tganimdek, organizmda immunitet kamida 5-6 oy saqlanadi. Lekin mana shu bahorda turli xil vizukulyar kasalliklar tarqalgani sababli ushbu kasallikni davolash ishlari albatta veterinar vrach tomonidan olib boriladi. Bu yerda davolash ishlari tekinga olib borilishi to‘g‘risida biz ko‘rsatma berganimiz yo‘q. Ko‘pincha davolash ishlari xususiy veterinariya vrachlari vakolatiga kiradi, xususiy tarzda olib boriladi.

— Bu kasallikning alomatlari qanday bo‘ladi? Aniqlanganida qanday choralar ko‘rish kerak? Kasal hayvonlar alohida, kasalmaslari alohida qo‘yilib, chorva hayvonlariga ham alohida karantin tadbirlari qilinadimi?

— Virusli vizikulyar kasalliklar yuqorida aytib o‘tganimdek, oqsildan tashqari yana turli xil kasalliklar uchrashi mumkin: virusli rinotraxeit kasalligi, gerpes kasalliklari, vizikulyar stomatit kasalliklari. Ularning hammasi o‘zining yuqumli tabiatiga muvofiq, hayvonda klinik belgilar ko‘ringanida darhol ajratib, alohida parvarish talab etiladi. Talab etilgan vaqti juda diqqat bilan hayvonning ishtahasi pasayishi, tana haroratining oshishi, og‘iz, burun bo‘shlig‘ida, tuyoq orasida o‘ziga xos shishishlar, pufakchalar paydo bo‘lishi kabi belgilar kuzatilishi yuqori aytib o‘tilgan turli virus kasalliklarida uchraydi. Ular darhol ajratib olinib, uchastka veterinariya vrachini taklif etish kerak, oldini olish va davolash ishlarini jadal tarzda olib borish kerak. Mabodo ushbu kasallikka o‘xshash alomatlar uchragan vaqti laboratoriya tashxisi tugaguniga qadar ham zudlik bilan veterinariya xizmati tomonidan xalqa vaksinatsiya, ya'ni o‘sha o‘choqni atrofida o‘n kilometr diametr masofada zudlik bilan veterinariya vrachlari tomonidan vaksinatsiya ishlari olib boriladi. Ushbu o‘choqni o‘rab olish uchun har bir viloyatda doimiy tarzda 100-150 ming doza vaksina saqlanib turadi.

— Hozir respublikaning qaysi hududlarida chorva hayvonlarining virus bilan zararlanish holatlari ko‘paygani borasida sizlarda aniq tahlillar bormi?

— Har bir viloyat, har bir tumanda yuqumli kasalliklar bo‘yicha alohida mutaxassis o‘z ishini amalga oshiradi. Ularning lavozimini nomini epistolog deyiladi. Har haftalik ma'lumot umumlashtirilib, bizga yetkaziladi. Hozirda ushbu kasallikka o‘xshash, mavsumiy xarakterga ega bo‘lib, turli hududlarda uchrab turibdi.

— Qaysi hududlarda?

— Siz aytib o‘tganingizdek, Samarqand, Andijon viloyatlarida uchragani kabi yana bu kasalliklar to‘g‘risida xabarlar ushbu viloyatlarga chegaradosh hududlarda ham uchrab turibdi. Lekin hozir juda jadal tarzda tashxis ishlari olib borilmoqda va kelasi haftagacha oxirgi tashxis qo‘yilishi kerak. Kasallikni qo‘zg‘atuvchi agentini topishimiz kerak.

Ma'lumot uchun, chorva hayvonlarini xavfli kasalliklarga qarshi emlash mutlaqo bepul amalga oshiriladi. Agarda hududingizdagi veterinar shifokor sizdan emlash vositalari uchun pul talab qilsa, Qo‘mitaning quyidagi ishonch telefonlariga qo‘ng‘iroq qilishingiz mumkin:

+(998 71) 202-12-00 (#201)

+(998 71) 276-01-18

Ilyos Safarov suhbatlashdi.

Mavzuga oid