«Har bir odamga yordam berish kerak» – Sergey Guriyev pandemiya sharoitidagi choralar haqida
Odamlar hatto karantin choralari qo‘llanmasa ham zarar ko‘rishadi. Chunki global inqiroz bor. Shuning uchun odamlarga yordam berish kerak, deb hisoblaydi Sergey Guriyev.
«Hoshimov iqtisodiyoti» dasturi doirasida Behzod Hoshimov Parijdagi Sciences Po iqtisodiyot instituti professori, iqtisodchi Sergey Guriyev bilan «Koronavirus, korrupsiya, avtoritarizm, Chernobil, narxlar va makroiqtisodiyot» mavzusida suhbat uyushtirdi.
— Rivojlanayotgan, YaIM aholi jon boshiga 5 ming dollardan kam bo‘lgan mamlakatlarda pandemiyaning iqtisodiy oqibatlari qanday bo‘ladi?
— Biz siz bilan aprel oyining o‘rtasida suhbat qilyapmiz va hali ham sizning savolingizga aniq javob yo‘q. Chunki tibbiyotning rivojlangan tizimiga ega mamlakatlarda sodir bo‘layotgan narsalar masalaning bir tomoni. Hatto bu mamlakatlar uchun ham pandemiya katta tahdid hisoblanadi. Biroq rivojlangan mamlakatlar buni tushungan holda koronavirusga qarshi kurashga katta mablag‘ sarflashga tayyor. Ular qat'iy karantin choralarini tatbiq qilmoqda va bir vaqtning o‘zida iqtisodiyotni qo‘llash uchun YaIMning 10, 15, 20 foizi darajasidagi choralarni ishga solmoqda.
Ular nima uchun buni amalga oshira oladilar? Chunki ular bozordan katta mablag‘ni nol va hatto manfiy stavkalarga ham qarz sifatida olishlari mumkin. Shuning uchun ham ular pandemiyadan zarar ko‘radigan iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash uchun pulni tejash zarur deb hisoblashmaydi.
Rivojlanayotgan mamlakatlarda vaziyat batamom o‘zgacha. Rivojlanayotgan mamlakatlar nol stavkadagi qarz olish bozorlaridan foydalanish imkoniyatiga ega emas. Bundan tashqari, yana bir muammo shundaki, rivojlanayotgan mamlakatlarda sog‘liqni saqlash tizimiga rivojlangan mamlakatlardagiga qaraganda katta yuk tushishi ehtimoli yuqori. Shuning uchun vaziyat og‘ir, har bir mamlakatda turlicha.
Bugun, siz bilan suhbat qilayotganimida Xalqaro valuta jamg‘armasi (XVJ) va Jahon bankining har yilgi yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda. Bu aksiyadorlar yig‘ilishi. U menimcha, tarixda ilk marta virtual tarzda o‘tmoqda. Bu shunday yig‘ilishki, XVJ va Jahon bankining yirik aksiyador mamlakatlari yetakchilari, kuchli yigirmatalik yetakchilari bu inqirozda rivojlanayotgan mamlakatlarga qanday yordam berishni muhokama qilishadi. Hozircha qarorlar qanday bo‘lishini bilmaymiz, biroq XVJ va Jahon banki rivojlanayotgan mamlakatlarni qo‘llab-quvvatlashni keskin oshirish bo‘yicha kelishib olsa kerak. Bunga qo‘shimcha sifatida rivojlanayotgan mamlakatlar qarzini to‘lashga moratoriy bo‘yicha qaror qabul qilinsa kerak.
Rivojlanayotgan mamlakatlardagi budjet vaziyatini yengillashtirish uchun ular birmuncha vaqt davomida qarzlarini to‘lamay turishadi. Ana shu haqida so‘z yuritilyapti, qanday qarorga qabul qilinishi aniq emas. Umuman olganda, rivojlanayotgan mamlakatlar uchun katta tahdid.
— Umumuman olganda, ko‘plab mamlakatlar, jumladan, rivojlanayotgan mamlakatlarda karantin bo‘yicha tengi yo‘q choralar ko‘rilmoqda: iqtisodiyot yopilmoqda, iqtisodiy faollik to‘xtamoqda. Bu vaziyatga o‘z ta'sirini o‘tkazmay qolmaydi. Biroq O‘zbekistonda muammo shundaki, shartli ravishda iqtisodiyotning yopilishi, iqtisodiy faollikning to‘xtatilishi iqtisodiyotning norasmiy sektorida ishlagan fuqarolarga kuchli ta'sir qilmoqda. Bizda 19 million mehnat resurslari bo‘lsa, ulardan 5,6 millioni rasmiy sektorda ishlaydi. Qolgani norasmiy sektorda ishlaydi. Shuning uchun agar rivojlanayotgan mamlakat o‘z fuqarolariga yordam berishni istasa, har bir kishiga chek yozib berish noreal bo‘lsa, fuqarolarning ko‘pchiligi rasmiy sektorda ishlamasa, [kimga yordam berishi kerakligini] qanday bilishi mumkin, yoki hukumat qanday qilib aholini qo‘llab-quvvatlash haqida o‘ylashi mumkin?
— Bilasizmi, baribir har bir kishiga chek yozib berish kerak bo‘ladi. Bu davlatning byurokratik samaradorligi uchun ham juda muhim test hisoblanadi. Shartli ravishda Hindiston kabi mamlakat haqida gapirilganida bugun har bir odam ular rasmiy yoki norasmiy sektorda ishlashidan qat'i nazar, raqamli texnologiyalar bilan qamrab olingan. Ularga yetib borish mumkin.
Barcha rivojlanayotgan mamlakatlarda ham shuni amalga oshirish kerak. Gap shundaki, rivojlangan mamlakatlar bugun biznesni qo‘llab-quvvatlash choralari bilan cheklanishmayapti, ular xuddi siz aytgandek, har bir kishiga chek yozib berib, odamlarga ham yordam berishyapti. «Qora kun» kelgani uchun daromadi yuqori bo‘lmagan amerikalik kishi Federal g‘aznachilikdan pul olish huquqiga ega. Barcha rivojlanayotgan mamlakatlarda ham shuni amalga oshirish kerak. Chunki odamlar katta zarar ko‘rishadi, hatto karantin choralari qo‘llanmasa ham zarar ko‘rishadi. Chunki global inqiroz bor. Global inqiroz vaqtida rivojlanayotgan mamlakatlar hammadan ko‘proq zarar ko‘radi. Ularning eksport tovarlari - odatda bu xomashyo, uning narxi tushadi, rivojlangan mamlakatlarda kapital chiqib ketishi sodir bo‘ladi. Albatta, bu vaziyat juda og‘ir. Shuning uchun odamlarga yordam berish kerak.
— Ya'ni siz odamlarni tushumlariga qarab diskriminatsiya qilish, ularning moliyaviy vaziyatini o‘rganish emas, har bir kishiga chek yozib berilishi tarafdormisiz?
— Bilasizmi, fikrimcha, ayrim mamlakatlarda kim qancha pul ishlab topayotganini bilish imkonsiz. Hammaga yordam berish kerak. Shuni tushunish kerakki, agar budjetdan hammaga to‘laydigan bo‘lsangiz, u holda oxir-oqibat bu boylar va kambag‘allarga qayta taqsimlash bo‘ladi. Shartli ravishda, milliarder kishi davlatdan chek oladi va undan pul to‘laydi. Chunki undan keyin soliq yig‘ib olinadi. Shuning uchun nafaqat kambag‘al kishilar, balki boylarga ham yordam berishga qo‘rqmaslik kerak. Chunki boylar buning uchun pul to‘lashadi, soliqlar kambag‘allardan emas, ko‘proq boylardan olinadi. Agar sizda boylar va kambag‘allarni differensiya qilish imkoniyati bo‘lsa, u holda hammaga yordam berish kerak. Keyin davlatga bu bo‘yicha pul to‘lash kerak bo‘ladi. Ayonki, soliqni asosan o‘rta va yuqori sinf odamlari to‘laydi.
To‘liq suhbatni Hoshimov iqtisodiyoti’ning Youtube’dagi kanali orqali ko‘rish mumkin.
Mavzuga oid
21:28 / 19.12.2024
2025 yilda 43 milliard dollarlik investitsiya o‘zlashtirish ko‘zda tutilmoqda
21:11 / 19.12.2024
Dunyoning eng yirik iqtisodiyotlari e’lon qilindi
13:41 / 16.12.2024
2030 yilga borib O‘zbekiston iqtisodiyoti hajmi 200 mlrd dollarga yetishi mumkin
20:24 / 14.12.2024