Iqtisodiyot | 15:50 / 23.04.2020
10233
3 daqiqa o‘qiladi

Jamshid Qo‘chqorov xalqaro tashkilotlardan kutilayotgan yordam haqida ma'lumot berdi

Bosh vazir o‘rinbosarining ma'lum qilishicha, Xalqaro valuta jamg‘armasidan 375 mln dollar, Jahon bankidan 750 mln dollar, Osiyo bankidan 500 mln dollar olish bo‘yicha kelishuvlarga erishilgan.

Xalqaro press-klubning navbatdagi sessiyasida O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov so‘zga chiqdi.

U pandemiyaga qarshi kurashish uchun xarajatlar inflatsiyaga qay darajada ta'sir qilishi to‘g‘risidagi savolga javob qaytardi.

«Siz juda to‘g‘ri savol ko‘taryapsiz, ya'ni buning O‘zbekistonga ta'siri kutilmagan bo‘ldimi yoki biz biror qiyinchilikka duch keldikmi degandek savol beryapsiz. Men bunga ham aniq-ravshan qilib javob bermoqchimanki, birinchidan, albatta bu pandemiya bizning iqtisodiyotimizga ta'sir qilyapti. Ikkinchidan, bu pandemiyaga qarshi kurash bo‘yicha bizda biror bir jiddiy muammo yo‘q. Hech qanday masala yo‘q», dedi Jamshid Qo‘chqorov.

U so‘nggi uch yilda O‘zbekistonda amalga oshirilgan islohotlar haqida gapirdi.

«So‘nggi 3 yilda O‘zbekistonda misli ko‘rilmagan islohotlar amalga oshirildi. Bu islohotlar birov uchun emas, iqtisodiy taraqqiyot uchun. Shuning uchun O‘zbekistonning iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichlari so‘nggi yillarda dunyodagi eng baland iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichlaridir. Bu yuqori o‘sish ko‘rsatkichlarini barcha xalqaro iqtisodiy, moliyaviy tashkilotlar tasdiqlab kelyapti.

Bunday iqtisodiy o‘sish nimaga olib keladi? Mamlakatning moliyaviy iqtisodiy qudrati ko‘payishiga, kuchayishiga olib keladi. So‘nggi 3 yilda oltin-valuta zaxiralarimiz 3 mlrd dollarga ko‘paydi», deya hukumat vakilining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Vazir xalqaro moliya tashkilotlari tomonidan O‘zbekistonga ko‘rsatilishi kutilayotgan moliyaviy yordam haqida ma'lumot berdi.

«Xalqaro valuta jamg‘armasi o‘zi aslida, hukumatlarga kredit bermaydi. Hozirgi vaziyatdan kelib chiqib, ular ham 375 mln dollar berishiga kelishib oldik. Undan tashqari, Jahon banki 750 mln dollar, Osiyo banki 500 mln dollar va hokazo. Mana shu mablag‘larning asosiy qismi hali yetib kelgani yo‘q, lekin O‘zbekiston davlati o‘zining yetarli moliyaviy kuch-qudratiga ega.

Buguni kunga kelib qilingan xarajatlar haqida gapiradigan bo‘lsak, bular barcha manbalar - davlat budjeti, homiylik mablag‘lari, xalqaro moliya institutlari grantlari va kreditlari hammasini hisoblaydigan bo‘lsak, bular qariyb 3,5 trln so‘mga yetdi», dedi Qo‘chqorov.

Uning yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sish 1,5-2 foizni tashkil qilishi, inflatsiya darajasi esa o‘tgan yilgidan pastroq bo‘lishi kutilayotganini qo‘shimcha qilgan.

Mavzuga oid