O‘zbekiston | 19:04 / 23.04.2020
80286
5 daqiqa o‘qiladi

Oliy Majlis deputatlari namanganlik deputat bilan bog‘liq voqeaning to‘liq videosini talab qilishdi. IIV bu so‘rovga javob qaytardi

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi parlament deputatlarining namanganlik deputat va YPX xodimlari o‘rtasidagi nizoli vaziyatning to‘liq videosini talab qilib yo‘llagan so‘roviga munosabat bildirdi.

15 aprel kuni xalq deputatlari Namangan shahar kengashi deputati va IIB xodimlari o‘rtasida mojaro yuzaga kelgandi. Ichki ishlar vazirligi avtomashinasini majburiy sug‘urta qilishni unutgani uchun ichki ishlar xodimlari tomonidan to‘xtatilgan xalq deputatlari Namangan shahar kengashi deputati profilaktika inspektorining telefonini sindirgani, uni tinchlantirmoqchi bo‘lgan boshqa xodimning pogoni va xizmat ko‘krak nishonini yulib olgani haqida ma'lum qilgandi.

Ichki ishlar matbuot xizmati xabari tomonidan keltirilgan video sarlavhasida «bosar-tusarini bilmagan deputat» iborasi qo‘llangandi.

Lekin ma'lum bo‘lishicha, ushbu videoda vaziyat to‘liq aks ettirilmagan.

18 aprel kuni deputat Rasul Kusherbayev IIVning ushbu videosi yuzasidan e'tirozlarini bildirib, 5 daqiqalik videoda kamida 13 marta «deputat» so‘zi ishlatilgani, huquqbuzarga fuqaro sifatida emas, deputat sifatida qaralayotganiga e'tibor qaratib, kinoya bilan IIV kelgusida «bosar-tusarini bilmaydigan prokuror», «bosar-tusarini bilmaydigan hokim», «bosar-tusarini bilmaydigan soliqchi», «bosar-tusarini bilmaydigan militsiya» va «bosar-tusarini bilmaydigan tadbirkor» iboralarini ham ishlatishi mumkinligini aytib o‘tgandi.

19 aprel kuni Xalq deputatlari Namangan shahar kengashi deputatni himoya qilib chiqdi va Kengash qarori bilan Namangan shahar prokuroriga shahar IIOV FMB-sonli profilaktika katta inspektori I.I. Abduraxmonov, IIB YHXB ispektori X.I. Ziyoviddinov va voqeada ishtirok etgan boshqa xodimlarning harakatlariga huquqiy baho berish va belgilangan tartibda qonuniy chora ko‘rish vazifasi topshirildi.

21 aprel kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zLiDeP a'zosi Doniyor G‘aniyev 22 nafar deputatning Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonovga kiritgan takliflari bayon etilgan murojaatini e'lon qildi. Unda YPX inspektorining xizmat bodikamerasiga yozib olingan voqea videosini to‘liq shaklda (montajsiz) jamoatchilikka oshkor qilinishi hamda voqeaning yakuniy muhokamasi yuzasidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga vazirlik tomonidan axborot berilishi so‘ralgan.

Bugun, 23 aprel kuni IIV ushbu so‘rovga javob yo‘lladi.

«Mamlakatimizda aholining tinchlik-osoyishtaligini ta'minlash va sihat-salomatligini asrash masalasi davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.

Bugungi kunda dunyoga xavf solib turgan koronavirus kasalligining yurtimizda keng tarqalishining oldini olish hamda aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini ta'minlash borasida ichki ishlar organlari tomonidan boshqa mutasaddi idoralar bilan o‘zaro hamkorlikda qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Ushbu jarayonda aniqlanayotgan huquqbuzarliklarni jamoatchilik e'tiboriga yetkazish orqali profilaktikasini ta'minlash ham shular jumlasidandir. 

Ma'lumki, joriy yilning 15 aprelida karantin munosabati bilan vaqtincha tashkil etilgan Namangan shahar «Qizilko‘prik» postida sodir bo‘lgan holat yuzasidan Namangan shahar prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 219-moddasi tegishli qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ishga taalluqli barcha materiallar, shu jumladan, voqea joyida olingan videotasvirlar belgilangan tartibda prokuratura organlariga taqdim etilgan.

Ish yakuni bo‘yicha voqea ishtirokchilarini har birining xatti-harakatlariga qonuniy baho beriladi va o‘rnatilgan tartibda jamoatchilikka yetkaziladi.

Shu bilan birga, ommaviy axborot vositalari orqali e'lon qilinadigan xabar va ma'lumotlarni tayyorlashda vazirlik tizimidagi axborot va matbuot xizmatlari xodimlarining qonuniylik, xolislik va kasb etikasi talablariga rioya qilishlari yuzasidan qat'iy talablar belgilanib, mas'ul xodimlarga tegishli topshiriqlar berildi.

Ichki ishlar organlari qonuniylikni ta'minlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilishda ochiqlik hamda shaffoflik prinsipi asosida ish olib boradi va albatta bunda jamoatchilikning sog‘lom tanqidiga tayanadi.

Xalq vakillari bo‘lmish deputatlarimiz tomonidan ichki ishlar organlari xodimlarini jamiyatdagi mavqeini oshirishga qaratilgan sa'y-harakatlari ham e'tiborga molikdir. Ishonchimiz komilki, xalqimiz manfaatlariga xizmat qilish kabi yuksak vazifamizni bajarishda doimo bir-birimizga ko‘makdosh bo‘lamiz», deyiladi vazirlikning Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlariga yo‘llagan javobida.

Mavzuga oid