O‘zbekiston | 14:44 / 24.04.2020
179504
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda yana bir bemor koronavirusdan vafot etdi

19 aprel kuni viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga o‘ta og‘ir ahvolda yotqizilgan bemor bugun Toshkent tibbiyot akademiyasida olamdan o‘tdi. Endilikda O‘zbekistonda koronavirus qurbonlari soni 8 nafarga yetdi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi O‘zbekistonda koronavirusdan yana bir o‘lim holati haqida xabar berdi. 

«Shu yilning 19 aprel kuni Toshkent viloyati, Angren shahrida yashovchi F. (ayol) viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga o‘ta og‘ir ahvolda yotqizilgan va sun'iy nafas olish apparatiga ham olingan. Tezkor diagnostik tahlillardan so‘ng bemorda Covid-19 koronavirus infeksiyasi aniqlangan.

Shundan so‘ng unga ixtisoslashgan tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida Toshkent tibbiyot akademiyasining ko‘p tarmoqli tibbiyot klinikasiga o‘tkazilgan. Bemorda o‘pkaning surunkali obstruktiv kasalligi, ikki tomonlama bronxopnevmoniya, o‘tkir respirator distress sindrom, gipertoniya kasalligi ikkinchi bosqich, xavf 4, semizlikning 3 darajasi bo‘lganligi sababli kasallik og‘ir kechib, davolanish davomida hamisha sun'iy nafas olish apparatida bo‘lgan.

Bemorning shu kungacha kunlik ahvoli mamlakatimizdagi  shu sohaga ixtisoslashgan tibbiyot muassasalarining nufuzli mutaxassislari  nazoratida bo‘lgan. Ular tomonidan muntazam  konsiliumlar  o‘tkazib kelingan.

Biroq mutaxassislarimizning belgilangan standartlar asosida o‘tkazgan reanimatsion muolajalariga qaramasdan bemor o‘tkir respirator distress sindromi, o‘tkir nafas, o‘pka-yurak va poliorgan yetishmovchiligidan vafot etdi», deyiladi vazirlik xabarida.

  • So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirusdan zararlanish holatlari soni 1778taga yetgan, bemorlarning 8 nafari vafot etgan, 598 kishi sog‘ayib ketgan.

Mavzuga oid