O‘zbekistonga kelgan xitoylik mutaxassislar koronavirus bo‘yicha qanday tavsiyalar berishmoqda?
Konsultantlar karantin hududlaridagi xonalarda ventilyatsiya yo‘llarini vaqtincha yopish, xonalarni faqat deraza orqali shamollatishni maslahat berdi. Shuningdek, Farg‘onada davolanayotgan, bir oydan buyon koronavirusdan to‘la sog‘ayib ketmagan 32 yoshli bemor hamda virus yuqtirgan onaning bolasini emizishi masalalarida ham o‘z tavsiyalari bilan o‘rtoqlashishdi.
17 aprel kuni xitoylik konsultantlar va tibbiyot xodimlaridan iborat 15 kishilik guruh O‘zbekistonga kelgan edi. Guruh tarkibidagi 9 nafar mutaxassis 20-21 aprel kunlari Farg‘ona viloyatida bo‘ldi.
Farg‘ona viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi ushbu tashrif tafsilotlarini ma'lum qildi.
Qayd etilishicha, mehmonlarni Farg‘ona viloyat hokimi o‘rinbosari Fayzullo Qosimov, viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Odiljon Umarov va boshqa mutasaddi rahbarlar tantanali tarzda kutib olishgan.
Dastlab viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi konferensiya zalida xitoylik mutaxassislar bilan muloqot o‘tkazildi. Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Odiljon Umarov mehmonlarga koronavirus pendemiyasi bilan bog‘liq Farg‘ona viloyatidagi mavjud vaziyat, karantin va davolash-profilaktika choralari haqida to‘liq ma'lumot berdi.
Shundan so‘ng Farg‘ona viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasi shifokorlari va xitoylik mutaxassislar o‘rtasida onlayn videosuhbat o‘tkazildi.
Muloqot jarayonida farg‘onalik shifokorlar COVID-19 aniqlangan bemorlarni davolash masalasida xitoylik hamkasblari bilan o‘zaro tajriba almashdi. Xitoylik mutaxassislar esa o‘z tajribalaridan kelib chiqib zarur tavsiyalarni berishdi.
Masalan, Farg‘ona viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh shifokori S.Boyyigitov quyidagicha savol bilan murojaat qildi:
«1988 yilda tug‘ilgan ayol 20 mart kuni COVID-19 aniqlanib shifoxonamizga yotqizilgan. Unga virus va infeksiyaga qarshi barcha zarur davo muolajalari standart asosida olib borilmoqda. Bemor o‘zini yaxshi his qiladi, unda kasallikning klinik belgilari va boshqa asoratlari sezilgani yo‘q. Ammo oradan bir oy vaqt o‘tsa-da, bemordan olingan qon tahlillari natijasi musbat chiqmoqda.
Xitoyda ham shu kabi holat uchraganmi? Uchragan bo‘lsa qanday davo choralari ko‘rilgan?»
Bu savolga javoban xitoylik mutaxassislarning ma'lum qilishicha, Uhan tajribasida ham bunday holat uchragan, ba'zida virus kasallangan odam qonida 50 kungacha ham saqlanib turishi mumkin. Xorijlik mutaxassislar bu bemor shifoxonada yana bir necha kun yotib davolanishi zarurligini tavsiya qilishdi.
Shuningdek, farg‘onalik mutaxassislarning «Agar emizikli ayol va uning chaqalog‘ida virus aniqlangan bo‘lsa, chaqaloq onasining ko‘krak sutidan oziqlanishi xavfli emasmi? Xitoyda bu borada qanday yo‘l tutilmoqda?» degan savollariga xitoylik konsultantlar: «Ona shaxsiy gigiyena qoidalariga qat'iy amal qilgan holda chaqalog‘ini emizishda davom etsa bo‘ladi», degan mazmunda javob qaytarishdi.
Shundan so‘ng Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Farg‘ona filiali majlislar zalida xitoylik mutaxassislar va farg‘onalik shifokorlar ishtirokida «Shifoxona ichi infeksiyasining oldini olish» mavzusida mahorat darsi tashkil etildi.
Mahorat darsi jarayonida xitoylik shifokorlar shaxsiy himoya kiyimlarini to‘g‘ri kiyish va yechish, bemorlarning oldida qanday harakatlanish zarurligi haqida ko‘rgazmali mashg‘ulot ham namoyish qilishdi.
21 aprel kuni xitoylik shifokorlar bir qator viloyat davolash profilaktika muassasalarida tashkil etilgan zaxira karantin markazida yaratilgan shart-sharoitlarni ko‘zdan kechirdi.
Mehmonlar bu yerdagi sharoitga ijobiy baho berib, o‘z tajribalaridan kelib chiqib bir qator tavsiyalarni ham berdi. Masalan, xonalardagi havoni tozalab turuvchi havo yo‘llarini vaqtinchaga yopib qo‘yish hisobiga virus tarqalishining oldini olish mumkinligi, xonani esa faqat derazalarni ochish orqali shamollatish kerakligi bo‘yicha fikrlar bildirildi. Chunki Xitoy tajribasida bir xonada yotgan bemor odam nafas olganida chiqqan viruslar havo yo‘li orqali yuqori qavatdagi boshqa sog‘lom bemorga yuqish holati ham uchraganini aytishdi.
Shuningdek, dezinfeksiya borasida ham muhim tavsiyalar berildi.
Mavzuga oid
16:56 / 22.12.2024
Farg‘onada portlash sodir bo‘lgan zapravka buzilmoqda - video
22:57 / 21.12.2024
Farg‘onadagi portlash, Jizzaxga yangi hokim va kadastrdan tadbirkorlarga “qora xat” - hafta dayjesti
21:23 / 21.12.2024
Farg‘onadagi sexda yuz bergan yong‘in oqibatida bir kishi halok bo‘ldi
16:56 / 20.12.2024