Jamiyat | 13:56 / 27.04.2020
17126
6 daqiqa o‘qiladi

Germaniya pandemiyaga qarshi qanday kurashmoqda? Yurtdoshlar bilan intervyu

Germaniya bugungi kunda pandemiyaga qarshi samarali kurashayotgan davlatlar orasida yetakchilik qilmoqda. U ayni damda koronavirus bilan kasallangan davlatlar ro‘yxatida 5-o‘rinda bo‘lsa-da, Yevropa mamlakatlari va AQShga solishtirganda Germaniyada o‘lim ko‘rsatkichi past bo‘lib, tuzalganlar soni kun sayin ortib bormoqda.

Germaniya “COVID-19” pandemiyasiga qarshi qanday kurash olib bormoqda? Mamlakat aholisi karantin rejimini qanday o‘tkazmoqda? Hukumat tomonidan virus tarqalishining oldini olish borasida qanday chora-tadbirlar amalga oshirildi? Shu va boshqa savollarga javob olish maqsadida Germaniyada yashaydigan o‘zbekistonlik Shamsiyevlar oilasi bilan bog‘landik.

Ma'lumot o‘rnida: Nargiza Shamsiyeva, DAAD stipendianti, Gyottingendagi Georg-Avgust universiteti Madaniyatlararo germanistika yo‘nalishida magistratura bosqichida tahsil oladi.

Nodirbek Shamsiyev dasturchi-muhandis (software Engineer) bo‘lib, Germaniyadagi Shvetsiya moliyaviy texnologiyaga ixtisoslashtirilgan kompaniyasida ishlaydi.

“Mamlakatda o‘lim soni ko‘p emasligiga turli omillar ta'sir ko‘rsatmoqda, deb ayta olaman. Birinchidan – bu nemis xalqining madaniyati va pandemiya holatida o‘zini qo‘lga ola bilgani. Angela Merkel karantin boshlanganida aholiga rasmiy murojaat bilan chiqqan edi, ya'ni xavotirga tushmasdan, avvalambor qariyalar salomatligiga e'tibor qaratish lozimligi hamda virusga aholining 70 foizigacha chalinishi mumkinligini oldindan e'lon qilgan edi. Hukumat tomonidan har bir hudud, har bir tumanda o‘z vaqtida kerakli chora-tadbirlarni ko‘rib chiqdi. Ikkinchi omil – bu Germaniyada tibbiyotning ilg‘or rivojlangani. Hattoki, Buyuk Britaniya bosh vaziri ham Germaniya sog‘liqni saqlash tizimidan juda ko‘p narsa o‘rganish lozimligini qayd etib o‘tgan”, deya ta'kidlaydi Nodirbek.

“Shuningdek, Germaniyada siyosiy tizim biroz boshqacha tuzilgan bo‘lib, har bir federal o‘lka o‘z hududidagi mavjud shart-sharoitga qarab, mustaqil tarzda choralar ko‘rishi mumkin. Masalan, koronavirus epimarkazi hisoblangan Shimoliy Vestfaliyada kirish-chiqish mutlaqo taqiqlab qo‘yildi. Berlinda ko‘chaga faqat ikki bo‘lib chiqish joriy qilingan bo‘lsa, boshqa o‘lkalarda esa olti nafargacha ruxsat bor. Shu sababli har bir federal o‘lka o‘z talablaridan kelib chiqib, karantin tartibini belgilagan”,  deb qo‘shimcha qildi Nargiza.

Suhbatdoshlarimizning qayd etishicha, karantin e'lon qilinishi o‘qish va ish faoliyatiga ta'sir ko‘rsatmagan. Nargiza darslar onlayn rejimga o‘tgani va universitet tomonidan talabalar qulayligi uchun imtihon va yozma topshiriqlar topshirish vaqti uzaytirilganini aytib o‘tdi. Biroq aniq va tabiiy fanlar yo‘nalishida tahsil oladigan talabalar uchun yangi tajriba, laboratoriya ishlarini uyda o‘tkazish imkoniyati yo‘qligi sababli onlayn darslarga norozilik bildirishgan.

Nargiza Shamsiyeva va Nodirbek Shamsiyev

Nodirbekning ish faoliyatida ham hech qanday uzilishlar kuzatilmagan bo‘lib, kompaniyadan kerakli uskunalar va ish qurollarini olib, uydan ishlashda davom etmoqda.

“Koronavirus rivojlangan davlatlar iqtisodiyotiga juda katta salbiy ta'sir ko‘rsatadi. Shu sababli, bu pandemiya holatidan tezroq chiqib ketish zarur. Lekin muammo shundaki, bu kasallikning yechimi yo‘q va hozirda tibbiy vaksina yaratilmagani uchun koronavirus insoniyatga xavf solaveradi. Biz ijtimoiy masofalanishni saqlash, ko‘chalarda qo‘lqop va niqob bilan yurishga majburmiz. Agarda chegaralar ochib yuborilsa, bu virus yana umumiy virus tizimiga qo‘shilib, avj oladi. Masalan, Shvetsiya chegaralarini yopmadi, sababi agar chegaralar yopilsa, bu mamlakat iqtisodiyotini inqirozga olib kelishi mumkin. Biroq shifokorlar, ekspertlar, aholi fikriga quloq tutsak, ular chegarani yopish zarurligini qayd etib, siyosatchilar bilan baxs olib borishmoqda”, deydi Nodirbek.

Shuningdek, Nodirbek karantin vaqtida supermarketlardan topish qiyin bo‘lgan mahsulotlar haqida ham to‘xtalib o‘tdi: “Qizig‘i shundaki, Germaniyada koronavirusga chalinganlar soni tobora ortib, karantin e'lon qilinganda supermarketlarda birinchi o‘rinda  hojatxona qog‘ozi bilan makaron, konserva mahsulotlari yo‘qolishni boshladi. Biz har kuni hamkasblarim bilan shu haqda suhbatlashib, hayron bo‘lardik: biron-bir mahsulotga tanqislik sezmaydigan rivojlangan davlat, nima uchun aynan shu mahsulotlarni sotib olishga shoshishmoqda? Keyin esa shunday xulosaga keldim. Rafiqam aytganidek, Germaniyada odamlar ikki toifaga – o‘ta xavotirga tushadigan va o‘ta vazminlarga bo‘linadi. Bizga o‘xshagan vazmin odamlar ularning bu harakatlariga tushunmadik. Hozir buni eslash juda ham kulgili. Lekin mana shunday mahsulotlarni haddan ziyod ko‘p sotib olgan kishilar bu qiliqlaridan uyalishlari kerak. Sababi, ularning bu ishlari yoshi katta insonlarni katta noqulayliklarga olib keldi”.

Suhbat davomida Germaniyada aholi tomonidan qariyalarga qanday yordam aksiyalari o‘tkazilgani ham aytib o‘tilgan. Intervyuni to‘liq shaklda Youtube orqali tomosha qilishingiz mumkin. 

Feruza Avazova suhbatlashdi. 

Mavzuga oid