Jamiyat | 19:27 / 28.04.2020
53576
10 daqiqa o‘qiladi

«Eng yaqin insonlarimni shu kasallik tufayli yo‘qotganman» – onkolog shifokor bilan suhbat

O‘sma kasalliklari – o‘limga olib kelish bo‘yicha yurak qon-tomir tizimi kasalliklaridan keyingi o‘rinda turadi. Tibbiyot necha asrlardan buyon kurashib kelayotgan onkologik kasalliklar chuqur tadqiqotni talab qiladi, davolashda kichik yangilik ham jiddiy qabul qilinadi.

Bugungi suhbatdoshimiz – onkolog shifokor, tibbiyot fanlari nomzodi Dilshod Egamberdiyev. U bilan sohadagi yangiliklar, muammolar va ularning yechimi, xorij tajribasi haqida suhbatlashdik.

– Dilshod, nega aynan onkologiya sohasini tanlagansiz?

– Eng yaqin odamlarimni shu kasallik tufayli yo‘qotganman, shuning uchun shu sohani chuqur o‘rganib, imkon qadar ko‘proq bemorlarga yordam berishni niyat qilganman. Va umuman onkologik kasalliklar shu qadar murakkabki, ular bilan jiddiy kurashmasa bo‘lmasligini anglab yetganman.

Qolaversa, yurtdoshlarimizning bu kasalliklarni oldini olishdagi harakatlari ko‘ngildagidek deya olmayman. Profilaktika oqsashi bilan birga kasallikning og‘ir bosqichlarigacha murojaat qilmasliklari soha xodimlari sa'y-harakatlarining samarasiga putur yetkazadi.

– Afsuski, yurtimizda onkologiya va transplantologiyaga ehtiyoji borlar minglab, balki yuz minglab topiladi. Kun.uz saytiga xayriya so‘rab kelganlarning aksariyati ham buyrak, jigar kabi hayotiy muhim a'zolarni davolash yoki ko‘chirish uchun Hindiston, Janubiy Koreya kabi davlatlarga borish istagini bildirishadi. Janubiy Koreya qisman tushunarli, lekin Hindiston tibbiyotining muvaffaqiyati siri fikringizcha nimada?

– Hindiston tibbiyotining muvafaqqiyati siri, birinchidan, inson omilida deb bilaman. Hozir nafaqat Hindistonda, balki rivojlangan aksari davlatlardagi yetakchi shifokorlarning ko‘pchiligi hind shifokorlari hisoblanadi. Hind talabalarining aksariyat qismi o‘z davlatida va kamchilik vakillari xorijiy tibbiyot universitetlarida nihoyatda tirishqoqlik bilan o‘qishadi. Xalqaro darajada raqobatbardoshlari dunyoning eng ilg‘or klinikalaridan yaxshi ish topishadi.

Hindistonda ham g‘arb davlatlari kabi tibbiyotda o‘qish juda qimmat va uzoq vaqt talab qiladi. Hindistonlik shifokor hamkasbimizning aytishicha, aksari shifokorlar o‘rtahol oilalardan chiqar ekan. Oilaning barcha a'zolari ishlab pul topib, tibbiyotda o‘qiyotgan bir talabaning o‘qishini ta'minlashar ekan va u kelajakda yetuk shifokor bo‘lib, butun oilani qo‘llab quvvatlar ekan.

Ikkinchidan, xususiy tibbiyotning rivojlangani. Hindiston, Janubiy Koreya yoki boshqa tibbiyoti rivojlangan davlatlar reytingini kuzatsangiz, barcha top-klinikalar xususiydir. Xususiy klinikalar eng ilg‘or tibbiy texnologiyalarni va reytingi yuqori shifokorlarni jalb qilib, davolash natijalarining yaxshi bo‘lishiga va shu bilan birga o‘z daromadini oshirishga erishmoqda.

Hindiston chet elda ishlayotgan, reytingi yuqori hind shifokorlarining o‘z vataniga qaytib, xususiy tibbiyot rivojlanishiga sharoit yaratdi. Buning natijasida esa hozirda Hindiston tibbiyoti Osiyo, Markaziy Osiyo va Afrika davlatlari uchun o‘rnak bo‘larli darajaga yetdi.

O‘zbekistonda ham prezidentimiz tashabbusi bilan xususiy tibbiyotning rivojlanishi jadal tus oldi. Ilk bor xususiy shifoxonalarga onkologik kasalliklarni davolashga ruxsat berildi. Hozir ko‘pgina xususiy shifoxonalar bu borada juda yaxshi ish boshlashdi.

Uchinchidan, nafaqat Hindiston, balki barchi tibbiyoti rivojlangan davlatlarning muvaffaqiyati bu – tibbiy sug‘urtaning yo‘lga qo‘yilgani, deb hisoblayman. Tibbiy sug‘urta bemor uchun yuqori sifatli tibbiyotni va shifoxona uchun yuqori darajadagi tibbiy ta'minotni ta'minlab beradi.

Mamlakatimizda ham Sog‘liqni saqlash vazirligi ekspertlari JSST bilan hamkorlikda bu borada juda muhim konsepsiya to‘g‘risida ish olib borishmoqda. O‘zim ham bu borada onkologiya sohasi bo‘yicha ishchi guruh a'zosiman.

– Suhbatimizning asl maqsadiga, ko‘pchilik o‘ylab turgan savolga keldik. Bu sohada O‘zbekiston tibbiyotini qanday istiqbollar kutmoqda? Biz loaqal (balki orzudagi) Hindiston darajasiga yetishimiz uchun qaysi muammolarni yechishimiz kerak?

– O‘zbekiston tibbiyoti Markaziy Osiyo hududida yangi darajadagi lider mavqeyini olishi mumkin. Buning uchun asosiy omil – inson omilini rivojlantirishimiz kerak.

Prezidentimizga tashakkur aytamiz, oxirgi 3 yildan buyon tibbiyot xodimlarini tibbiyoti rivojlangan chet elda qisqa va uzoq muddatli malaka oshirish tizimi yo‘lga qo‘yildi, chet el bilan hamkorlikda xususiy tibbiyot universitetlari tashkil qilinmoqda. Inson omilini rivojlantirish – tibbiyot xodimlarining o‘z qo‘llarida; bu borada barcha tibbiyot xodimlarni imkon qadar dunyoning rivojlangan davlatlaridagi uzoq muddatli (1-3 yil) malaka oshirishga chorlab qolardim.

Ingliz tilini tibbiy muloqot darajasida bilmaydigan aksariyat tibbiyot xodimlari MDH davlatlarida malaka oshirishni lozim ko‘rishadi. Lekin bu davlatlar bizdan juda oldinga o‘tib ketishmagan.

Yaratilgan imkoniyatdan foydalanib, 2019 yil Koreya Milliy saraton markazida uzoq muddatli malaka oshirishda bo‘ldim va bu trening menga haqiqatdan ham dalillarga asoslangan (evidence-based) zamonaviy tibbiy texnologiyalarni o‘rganish imkonini berdi. Zamonaviy tibbiy texnika, texnologiyalar va dori vositalarni bilgan, ularni ishlatib ko‘rgan mutaxassisgina xoh davlat, xoh xususiy shifoxona uchun dalillarga asoslangan shunday texnologiyalarni yo‘lga qo‘ya oladi.

Bu – mening fikrimcha, yechishimiz kerak bo‘lgan birinchi muammo.

Ikkinchi muammo – majburiy tibbiy sug‘urta tizimini yaratish va yo‘lga qo‘yish. Bu borada Janubiy Koreyadan xalqaro ekspert jalb qilingan, lekin jamoat sog‘liqni saqlash tizimida xalqaro darajadagi milliy ekspertlarimiz bo‘lishi ham muhim.

Ikkinchi muammoning yechilishi bilan uchinchi muammo – xususiy tibbiyot muammosining yechilishiga, ya'ni rivojlanishiga erishiladi. Davlat shifoxonalarida esa zamonaviy menejment va marketing tizimini yo‘lga qo‘yilishi – manfaatdorlikni oshirish zarur.

Xalqaro darajadagi raqobatbardosh klinikalar tashkil topishi, ularni xalqaro akkreditatsiya va sertifikatsiyalarni (JCI kabi) olishi loaqal (balki siz aytganday orzudagi) Hindiston darajasiga yetishimiz yo‘lidagi umumiy muammolardan muhimlari deb bilaman.

– Adashmasam, ikki yil avval akademik Vohidov nomidagi klinikada o‘zbek shifokorlarining jigar transplantatsiyasi amalga oshirilgani tibbiyotimizning katta yutug‘i sifatida keng yoritildi. Ammo keyinchalik bunday yangiliklarni eshitmadik. Siz vaziyatdan boxabarmisiz?

– V.Vohidov nomidagi RIJIATMda amalga oshirilayotgan jigar transplantatsiyasi haqida faqat ommaviy axborot vositalaridagi ma'lumotga egaman.

Jigar transplantatsiyasi butun dunyoda katta muammolardan biri hisoblanadi, buni Janubiy Koreyada shu sohada malaka oshirish davomida yaxshi anglab yetdim. Muammo tizimli yondoshuvni talab qiladi – donor masalasi, uning yuridik jabhalari, immunosupressiv terapiya protokollari, zamonaviy texnologiyalar, bir martalik vositalar va hokazo.

Bilishimcha, «A'zo va to‘qimalar transplantatsiyasi» to‘g‘risidagi qonun ishlab chiqilib, muhokama bosqichida. O‘ylaymanki bu qonun qabul qilingandan keyin soha rivojlanadi va bemorlarimizni chet elga borishlariga hojat qolmaydi.

– Bevosita soha vakili sifatida oyiga yoki yiliga nechta operatsiya o‘tkazishni rejalashtirgansiz va rejalaringiz qanchalik amalga oshmoqda?

– Ayni vaqtda amaliy va ilmiy faoliyatimni asosan jigar o‘smalarini davolashga qaratganman va yiliga 40-50ta har xil hajmdagi jigar amaliyotlarini amalga oshirmoqdamiz.

Koreya Milliy saraton markazida malaka oshirib qaytgandan so‘ng jigar amaliyotlarida bir nechta yangiliklarni amaliyotga tatbiq qildim. Onkologiya tizimini rivojlantirish davlat dasturi asosida o‘z sohamni rivojlantirish uchun zarur zamonaviy tibbiy uskunalar va tibbiy vositalar ro‘yxati shakllantirildi, jigar saratoni amaliyotida yangi texnologiyalarni yo‘lga qo‘yish – yaqin kelajakdagi rejalarimizda.

Ozgina mehnatlarimiz e'tiborga olingani va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendiyasi» hamda «Yilning eng yaxshi shifokori» mukofotlariga loyiq ko‘rilganim uchun davlatimiz rahbaridan minnatdorman.

– Transplantologiyadagi azaliy bahslardan biri – marhumlarning (aytaylik, baxsiz hodisa tufayli halok bo‘lganlarning) a'zolarini olish masalasi. Bu borada shaxsan sizning fikringiz qanday?

– LDLT (living donor liver transplantation), ya'ni yashayotgan donordan jigar transplantatsiyasini ma'qul deb bilaman.

– Soha bo‘yicha xorij bilan hamkorlik qay darajada yo‘lga qo‘yilgan?

– AQShning Thomas E. Starzl transplantologiya instituti va Yevropadan Varshava tibbiyot universiteti bilan hamkorlik to‘g‘risida kelishuvlarimiz bor. Koreya Milliy saraton markazining Jigar saratoni markazi bilan asosiy hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan, mendan tashqari yana bir mutaxassisimiz malaka oshirishda buldi. Boshqa mutaxassislarimiz – anesteziolog, amaliyot hamshiralari, tibbiy hamshiralar, gepatologlarni ham malaka oshirishini rejalashtirganmiz.

– Mazmunli suhbatingiz uchun rahmat.

Abror Zohidov suhbatlashdi.

Ma'lumot uchun, Dilshod Egamberdiyev – 2003 yilda tibbiyot institutini tugatgan, 2005 yildan buyon onkologiya sohasida faoliyat yuritadi.

Turli yillarda Singapurning Johns Hopkins xalqaro tibbiyot markazi, AQSh Milliy saraton markazi, AQShning Tomas Jyefferson universiteti The Sidney Kimmel saraton markazi kabi xorijiy muassasalarda malaka oshirib qaytgan. 2018 yilda Yevropa Ittifoqining Horizon 2020 xalqaro granti sovrindori sifatida Portugaliyaning Lissabon universitetida, 2019 yil esa Koreya Milliy saraton markazining Jigar saratoni markazida malaka oshirishda bo‘lgan.

AQSh, Germaniya, Fransiya, Ispaniya, Shveytsariya, Braziliya, Janubiy Koreya, Singapur kabi mamlakatlarda bir qator xalqaro mukofotlarni qo‘lga kiritgan. 2019 yil O‘zbekistondagi «Yilning eng yaxshi shifokori» tanlovining birinchi o‘rin sohibi, «Sog‘liqni saqlash a'lochisi» ko‘krak nishoniga ega.

Mavzuga oid