Jahon | 17:54 / 30.04.2020
39708
9 daqiqa o‘qiladi

«Nega bizda ko‘p, ularda kam?» – Koronavirus AQSh-Xitoy munosabatlariga qanday ta'sir ko‘rsatmoqda?

Koronavirus butun dunyodagi balansni o‘zgartirib yubordi. Ham iqtisodiy, ham siyosiy balansni. Bugun hamma bu dardi bedavodan qutulish haqida o‘ylamoqda. Kasallik chekingach esa katta davlatlar aybdorni izlashga tushib ketishi aniq. Bu kasallik ayniqsa AQSh-Xitoy munosabatlarida yangi sahifa ochishi kutilmoqda.

Foto: Reuters

Chingiz Aytmatovning asarlaridan birida qiziq o‘xshatish bor: «Bu davlatlar hokkey o‘yinida kiritilgan shaybaga ham siyosiy tus berishadi». Adib osmonga uchirilgan raketalar bahsi haqida mulohaza yuritayotib mana shu o‘xshatishni keltiradi. Ha, bu o‘xshatish AQSh va SSSR munosabatlari haqida aytiladi. Hozir xuddi shunday prinsipiallik AQSh va Xitoy munosabatlarida uchramoqda. Bu ikki mamlakat imkon paydo bo‘lishi bilan bir-birini «chaqib olish»ga harakat qiladi. Ayniqsa, AQSh. Koronavirus esa oddiy narsa emas, naq insoniyat boshiga tushgan eng katta balolardan biri. Xullas bu mavzu hali «uzoq yonadi».

Xitoy nimada ayblanmoqda?

28 aprel kuni AQShda koronavirus yuqtirganlar soni 1 milliondan oshdi. Virus paydo bo‘lgan Xitoyda esa kasallanganlar soni 82 mingdan ko‘proq. O‘zini barcha sohada yetakchi deb hisoblaydigan AQShda esa tabiiy savol tug‘ilmoqda: nega bizda ko‘p, ularda esa kam? Qanaqasiga virus paydo bo‘lgan mamlakatda kasallanganlar 100 mingga ham yetmaydi-yu, dunyoning narigi chekkasida joylashgan AQShda milliondan ortiq odam virus yuqtirdi?

Albatta, ikki mamlakatning karantin choralarini taqqoslasangiz, nega Xitoyda kasallik jilovlanganini tushunib olasiz, lekin Amerika va ayniqsa, Tramp o‘z aybini tan oladigan holatda emas. Ular har qanaqasiga Xitoyni ayblashga urinishadi. Qizig‘i, bu uchun jo‘yali asoslar keltirishmoqda.

Bloomberg’ning ma'lum qilishicha, aprel oyi boshida AQSh razvedkasi Donald Trampga Xitoy kasallikning haqiqiy qamrovini yashirishga urinayotgani haqida hisobot kiritadi. Bu esa koronavirusni doim «Xitoy virusi» deb ataydigan Tramp uchun ayni muddao bo‘ldi. Butun mamlakatda Trampni karantin choralarini o‘z vaqtida joriy etmaganlikda ayblashayotgan bir vaqtda Tramp hamma aybni Xitoyga yuklamoqchi.

Tramp 15 aprel kuni AQSh Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga ortiq pul bermasligini e'lon qildi. 18 aprelda esa u Xitoyni virus tarqalishida yana bir marta ayblab chiqdi. AQSh prezidentining aytishicha, JSST kasallikning tarqalishidan o‘z vaqtida ogohlantirmagan.

JSST uzoq vaqt Uhandagi laboratoriyaga kira olmagan bo‘lishiga qaramay, Xitoydagi choralarni o‘rnak qilib ko‘rsatdi. Bu esa koronavirusdan eng ko‘p jabr ko‘rgan AQShga yoqmagani aniq. AQSh davlat kotibi Mayk Pompeoning aytishicha, Xitoy virus mamlakatning har bir provinsiyasida aniqlanganiga qadar kasallik odamdan odamga yuqishini tasdiqlamagan. Buni aniqlash uchun Uhanga borgan xalqaro ekspertlarga esa kasallarni tekshirishga ruxsat berishmagan.

Pompeoning fikricha, Xitoy JSST ogohlantirgandan keyin ham kasallikning qanchalik xavfli ekani haqida ma'lumot bermagan. Shuningdek, Pompeo Xitoy koronavirusning dastlabki namunalarini yo‘q qilganini aytdi. Shu sabab endi kasallik evolyutsiyasini nazorat qilish imkonsiz hisoblanadi. AQSh davlat kotibining so‘zlariga ko‘ra, Xitoy o‘z namunalari bilan tanishishga biror davlatga ham ruxsat bermagan. Agar bu juda jiddiy ayblovlar isbotlansa, chindan Xitoy og‘ir avholda qolishi mumkin.

Ammo ba'zi nashrlar Xitoy o‘zida mavjud ma'lumotlar, xususan, virusning genetik kodini boshqalar bilan ham bo‘lishgani haqida yozgan.

Oq uy maslahatchisi Piter Navarro Xitoyga qarshi yana bir jiddiy ayblovni ilgari surdi. Uning aytishicha, Xitoy vaksina ishlab chiqarishda birinchi bo‘lish uchun dastlabki kasallanganlarning analizlarini yashirmoqda. Ammo bu gapga ishonish qiyin. Bu xuddi «Xitoy kasallikni vaksina sotish uchun chiqargan», degan tuturiqsiz taxminga o‘xshab qoladi. Dunyoning eng ishbilarmon mamlakati pul topishning ming xil yo‘lini biladi va pul uchun butun dunyoni zaharlashdek ishga bormasligi aniq.

Virus laboratoriyada ishlab chiqarilgan bo‘lishi mumkin

Koronavirus qanday paydo bo‘lgani haligacha aniq emas. Uning paydo bo‘lish manbayi sifatida ko‘rshapalak keltirilmoqda. Ya'ni, qaysidir odam ko‘rshapalakni yegan va undan virus tarqalgan. Xitoyda esa ko‘rshapalak tugul boshqa har qanday qush yoki hayvonlarni yeyish ham ajablanarli holat emas. Olimlar koronavirus qanday paydo bo‘lganini aniqlashi uchun yillar ketsa kerak. Chunki ilk marta 1976 yil aniqlangan Ebola virusining aniq manbasi hozirgacha ma'lum emas.

15 aprelda esa barchani hayratga soladigan ma'lumot paydo bo‘ldi. Tramp ko‘p maqtaydigan Fox News o‘z manbasiga asoslanib, virus Uhandagi laboratoriyada yaratilgani, u tajribada qatnashgan tadqiqotchilardan biriga yuqish orqali tarqalganini e'lon qildi.

Oldinroq Washington Post ham bu borada maqola e'lon qilgan. Unda yozilishicha, amerikalik diplomatlar 2018 yil Uhandagi laboratoriyaga bir necha marta borgan va u yerda ko‘rshapalaklar ustida xavfli tajribalar o‘tkazilayotganini aniqlashgan. Diplomatlar Vashingtonga Uhandagi laboratoriya xavfli ekanidan ogohlantirib xat yuborishgan.

Shu o‘rinda ta'kidlash kerak, Uhan virusologiya instituti ko‘rshapalakdagi koronavirusni o‘rganayotganini yashirmagan. Bu institut ilmiy xodimi bo‘lgan Shi Jyenli 2005 yildayoq ko‘rshapalak koronavirusning manbasi ekanini aniqlagan. Hatto uning tadqiqotlari natijasi Science jurnalida ham e'lon qilingan.

23 yanvar kuni Shi Jyenli va boshqa xitoylik olimlar chiqish qilib, yangi turdagi koronavirus hamda 2013 yil ko‘rshapalakda aniqlangan virus o‘rtasidagi o‘xshashlik darajasi 96 foiz ekanini aytishdi. Shunga o‘xshash virus pangolinda ham aniqlangan.

Rasmiy ma'lumotlarda esa koronavirus tabiiy holatda paydo bo‘lgani aytiladi. Xususan, JSST ham koronavirus odam tomonidan yaratilishi mumkin emasligini ma'lum qilgan. Bu fikrga qarshi olimlar ham yo‘q emas. Nobel mukofoti laureati bo‘lgan fransiyalik virusolog Lyuk Montanening fikricha, koronavirus tajribalar natijasi va uning tuzilishi o‘zgartirilgan. Ammo olim buni ilmiy jihatdan isbotlamagan.

Koronavirusdan keyingi hayot uchun intriga

AQSh bejiz Xitoyni ayblashga urinayotgani yo‘q. Bir tomondan prinsip masalasi, bundan tashqari, Xitoy koronavirusga qarshi kurashni AQShdan yaxshiroq epladi degan gapni amerikaliklar ko‘tara olishi qiyin. Buni hatto isnod deb ham qabul qilishadi. AQSh koronavirus yuqtirganlar soni ko‘payib ketganiga sabab qilib aslo mamlakatda karantin choralari kechikib joriy qilinganini ko‘rsatmaydi. Bunga oriylarga xos g‘urur yo‘l qo‘ymaydi.

Bugun hamma virusdan qutulish haqida o‘ylamoqda, ammo koronavirusdan keyingi hayotda davlatlarning bir-birini ayblashi ko‘payadi. Ayniqsa Xitoy va AQSh o‘rtasida.

Darvoqe, Xitoyda ham Amerikani ayblashga ulgurishdi. Uhanda koronavirus tarqalishidan biroz avval armiya o‘yinlari o‘tkazilgan va unda amerikaliklar askarlar ham qatnashgan. Xitoyda virusni amerikalik askarlar tarqatdi degan gap bir paydo bo‘ldi-da, tezda yo‘qoldi. Hozir AQShda virus yuqtirganlar soni milliondan oshib ketdi va virusni amerikaliklar Xitoyga olib bordi degan gap o‘z ma'nosini yo‘qotdi. Chunki AQSh millionlab fuqarolarini xavf ostida qoldirgan holda noma'lum kasallikni tarqatishi shunchaki mantiqsizlik.

Virus nega Xitoyda kamroq, AQShda ko‘p bo‘lganini esa oddiy sabablar bilan izohlash mumkin. Xitoy o‘z vaqtida keskin karantin choralarini joriy etdi va odamlarni uydan chiqarmaslikka erishdi. Amerika esa boshida xotirjamlikka berilgani uchun kasallikning jilovini qo‘ldan chiqardi.

Koronavirusdan keyingi hayotda ham bu virus mashmashasi hali uzoq davom etadi. Masalan, AQSh asosiy savdo raqobatchisi Xitoyga qarshi yangi sanksiyalar joriy etish uchun koronavirusni sabab qilib ko‘rsatishi tobora haqiqatga yaqin bo‘lib bormoqda...

Mavzuga oid