Dunyodagi vaziyat: Sog‘ayganlar soni milliondan oshdi, Avstraliya va JAR ham karantindan chiqmoqda
Butun dunyoda koronavirusdan sog‘ayganlar soni milliondan oshdi. Shu bilan birgalikda, bu raqamlar testdan o‘tkazilmagan va Covid-19’ni yengil shaklda yoki umuman alomatlarsiz o‘tkazib yuborganlarni o‘z ichiga olmaydi. Virusdan zararlanish holatlari soni oshishda davom etmoqda, ammo ko‘plab davlatlar karantin choralarini yumshatmoqda yoki shunga tayyorlanmoqda.
Avstraliya hukumati juma kuni karantin choralarini bekor qila boshladi, mamlakatning shimoliy hududlarida karantin yumshatildi.
Hududi yirikligi bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turuvchi Kvinslend shtatida so‘nggi bir kunda birorta zararlanish holati qayd etilmagan - so‘nggi bir yarim oyda birinchi marta. Shtat rahbari Anastasiya Palashchuk hudud chegaralarini ochdi va regbi bo‘yicha milliy premer-liga klublariga 28 may kuni boshlanadigan turnirga tayyorgarlik uchun mashg‘ulotlarga kirishishga ruxsat berdi.
Yangi Janubiy Uels shtatida ham Avstraliyaning boshqa hududlaridan keluvchilar uchun o‘rnatilgan taqiqlar olindi.
Avstraliya hukumati 11 maydan ijtimoiy masofa saqlash tartibini bekor qilishga tayyorlanmoqda, ammo mamlakat bosh vaziri Skott Morrisonning so‘zlariga ko‘ra, karantinga qat'iy rioya etilsa, bu avvalroq ham ro‘y berishi, 8 maydan karantin bekor bo‘lishi mumkin.
Britaniya: qashshoqlar ko‘proq o‘lmoqda
Bu vaqtda Yevropada infeksiya tarqalishi tempi pasaymoqda, ammo pandemiya yakuni haqida gapirishga hali juda erta.
Ispaniyada koronavirus qurbonlari soni o‘sishi davom etdi: so‘nggi bir kunda bu mamlakatda 281 bemor vafot etdi. Bu kasallik tarqalishining pik davridagidan kamroq, lekin o‘tgan kundagidan ko‘proq (268 kishi). Ispaniyada so‘nggi kunda yana ikki mingdan ortiq kishida virus aniqlandi va jami zararlanish holatlari soni 242 mingdan oshdi.
Britaniya milliy statistika byurosi juma kuni e'lon qilgan ma'lumotlarga ko‘ra, Angliya va Uelsning qashshoq tumanlarida Covid-19dan o‘lim darajasi boy hududlardagidan ikki barobar ko‘proqligi ma'lum bo‘ldi. 1 martdan 17 aprelga qadar nisbatan kambag‘al grafliklarda har yuz ming kishiga pandemiya tufayli 50.1 o‘lim qayd etilgan, o‘ziga to‘q hududlarda esa - har yuz ming kishiga 25.3 o‘lim to‘g‘ri kelgan.
Britaniya fiskal tadqiqotlar instituti ham koronavirus vaqtida tengsizlik masalasiga bag‘ishlangan tadqiqotlari natijalarini e'lon qilgan. Unga ko‘ra, qora tanli britaniyaliklar orasida koronavirusdan o‘lim topish darajasi oq tanli britaniyaliklarnikidan uch barobar ortiqroq bo‘lmoqda.
JAR va Xitoy cheklovlarni bekor qilmoqda
Janubiy Afrikada karantin cheklovlari bekor qilinmoqda. Odamlar ko‘chaga chiqishi va sport bilan shug‘ullanishi mumkin.
Ayrim savdo nuqtalari ochilgan, restoranlar taomlarni yetkazib berish uchun ishlamoqda. Ammo tungi soatlarda komendantlik soati amal qilmoqda.
1 maydan 5 mayga qadar bayram kunlari davom etadigan Xitoyda ham karantin choralarini qisman bekor qilishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Pandemiya tarqalishi boshlangan Xubey provinsiyasida aprel oyi boshidan buyon yangi holatlar qayd etilmayapti. Avvalroq ekspertlar Xitoyni epidemiya ko‘lamini kamaytirib ko‘rsatishda ayblagandi.
Pokistonda karantin qisman bekor qilinmoqda, lekin shu kunlarda parlamentning quyi palatasi spikeri Fayzal Edxida koronavirus aniqlangandi. Bu haftada u tantanali iftorlikda ishtirok etgan, shuningdek mamlakat bosh vaziri Imron Xon va boshqa yuqori martabali amaldorlar bilan ham uchrashgandi.
AQSh prezidenti Donald Tramp virus Uhandagi laboratoriyada ishlab chiqilganiga «dalillar borligi»ni aytishda davom etmoqda, lekin u bu gapi uchun hech qanday dalil keltirmayapti. Bu vaqtda Amerika razvedkasi virus laboratoriyada ishlab chiqilmagani va genetik o‘zgartirilmagan deb hisoblamoqda.
Juma kuni Tramp epidemiya boshlanganidan buyon ilk marta Oq uyni tark etdi va Kemp-Deviddagi harbiy bazaga keldi.
«Insoniyat birlasha olmadi»
BMT bosh kotibi Antonio Guterrish BBC nashriga bergan intervyusida dunyo koronavirusga qanday munosabatda bo‘lganidan «anduhdaligi, ammo bu vaziyatdan uncha hayron bo‘lmagani»ni aytib o‘tdi.
«Menga tuyulmoqdaki, bugun dunyoda disfunksionallik bor. Hokimiyatlar va yetakchilar o‘zaro uzviy aloqada emas. Bu ahvolda biz umumiy muammolarimizni samarali hal eta olmaymiz. Afsuski, dunyo Covid-19 qarshisida bir butun bo‘lib birlasha olmadi. Har bir davlat o‘zicha siyosat yuritmoqda. Turli davlatlarda virusga qarshi kurashda turlicha qarashlar va turlicha strategiyalar mavjud», degan u.
Payshanba kuni Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustinda Covid-19 aniqlangandi. U o‘zini o‘zi ihotalagan. Rossiyada kunlik o‘sish ko‘rsatkichi bo‘yicha navbatdagi rekord natija qayd etildi - yana 7 933 kishida virus aniqlandi. Mamlakatda qayd etilgan jami holatlar soni 114 431taga yetdi, shundan 1 169 bemor vafot etgan.
Bu vaqtda xitoylik avtoishlab chiqaruvchilar «virusga qarshi funksiyalarga ega» avtomobil ishlab chiqarishni boshlab yubordi.
Geely avtokonserni (bu kompaniya Londondagi qora taksilarni ham ishlab chiqaradi) «sog‘lom avtomobil» loyihasi doirasida o‘z avtolarini viruslar o‘tishiga yo‘l qo‘ymaydigan havo filtrlash tizimi bilan jihozlamoqda. Yangi model IAPS maxsus iqlim qurilmasi bilan jihozlangan bo‘lib, u salon ichidagi insonni bakteriya va viruslardan himoya qilishga qodir.
Geely kompaniyasi Icon krossoverining bazaviy versiyasini 16,5 ming dollarga baholamoqda — bu Hyundai Creta’ning Xitoydagi muqobilidan 570 dollarga arzonroq.
Britaniyaning MG brendiga tegishli bo‘lgan SAIC esa o‘z avtomobillari salonlariga havoni tozalash uchun ultrabinafsha lampa o‘rnatmoqda. Bu funksiya qanchalik samarali bo‘lishi hozircha ma'lum emas.
Mavzuga oid
21:49 / 12.12.2024
Avstraliya internet kompaniyalarni mahalliy OAV kontenti uchun pul to‘lashga majbur qiladi
18:11 / 11.12.2024
Avstraliyadagi laboratoriyada o‘limga olib keluvchi viruslar solingan yuzlab flakonlar yo‘qoldi
00:26 / 11.12.2024
Avstraliya Tomahawk raketasini muvaffaqiyatli uchirgan dunyodagi uch davlatdan biriga aylandi
14:31 / 09.12.2024