«Mexanizm teskari ishlamoqda» – Eksportchilar uyushmasi rahbari eksportchilarni yillar davomida qiynayotgan muammo haqida
Fermer va dehqonlarning o‘zi yetishtirgan mahsulotini sotishiga qarshilik bo‘lishi mumkinmi?
O‘zbekiston Eksportchilari uyushmasi rahbari Muxtor Umarovga ko‘ra, ayrim tumanlarda eksportchilar mahsulotini erkin sotish borasida hududiy mas'ullarning turli bosimlariga duch kelmoqda.
Kun.uz uyushma rahbari bilan qisqa suhbat tashkil qildi va bu muammolar nimadan iborat ekanligiga qiziqdi.
«Hozir O‘zbekistonning deyarli barcha mintaqalarida meva-sabzavot mahsulotlari pishib boshladi. Bilasiz, bizda qishloq-xo‘jaligi mahsulotlarining sezilarli qismi eksport qilinadi. Masalan, 2019 yilda O‘zbekistonning meva eksporti 1,2 mlrd, sabzavot eksporti esa 1,4 mlrd AQSh dollarini tashkil qilgan.
Afsuski, koronavirus pandemiyasi tufayli bu yil ba'zi qiyinchiliklarga duch kelyapmiz. Bular- tadbirkorlar, eksportyorlar, dehqonlarimizning bir hududdan ikkinchi hududga o‘tishlaridagi cheklovlar yoki bojxonaga oid hamda tabiiy ravishda yuzaga kelgan muammolar. Lekin tadbirkorlarimizni ko‘p yillardan beri qiynab kelayotgan boshqa bir muammo borki, bu fermer va hokimliklarga qo‘yilgan meva-sabzavot eksporti rejasi hisoblanadi.
Shu reja tufayli, tuman va viloyat hokimliklari yumshoq qilib aytganda bosim o‘tkazish orqali fermer, dehqon va eksportyorlarga mahsulotlarni o‘z tumanlaridan eksport qilishga majburlaydilar. Buni ochiq aytish kerak», – deydi Umarov.
Bu borada aynan qaysi hududlarda fermer, dehqon va tadbirkorlar faoliyatiga qarshiliklar bo‘lyapti, mazmunidagi savolimizga uyushma raisi «Masalan, Surxondaryo viloyati Angor tumanida», – deya javob berdi. Uning qo‘shimcha qilishicha, bunday holatlar faqat Surxondaryoda emas, boshqa hududlarda ham ko‘p uchraydi.
«Deylik, vodiy viloyatidan bo‘lgan tadbirkorlar Surxondaryoga borib karam sotib olmoqchi bo‘lsa, hokimlik unga to‘sqinlik qilmoqda. Ular tadbirkordan o‘sha tumanning o‘zidan firma ochishni va mahsulotni ham o‘sha firma orqali, tuman hisobidan eksportga olib chiqishni talab qiladi.
Yaqinda bir hunuk voqea bo‘ldi. Rossiya fuqarosi bo‘lgan tadbirkor O‘zbekistondan mahsulot olib chiqib ketish uchun kelganida tuman Ichki ishlar bo‘limi xodimlari uning hujjatlarini olib qo‘yib, viloyatdan chiqib ketishini talab qilishgan.
Yana bir holatda ko‘katlar qayta ishlanayotgan va eksportga tayyorlanayotgan joyga ichki ishlar xodimlari kelib yuk mashinalarining hujjatlarini olib qo‘yishgan», – deydi u.
Umarovning aytishicha, eksport uchun davlat tomonidan reja belgilash va joylarda tadbirkorlarning uni bajarishga majburlanishi ortidan boshqa katta muammolar ham kelib chiqmoqda.
«Birinchidan, fermerlar rejani bajarish uchun korrupsiyaga ham qo‘l urishmoqda. Ya'ni u rejani to‘ldirish uchun qo‘shni tadbirkorga pul to‘lab mahsulot sotib oladi.
Ikkinchidan, tadbirkor rejani bajarish uchun uni sotish narxini oluvchi bilan kelishgan holda qimmat narxda ko‘rsatmoqda. Oqibatda esa millionlab dollar miqdorida debitorlik qarzlari yuzaga kelyapti. Masalan, hozirgi vaqtda 450 mln dollardan ortiq debitorlik qarzimiz mavjud. Yani chetga mahsulot chiqqan, lekin uning pullari qaytmagan.
Tasavvur qiling, mahsulot 1 dollar, fermer o‘zining eksport rejasini bajarish uchun (hokimlik topshirig‘i bilan) hujjatda 10 dollar deb ko‘rsatadi. Ayrim hisobotlarda bir dollarlik mahsulot hatto 30 dollar deb ko‘rsatilgan holatlar ham bor.
Ko‘rsatilgan pul kelmaganidan keyin fermerga jarimalar yozilaveradi. Ikki holatda ham fermer jabr ko‘rmoqda. Endi u debitor qarzdorlik mablag‘lari kelib tushmasidan oldin yana mahsulot eksport qilish huquqidan mahrum bo‘ladi.
Uchinchidan, mahsulotlar narxining sun'iy oshirilishi natijasida Rossiya va boshqa importyor mamlakat bojxonachilarining kompyuter tizimidagi narx bazasida milliy mahsulotlarimizning narxi 1 emas 5 dollarga ko‘tarilib qolgan. Endi nima bo‘ladi?
Deylik, birinchi tadbirkor biror bir mahsulotni sun'iy oshirilgan narxda (10 dollar) Rossiya Federatsiyasiga olib bordi va mahsulot o‘sha davlat bojxona bazasiga o‘sha narxda kirdi.
Shunday holatda ikkinchi tadbirkor mahsulotni o‘z narxida, ya'ni 1 dollardan Rossiyaga olib kirsa, endi bojxonachilar 10 foizlik QQSni 10 dollardan hisoblashga o‘tishadi. Buning oqibatida mahsulotlar tan narxining oshishi yuzaga keladi», – deydi Eksportchilar uyushmasi rahbari.
Muxtor Umarov suhbat davomida hukumat eksport rejasi bo‘yicha o‘z yo‘nalishini o‘zgartirishi kerakligi va bu o‘zgarishlar nimalardan iborat bo‘lishi borasida o‘z tavsiyalarini bildirdi. Suhbatni to‘liq shaklda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.
Mavzuga oid
13:52 / 21.12.2024
O‘zbekiston eksportida xususiy sektor ulushi 60 foizga yetkaziladi
12:56 / 19.12.2024
AQSh O‘zbekiston za’faroni eksporti uchun berilgan ruxsatnoma muddatini uzaytirdi
20:50 / 17.12.2024
O‘zbekistonning 18 tonna zararli pomidori Rossiya bozoriga kiritilmadi
18:11 / 12.12.2024