O‘zbekiston | 22:14 / 06.05.2020
85392
3 daqiqa o‘qiladi

«Qizil» hududlarda qaysi faoliyat turlariga ruxsat berilishi ma'lum qilindi

Respublika maxsus komissiyasining 6 maydagi yig‘ilishi bayoniga muvofiq, koronavirus tarqalishi holatining hududlar kesimidagi tahlilidan kelib chiqib, karantin cheklovlari joriy yil  8 maydan boshlab uchta toifaga kiruvchi hududlarga ajratilib, bosqichma-bosqich bekor qilib boriladi.

Birinchi – «qizil» toifadagi hudud – so‘nggi 14 kun ichida koronavirus infeksiyasiga chalingan shaxslar aniqlangan hududlar - Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Namangan, Farg‘ona, Samarqand, Toshkent, Buxoro va Sirdaryo viloyatlari. Bunda «qizil» hududda mavjud karantin cheklovlari saqlab qolinadi hamda vaziyatga qarab qayta ko‘rib chiqiladi.

«Qizil» hududlarda quyidagi faoliyat turlariga ruxsat beriladi:

  • oziq-ovqat savdo do‘konlari, nooziq-ovqat mahsulotlari ulgurji savdo do‘konlari, qurilish materiallari bozorlari, tikuvchilik va bichuvchilik sexlari, tijorat banklarining obektlardagi shoxobchalari (kassalari), kimyoviy tozalash, notarial idoralar, advokatura va sug‘urta tashkilotlari, poyabzal ta'mirlash ustaxonalari, chorvachilik, terini qayta ishlash korxonalari, tezkor ovqat tayyorlash nuqtalari (yetkazib berish va olib ketish uchun), tibbiyot muassasalari faoliyati;
  • qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yig‘ish, joylarga yetkazish va sotish, urug‘ va ko‘chat yetishtirish hamda ularni sotish, avtomobillarga ehtiyot qismlar sotish, hunarmand va ustalar, ular tomonidan yasalgan buyumlarni bozor rastalaridan tashqari alohida joylashgan joyda (do‘kon) sotish;
  • obektlarda qurilish, rekonstruksiya qilish va ta'mirlash ishlarini amalga oshirish, yakka tartibdagi qurilish va ta'mirlash ishlari, yetkazib berish xizmati;
  • ko‘p qavatli uylarning bevosita oldida va ichki hovli hududlarida ijtimoiy masofani saqlagan va niqob taqqan holda sayr qilish.

Shuningdek, barcha toifadagi hududlar uchun quyidagi majburiy talablar saqlab qolinadi:

  • ijtimoiy masofani (2 metr)ni saqlash, fuqarolarning tibbiy niqobdan hamda antiseptik vositalardan foydalanishi;
  • ta'lim tashkilotlari, o‘quv kurslari, ko‘ngilochar obektlar, buyum bozorlari faoliyati va jamoat transporti harakatini yo‘lga qo‘ymaslik;
  • barcha turdagi ommaviy tadbirlar, oilaviy tantana, to‘y, ma'raka
  • va marosimlarni (dafn marosimlari 10-15 kishidan ko‘p bo‘lmagan hollar bundan mustasno) o‘tkazmaslik;
  • dehqon bozorlari va oziq-ovqat savdo nuqtalarini pirometrlar va antiseptik vositalar bilan jihozlash, har bir fuqaroning tana haroratini o‘lchab, 37°S va undan yuqori bo‘lgan holatda, ushbu majmualarga kiritmaslik;
  • barcha tashkilotlar kirish-chiqish joylarini pirometrlar va antiseptik vositalar bilan ta'minlash hamda xodimlar tomonidan ijtimoiy masofani saqlagan holda faoliyat yuritishini ta'minlash;
  • qurilish-ta'mirlash ishlarida obektlar hududini to‘liq karantinga olish va ularda sanitariya-gigiyena tadbirlarini amalga oshirib borish.

«Qizil» toifaga kiruvchi hududlarda karantin cheklovlari talablarini bajarmaslik tegishli javobgarlikka sabab bo‘ladi. 

Mavzuga oid