O‘zbekiston | 20:52 / 11.05.2020
47385
3 daqiqa o‘qiladi

Dehli, Dubay va yana 2 shahardan 800dan ortiq O‘zbekiston fuqarosi olib kelindi

8-10 may kunlari Dubay, Minsk, Seul va Dehli shaharlaridan 800dan ortiq vatandosh charter reyslar orqali O‘zbekistonga olib kelindi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati

Tashqi ishlar vazirligi xabariga ko‘ra, 11 may kuni Germaniyaning Frankfurt shahridan charter reys orqali 168 nafar vatandosh qaytarilishi kutilmoqda.

«Respublika maxsus komissiyasi tomonidan hamyurtlarimizni boshqa davlatlardan vatanga qaytarish uchun aviareyslar tashkil etish bo‘yicha ish olib borilmoqda», – deyiladi xabarda.

Kun.uz 1 may kuni Birlashgan Arab Amirliklarida qiyin ahvolda qolgan o‘zbekistonliklar, 3 mayda esa davolanish uchun Hindistonga borib ortga qayta olmayotgan vatandoshlar haqida maqolalar e'lon qilgan edi.

Hindistondagi o‘zbeklar masalasiga Oliy Majlis Senati e'tibor qaratdi va ularni qaytarish uchun charter reys tashkil etishni so‘rab, mutasaddi tashkilotlarga xat bilan chiqdi.

O‘zbekiston 30 martdan boshlab barcha aviaqatnovlarni to‘xtatgach, xorijda qolib ketgan fuqarolarni qaytarish uchun jami nechta charter reyslar tashkil etilgani va ularda necha kishi vatanga olib kelingani haqida ochiq manbalarda ma'lumot yo‘q.

Shunisi ma'lumki, xorijda qolib ketgan vatandoshlarning 11 mingga yaqini ancha qiyin ahvolda qolgan. Bu haqda 7 may kungi videoselektorda aytib o‘tgan prezident Shavkat Mirziyoyev ularni qaytarish choralari ko‘rilishini ta'kidlagan edi.

Olib kelinganlar Maxsus komissiya talablariga muvofiq kamida 14 kunlik karantinga joylashtiriladi.

Mavzuga oid